Zarafshon shahrida ingliz tili oʻquv markazi ochildi
Foto: "Xalq soʻzi"
Yangi yilning bayram shukuhi Navoiy viloyatining olis hududlarida ham bolalarga olam-olam quvonch baxsh etmoqda. Xususan, viloyatning Zarafshon shahrida “Prezident archasi” bayram tadbiri tashkil etilib, Qizilqum shimolidagi hududlar – Zarafshon shahri, Tomdi va Uchquduq tumanlaridagi oilaviy bolalar uylari tarbiyalanuvchilari, ota-ona qarovisiz qolgan oʻgʻil-qizlar va Vatanimiz tinchligi, sarhadlarimiz osoyishtaligi yoʻlida qurbon boʻlgan huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlarining farzandlariga “Prezident sovgʻasi” topshirildi. Bolalarni Zarafshon shahri hokimi Nazirbek Rahmanov, Tomdi tumani hokimi oʻrinbosari N. Beknazarov mamlakatimiz rahbari nomidan yangi yil bilan tabrikladi.
“Oltin vodiy” madaniyat markazida boʻlib oʻtgan ushbu tadbirda ishtirokchi bolalar uchun teatrlashtirilgan tomoshalar namoyish etildi.
Shu kuni shaharda “Thompson school“ IT maktabi va ingliz tili oʻquv markazining tantanali ochilish marosimi boʻlib oʻtdi.
Mazkur oʻquv markazida ming nafar yigit-qizga IT va dasturlash bepul oʻrgatiladi. Shu bilan bir qatorda ingliz tilidan ham tahsil berilib, bilimlarini oshirib borishiga imkoniyat yaratiladi.
Viloyatning yana bir olis hududi Gʻozgʻon shahrida esa taʼlim-tarbiya maskani yana bittaga koʻpaydi. Shaharning 4- maktabi oʻquvchilari va pedagoglar jamoasi quruvchilardan yangi maktab binosining ramziy kalitini qabul qilib oldilar.
Mazkur maktab shu kunga qadar shahardagi Shayxon mahallasida joylashgan 1-umumtaʼlim maktabining filiali boʻlib, unda 180 oʻquvchi taʼlim-tarbiya olishardi. Yangi binoda 184 nafar oʻquvchini bagʻriga olgan taʼlim muassasasida yoshlar bilim olishi bilan birga kasb-hunar egallashlari uchun ham barcha imkoniyat yaratilib, dargoh oʻquv yilining uchinchi choragini umumiy oʻrta taʼlim maktabi maqomi ostida boshlaydi.
Temur ESHBOYEV, “Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirishga oid muhim qarorni imzoladi
- Oʻzbekistonda 2025-yil 1-apreldan elektr energiyasi va gaz narxlari oshiriladi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Harbiy xizmatni oʻtash bilan bogʻliq tartiblar yangilanadi
- Voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasi tizimi takomillashtirilmoqda
- Namanganda 3 ta yirik institut bitta universitetga birlashtiriladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring