Yuz yildan beri rus vatandoshlarimizga oʻzbek tilini oʻrgata olmaymiz — Alisher Qodirov
“Rossiyada muhojirlarning farzandlari amalda rus tili va madaniyati muhitiga, imkoni boricha rus milliy qadriyatlariga toʻliq singib ketishiga erishish kerak”, dedi Rossiya Prezidenti V.Putin.
Oʻzbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi raisi Alisher Qodirov mazkur fikrga nisbatan oʻz mulohazalarini bildirdi.
«Bu rus milliy manfaatlari nuqtayi nazaridan hurmat qilinishi kerak boʻlgan, toʻgʻri fikr. Qayerda yashasang oʻsha yerga moslashasan. Yumshoqroq boʻlsang singib ham ketasan, albatta.
Biz esa yuz yildan beri rus vatandoshlarimizga oʻzbek tilini oʻrgata olmaymiz. Aksincha, oʻzbeklar farzandini rus tilida taʼlim olishga yoʻnaltirayotgani odatiylashib bormoqda. Toshkent shahrida oʻzbek tilida oʻqitilmaydigan maktablar soni koʻpayib ketdi. Achinarlisi, bunday maktablarning 90 foizdan koʻp oʻquvchilari oʻzbeklardir.
Bu qonunchilikdagi xato bilan bogʻliq masala.
Yangi tahrirda koʻrilayotgan «Davlat tili haqida»gi qonun loyihasining 18-moddasida “Oʻzbekistonda yashovchi shaxslar tarbiya va taʼlim olish tilini tanlash huquqiga egadirlar” deb belgilanmoqda.
Bu huquq amaldagi qonunda ham bor boʻlib, faqat taʼlim tiliga tegishli edi, endi tarbiya ham qoʻshilmoqda. Bu norma mohiyatan boshqa millat vakili boʻlgan vatandoshlarimizning ona tilida tarbiya koʻrish va taʼlim olish huquqini taʼminlashga qaratilgan edi. Buni qarangki, oʻzbek oilalari “farzandim rus tilini yaxshi bilsin” degan niyat bilan bogʻchadan yoki 1-sinfdan boshlab farzandi uchun tamoman begona boʻlgan tilni tanlashmoqda.
Fojia faqat bunda emas. Eʼtibor bering, bolalar 5-6 sinfgacha butun diqqatini rus tilini anglash uchun (!) sarflaydi. Tabiiy ravishda boshqa muhim fanlarni rus tilida tushunmagani uchun oʻzlashtira olmaydi. Bu vaqtga kelib ikkinchi shok boshlanadi: yuqori sinflarda aniq fanlarni rus tilida oʻqitadigan pedagoglar yoʻq hisobi. Endi bola matematika va fizikani oʻzbek tilida oʻqishga majbur boʻladi, lekin oʻzbek tilini tushunmaydi.
Bola shu ikkita shok bilan, rus tilini “sudrab”, milliy qadriyat, vatan, maʼnaviyat degan soʻzlarga nafrat bilan maktabni bitiradi.
Marhamat, oʻzbek yoshlaridan iborat ishchilar guruhi. Bu holatda ularning juda koʻpi uchun yagona yoʻl Rossiyada qora mehnat boʻlib qoladi.
Shu sababli “Milliy tiklanish” partiyasining fraksiyasi ushbu normani “Oʻzbekistonda yashovchi shaxslarga oʻz ona tilida tarbiya va taʼlim olish uchun sharoit yaratiladi” shaklida oʻzgartirishni tashabbus qilmoqda.
Eslataman, Konstitutsiyada Oʻzbekistondagi barcha millatlarning tillarini rivojlantirish uchun sharoit yaratishga vaʼda berilgan. Bu vaʼda oshigʻi bilan bajarilmoqda, bajarilishi ham kerak. Lekin, bagʻrikengligimiz oqibatida oʻzbeklarning yangi avlodi oʻzligini anglamaydigan, ona tilini bilmaydiganlardan iborat boʻlishiga yoʻl qoʻyib boʻlmaydi.
Oʻzbekning bolasi oʻzbek qadriyatlari bilan tarbiya koʻrsin, savodini oʻzbek tilida chiqarsin, 7-sinfdan boshlab istagan xorijiy tilni oʻrgansin, bu millat rivoji uchun zarur.
Boshqa millat vakillari boʻlgan vatandoshlar ham ona tillarida tarbiya koʻrsinlar, savod chiqarsinlar, lekin xorijiy tillar bilan bir qatorda, vatan tili sifatida oʻzbek tilini ham oʻrganishlari kerak», deb yozadi A.Qodirov.
Partiya rahbari oʻz mulohazalarini F.Dostoyevskiyning “Oʻzligiga begona insondan baxtsizroq yana kim boʻlishi mumkin?”, degan jumlasi bilan yakunlagan.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Sobiq bosh vazir uzoq muddatga qamaldi
- Tinchlik sulhi shartlari bajarilmoqda: Gʻazo 3 nafar, Isroil 90 nafar mahbusni vataniga qaytardi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirishga oid muhim qarorni imzoladi
- Turkiyada qalbaki alkogoldan yana 3 nafar oʻzbekistonlik hayotdan koʻz yumdi
- Oʻzbekistonda 2025-yil 1-apreldan elektr energiyasi va gaz narxlari oshiriladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring