Janubiy sarhaddagi nufuzli universitet

19:31 29 Sentyabr 2023 Jamiyat
964 0

Foto: Akmal Muhammadov / “Xalq so‘zi”

1-oktyabr — Oʻqituvchi va murabbiylar kuni. Ushbu sana tobora yaqinlashib kelarkan, mamlakatimiz oliy taʼlim muassasalarida erishilgan yutuqlar bilan birga, kelgusi ustuvor rejalar ham yana bir bor tahlil qilinadi.

Mamlakatimizning janubiy sarhadlarida joylashgan Termiz davlat universiteti ham bundan mustasno emas. Mazkur nufuzli universitet oʻtgan davr mobaynida ulkan natijalarni qoʻlga kiritdi, deyishga barcha asoslarimiz mavjud. Eng muhimi, universitet jamoasi 1-oktyabr — Oʻqituvchi va murabbiylar kuni umumxalq bayramini tegishli sohalarda yaxshi natijalar bilan kutib olayotir.

Taʼkidlash joizki, bu dargohda keyingi 2-3 yil ichida 25 ta taʼlim yoʻnalishi, 17 ta magistratura mutaxassisligi faoliyati yoʻlga qoʻyildi. Ayniqsa, ustoz va murabbiylarga eʼtibor kuchaydi. Ularning bilim va tajribalaridan oqilona foydalanish, moddiy manfaatdorligini oshirish borasida yangi imkoniyatlar yaratildi. Yosh olimlarning ilmiy loyihalar ustida ish olib borishiga jiddiy eʼtibor qaratilmoqda.

Shu bois 2021 — 2023 oʻquv yillarida ilmiy darajaga ega mutaxxassislar salmogʻi ortib borib, fan doktori (DSc), professorlar soni 1,3-martaga, fan nomzodi (PhD), dotsentlar soni esa 1,5-martaga koʻpaydi. Birgina joriy yilning olti oyida 63 ta himoya oʻtgan boʻlsa, 10 nafar xodim ilmiy unvonga ega boʻldi. Doktorantura bitiruvchilarining oʻz vaqtida himoya qilish koʻrsatkichi 2,5 barobarga oshdi. Bular bejizga emas, albatta. Zero, Termiz davlat universiteti rektorati tomonidan taʼlim va fan integratsiyasini taʼminlash, ilmiy-tadqiqot ishlarini yanada mustahkamlash borasida amalga oshirlayotgan rejali ishlar oʻz samarasini bermoqda.

Yangi-yangi iqtidorlarni yuzaga chiqarish, ular ilgari surayotgan ilgʻor gʻoyalar, ilmiy loyihalarni qoʻllab-quvvatlash natijasida, fan va ishlab chiqarishga yuksak samara keltiruvchi ilmiy loyihalar, yangi darsliklar, oʻquv qoʻllanmalari, monografiyalar yuzaga keldi.

Universitet rektori Avazjon Marahimov intervyusi:

— Professor-oʻqituvchilarimizning “Scopus” va “Web of Science” bazalariga kirgan xalqaro ilmiy jurnallardagi maqolalari soni 2,5 yilda 4 barobarga koʻpaydi. — Nashrlarga xalqaro iqtiboslar soni esa 7,8 barobarga oshganini koʻramiz. Olib borilgan izchil islohotlar natijasida universitetimiz xalqaro “Times Higher Education Impact Rankings” agentligining reytingida (2022-yil yakunlariga koʻra) 8 ta koʻrsatkich boʻyicha 1001+ oʻrinda eʼtirof etildi. Universitetimiz faoliyati “Sifatli taʼlim”, “Sanoat, innovatsiyalar va infratuzilma”, “Iqlim harakati”, “Gender tengligi”, “Maqsadlar uchun hamkorlik” yoʻnalishlarida samarador deb baholandi.

Shuningdek, xorijiy oliy va ilmiy taʼlim muassasalarining malakali olim-mutaxassislarini ilm-fan va taʼlim jarayoniga jalb etish borasida ham yaxshi natijalar mavjud. Masalan, birgina keyingi ikki yilda 73 nafar xorijiy professor-oʻqituvchilar oʻquv-amaliyot ishlariga jalb qilinib, universitetning 110 nafardan ortiq professor-oʻqituvchilari xorijiy OTMda malaka oshirib, nufuzli xalqaro konferensiyalarda maʼruza qildi.

Eng asosiysi, Prezidentimiz tashabbusi bilan viloyatimizda yangi tashkil etilgan oliygohlar uchun 50 dan ortiq ilmiy darajali pedagogik kadrlar yetkazib berildi. Yoki soʻnggi 2,5 yilda 13,1 mlrd. soʻm qiymatga ega davlat granti va xalqaro loyihalar amalga oshirildi.

Termiz davlat universiteti professor-oʻqituvchilarining sifatli taʼlim jarayonlarini kengaytirish borasidagi samarali mehnatlari tufayli, Prezident stipendiyasi va nomdor stepindiantlar soni yil sayin koʻpaymoqda. Qolaversa, koʻplab iqtidorli talabalar xalqaro fan olimpiadalarida ham munosib ishtirok etmoqda.

Xususan, joriy yilning 23 — 28-aprel kunlari Turkmaniston Respublikasi Xalqaro gumanitar va taraqqiyot universitetida oʻtkazilgan Xalqaro matematika fan olimpiadasida talabalardan Sirojiddin Begʻamov kumush, Hojiakbar Aminov va Abdullo Roʻziyev bronza medallarini qoʻlga kiritishdi. Ellik nafarga yaqin talabalar esa respublika miqyosida oʻtkazilgan ilmiy tanlovlar sovrindori boʻldi. Xalqaro taʼlim maskanlari bilan talabalar almashinuvi dasturi doirasida esa 9 nafar talaba yetakchi xorijiy universitetlarga oʻqishga yuborildi.

Universitet talabalari oʻrtasida ommaviy sportni rivojlantirishga berilayotgani eʼtibor tufayli na faqat mamlakatimiz balki xorijiy dalatlardagi musoboqalarda ham yaxshi natijalar qayd etilmoqda. Qoʻlga kiritilgan 52 ta medalning 12 tasi oltin, 18 tasi kumush va 22 tasi bronza medallari ekanligini alohida sanab oʻtish joiz.

2022-yilning oktyabrida Buxoro viloyatida boʻlib oʻtgan Yosh ijrochilarning “Shashmaqom” respublika festivalida birinchi oʻrinni egallagan talaba Aloviddin Shermamatov hamda 2022-yil 13-noyabrda Toshkent shahrida boʻlib oʻtgan “Open Asia” xalqaro tanlovida ishtirok etib, 1-oʻringa sazovor boʻlgan Milliy libos va sanʼat fakulteti talabasi Yekaterina Bakumenkolar universitet faxriga aylandi.

Universitetda talabalar nazariy bilimlarini amaliyotga tadbiq etish, zamonaviy taʼlim texnologiyalaridan unumli foydalanish borasida ham yaxshi natijalar koʻzga tashlanadi. Ayniqsa, professor-oʻqituvchilar dars jarayonlarini mukammallashtirish, ilgʻor uslublar bilan boyitish, maʼruzalar sifatini oshirish, oʻquv jarayonida innovatsion texnologiyalarni qoʻllash uchun universitet infratuzilmasi yangi bosqichga koʻtarildi.

Jumladan, 311 turdagi 6,1 mlrd. soʻmlik jihozlar va uskunalar xarid qilinib, 6 ta taʼlim yoʻnalishlari uchun yangi laboratoriyalar tashkil etildi. Oʻn bitta taʼlim yoʻnalishlaridagi mavjud laboratoriyalar tubdan yangilandi.

Umuman olganda, universitetda amalga oshirilayotgan ishlar uning nufuzini oshirish, talabalarga sifatli taʼlim berish, pirovardida esa mamlakatimiz ravnaqi uchun xizmat qiladigan malakali kadrlar yetkazib berishda muhim ahamiyat kasb etadi.

                                   

Shodiyor MUTAHAROV

(“Xalq soʻzi).

Montaj va tasvirlar ustasi

Akmal Muhammadiyev (Xalq soʻzi).

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?