Joriy yilda Tuyamoʻyin suv ombori zaxirasi bir yarim barobarga koʻpaydi
Foto: Xalq so‘zi
Nisbatan murakkab tabiiy-iqlim sharoitiga ega Qoraqalpogʻistonning olis hududlarigacha suv yetkazish masalasiga alohida eʼtibor qaratilayotgani yaxshi maʼlum. Binobarin, Prezidentimizning Oliy Majlisga va xalqimizga yoʻllagan Murojaatnomasida ekologiya, ayniqsa, suv masalalari global muammoga aylanib borayotgani, biz nafaqat bugunni, balki kelajak avlodlarni ham oʻylashimiz shartligini taʼkidladi. Mamlakatimiz soʻnggi uch yilda qurgʻoqchilikni boshdan kechirgani, buning taʼsiri, ayniqsa, Amudaryoning quyi havzasidagi hududlarda yaqqol sezilganini qayd etib, qator vazifalarni belgilab berdi.
Ayni vazifalar ijrosini taʼminlash maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligi tomonidan Orolboʻyining eng chekka hududlarida ushbu resurs taʼminotini yaxshilash chora-tadbirlari izchil olib borilmoqda.
Shu bilan birga Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi Raisi A. Orinbayev boshchiligida har haftaning payshanba kuni oʻtkaziladigan yigʻilishda aynan hududlarga suv yetkazish masalasi tegishli soha mutasaddilari bilan muhokama qilinib, mavjud muammolar bosqichma-bosqich bartaraf etilayotir.
Shu kunlarda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligi va tizimdagi barcha tashkilotlarning bor kuch va imkoniyatlari hududlarga suv yetkazish va shoʻr yuvish tadbirini uyushqoqlik bilan yakunlashga safarbar etilgan. Tuman hokimliklarining masʼul xodimlari, mahalla raislari va faollari, keng jamoatchilik vakillari ham hududlarga obi hayot yetkazishdek ezgu ishda suvchilarimizga koʻmakdosh boʻlyapti.
Taʼkidlash joizki, oxirgi uch yilni tahlil qilganda joriy yilda Amudaryo havzasida suv miqdori yuqori boʻlayotganini koʻrish mumkin.
Tuyamoʻyin suv omborida bugungi kunda 4 mlrd. 200 mln. metr kub suv zaxirasi mavjud. Bu koʻrsatkich keyingi yillarga nisbatan (bir yarim) 1,5 baroborga koʻp deganidir. Tuyamoʻyin suv omboriga hozirgi kunda kelib turgan suv miqdori sekundiga 650 metr kubni tashkil qilmoqda.
Maʼlumki, Amudaryo Qoraqalpogʻiston Respublikasining yagona suv manbai hisoblanadi. Unda suv moʻl boʻlsa, suv xoʻjaligi tashkilotlari ham barcha hududlarga shoʻr yuvish va sugʻorish mavsumida uzluksiz suv yetkazish imkoniga ega boʻladilar. Masalan, oʻtgan yili va 2020-2021-yillarda hatto shoʻr yuvish davrida ham suvning kamligi hisobiga sugʻorish kanallari orqali tumanlarga navbat-navbat bilan suv taqsimlab berildi. Joriy yilda suv miqdori yetarli boʻlgani bois Toʻrtkoʻldan Moʻynoqqacha boʻlgan barcha hududlarga bir vaqtning oʻzida suv yetkazilmoqda. Eʼtiborlisi, oʻtgan yilda aprel oyigacha ham shoʻr yuvish tadbirini yakunlay olmagan Shumanay tumanidagi «Doʻstlik bayrogʻi», «Diyxanabad», Qoraoʻzak tumanidagi «Quralpa» va Taxtakoʻpirdagi «Marjankoʻl» kabi eng ogʻir hududlarda bu gal sugʻorish ishlarida hech bir muammoga duch kelingani yoʻq.
Bugun Nukus shahridan oqib oʻtuvchi «Doʻstlik», «Anasay» kanallarida suvning toʻlib oqayotganiga guvoh boʻlayotgan yoshi ulugʻlar buni joriy yilda suv taqchilligi kuzatilmasligi hamda xalqimiz dasturxoni yanada toʻkin boʻlishiga bir ishora, deya ezgu niyatlar qilmoqdalar.
Gʻ. OTAJONOV, «Xalq soʻzi».
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Tinchlik sulhi shartlari bajarilmoqda: Gʻazo 3 nafar, Isroil 90 nafar mahbusni vataniga qaytardi
- Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirishga oid muhim qarorni imzoladi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Oʻzbekistonda 2025-yil 1-apreldan elektr energiyasi va gaz narxlari oshiriladi
- Harbiy xizmatni oʻtash bilan bogʻliq tartiblar yangilanadi
- Voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasi tizimi takomillashtirilmoqda
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring