Jizzaxda soxta bankirga ishongan ayol 20 mln soʻmga chuv tushdi

10:05 07 Sentyabr 2024 Jamiyat
245 0

Foto: “Xalq soʻzi” / Muhsin Umurzoqov

Jizzaxda oʻzganing nomiga 20 million soʻm onlayn kredit rasmiylashtirgan shaxs ushlandi. Bu haqda Kiberxavfsizlik markazi xabar berdi.

Maʼlum qilinishicha, Jizzax viloyatida yashovchi M.S. (ayol) ichki ishlar organlariga murojaat qilib, bank kartasidan 20 mln soʻm miqdoridagi pul mablagʻlari nomaʼlum shaxs tomonidan oʻzlashtirilganligini maʼlum qilgan.

Oʻtkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida, mazkur jinoyatni Jizzax viloyatida yashovchi R.A. sodir etgani aniqlangan.

Manbaga koʻra, gumonlanuvchi R.A., jabrlanuvchi ayol M.S.ga qoʻngʻiroq qilgan va oʻzini bank operatori sifatida tanishtirgan va soxta havola yuborish orqali shaxsiy maʼlumotlarini qoʻlga kiritgan. Uning nomidan mobil ilova yordamida roʻyxatdan oʻtib, 20 mln soʻm onlayn kredit rasmiylashtirgan va oʻsha vaqtning oʻzida pullarni oʻzining foydalanuvida boʻlgan bank plastik kartasiga oʻtkazib olgan.

Mazkur holat yuzasidan R.A.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 169-moddasi (oʻgʻirlik) 3-qismi “b” bandi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?