Yuz bilan yuzlashgan inson
9-may — Xotira va Qadrlash kuni
Inson xotira bilan umrboqiy, qadr bilan ulugʻ va muhtaramdir. Oʻtganlarni, ularning xayrli ishlarini, jasoratini esga olish, xotirasiga hurmat koʻrsatish xalqimizga xos ezgu fazilatlardan.
Mamlakatimizda Ikkinchi jahon urushida mardlarcha halok boʻlgan, olovli janggohlardan omon qaytgan ota-bobolarimizga ehtirom koʻrsatib kelinmoqda. Bu, ayniqsa, har yili oʻzgacha ruhda oʻtadigan aziz bayram — Xotira va Qadrlash kunida yanada yorqin namoyon boʻladi.
Bayram arafasida Toshkent shahri Olmazor tumanida istiqomat qilayotgan 1941-1945-yillardagi urush qatnashchisi Abbos Appanovning holidan xabar olish istagida xonadoniga yoʻqlab bordik. Bizni uyda otaxonning ikki oʻgʻil nabirasi kutib oldi. Uning yoniga boshlab borisharkan xushxabardan boxabar qilishdi: “Bugun bobomiz 100 yoshga kirdi!”
Ha, bu chindanda unutilmas voqelik. Axir bu yoshga yetganlar bor, yetmaganlar bor. Umri davomida urush va qanchadan-qancha mashaqqatli damlarni boshidan kechirib, bugungi dorilomon kunlarga yetgan, muzaffarlik bayrogʻini koʻtarib, yuz dovondan oshgan Abbos boboni charchatib qoʻymaylik, koʻp gapga solmaylik, bir koʻrsak bas, dedik. Ammo gazetadan kelganimizni bilgach, bir-ikki ogʻiz boʻlsada gapirishni istadi.
— Urushning bir daqiqasi ham biz uchun yillarga tengday tuyulardi, — dedi u. — Har tomondan oʻq yogʻiladi, qayerdadir bomba portlaydi, boshimiz gangib oʻzimizga kelgach, qaysidir doʻstimizni yoʻqotganimizni anglaymiz. Urush koʻpchilik yaqinlarimizdan ayirdi, gulday chogʻlarimiz otashlarga sovurildi. Shunday boʻlishiga qaramay, chekinmadik, ortimizda qolgan oilamiz, bola-chaqamizni oʻylab, qayta va qayta jangga kiraverdik. Ming shukr, bugun yurtimiz tinch, hayotimiz farovon, bolalar, nabira-yu evaralar ardogʻida, mehr-muhabbat quchogʻida yayrab oʻtiribmiz.
Suhbat davomida uning yuziga nazar solar ekanmiz, unda urush yillarini esga olganida zohir boʻladigan mahzunlik va nadomatni sezdik. Abbos bobo 1942-yil, hayotining eng gullagan davri — 18 yoshida urushga chaqiriladi. Sheryurak yigit bir dam ham hayiqmaydi, fikridan qaytmaydi, harbiy tayyorgarlik va mashqlardan soʻng yaqinlaridan duo olib, non tishlab janggoh sari yoʻl oladi. Ehtimol, oʻshanda uni bunday jasoratga yetaklagan kuch — yaqinlari, oilasi, Vatani oldidagi masʼuliyat, ishonch hissi boʻlgandir…
Abbos bobo Smolensk shahridan to Berlinni ishgʻol qilishgacha boʻlgan shiddatli va ayovsiz janglarda qatnashadi. Bir lahza ham yogʻiylardan qoʻrqmay, gʻoliblik sari intiladi. Nihoyat urush tugagach, oradan 4-yil oʻtib, 1946-yilning iyun oyida Vatanimizga, oilasi bagʻriga eson-omon qaytadi. Otaxon urushdan qaytgach ham tin olmaydi, dunyoda tinchlik va barqarorlik boʻlishi uchun kelajak avlodni yaxshi tarbiyalash lozimligini teran mushohada etadi. Shu bois, oʻz mahallasidagi 139-umumtaʼlim maktabida faoliyat boshlaydi. Bolalarga nemis va ingliz tili fanlaridan saboq beradi, shuningdek, ularni oʻz hayoti misolida urush dahshatlaridan ogohlantirib, hamisha tinchlikning qadriga yetib yashashga chaqiradi. Faoliyati mobaynida turli maktablarda oʻqituvchi, maktab direktori oʻrinbosari boʻlib ishlaydi, shogirdlar tarbiyalaydi, hatto nemis tili darsligini ham yozadi. Qisqacha aytganda, Abbos bobo urushdan keyingi umrini taʼlim sohasi va yaxshi kadrlar yetishtirishga bagʻishlaydi.
Uning Vatan osoyishtaligi yoʻlidagi xizmati va fidokorona mehnatlari munosib baholangan — orden va medallar bilan taqdirlangan.
Abbos bobo oʻz farzandlari, nabiralarining ham ilmli, el-u yurt xizmatiga kamarbasta insonlar boʻlishini istaydi, bolaligidan ularning qalbida kitobga, oʻqishga, ilmga muhabbat uygʻotadi. Shuning uchun ham 7 nafar farzandi ota yoʻlini tanladi, yaʼni taʼlim sohasida faoliyat yuritdi. Ularning barchasi hozir pensiyada, bolalari rohatini koʻrib umrguzaronlik qilmoqda. Uni haqiqatda eng baxtiyor insonlardan, desak, mubolagʻa emas. Chunki u hozirda 21 nafar nabira, 55 nafar evara va 7 nafar chevaraning mehribon bobosi.
…Suhbatimiz yakunlanib qaytishga chogʻlanganimizda otaxon duo qildi, yurtimizga tinchlik, farovonlik tilarkan mijjasida yosh qalqdi. Bu holdan biz ham taʼsirlandik, unga uzoq umr, sogʻliq-omonlik tiladik.
Darhaqiqat, Abbos bobo kabi olovli urush dahshatlarini boshdan kechirgan odamlar osoyishtalikni yurakdan his qiladi, uning naqadar muhimligini teran anglashadi. Afsuski, hozirga paytda Vatani, oilasi, oʻzligini himoya qilish uchun ikkilanmasdan jonini garovga qoʻyib janggohlarga otlangan mana shunday hamyurtlarimiz safi tobora kamayib bormoqda. Ammo yoshligining navqiron chogʻlarini urush olovlari ichra kechirgan, bugungi tinch hamda osoyishta hayot uchun kurashgan jasur va qahramon insonlar yodi va jasorati hech qachon unutilmaydi.
Rahmatjon BOBOJONOV, “Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- 21-oktyabr – Oʻzbek tili bayrami kuni
- Oʻz xalqini Siz kabi chin dildan sevadigan davlat rahbarini uchratmadim – “ACWA Power” kompaniyasi boshqaruvi raisi Muhammad Abunayyan
- Oʻzbekiston tasviriy sanʼat galereyasida Samarqand maktabining yangi nafasi
- Imtiyozli shartlarda pensiyaga chiqish huquqini beruvchi roʻyxatni tuzish tartibi belgilandi
- Ish bilan bogʻliq baxtsiz hodisalar va kasbga oid kasalliklar haqidagi maʼlumotlarning yaxlit tizimi yoʻqligi koʻrsatib oʻtildi
- Lamin Yamal “Barselona”ni tark etishi mumkin
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring