Yozyovonlik baliqchilar ibrati

13:42 22 Yanvar 2025 Jamiyat
141 0

Botir MADIYOROV/“Xalq soʻzi”. Markaziy Fargʻona hududida joylashgan Yozyovon tumani tabiiy oʻrmonlari, choʻllari, bepoyon kengliklar boʻylab yastanib yotgan qum barxanlari, sersuv soylari bilan mashhur. Tabiiy iqlim sharoiti bilan bogʻliq bunday qulayliklar keyingi yillarda tumanda turizmni rivojlantirishda beqiyos hissasini qoʻshmoqda.

Ayni jarayonda baliqchilik tarmogʻi ham jadal rivojlanib, u gastronomik, ekoturizm rivojida muhim omil boʻlish bilan birga, tuman iqtisodiyoti drayverlaridan biriga aylanmoqda. Bugungi kunda Yozyovon tumanidagi 84 ta baliqchilik fermer xoʻjaliklariga 1800 gektar maydon biriktirilgan.

Baliqchilik fermer xoʻjaliklari borasida Yozyovon tumani Fargʻona viloyatida peshqadam hisoblanadi. Yozyovon tumani veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish boʻlimi mutasaddilari bergan maʼlumotga koʻra, oʻtgan yili fermer xoʻjaliklari tomonidan 2793 tonna baliq ovlandi. Bu yil ushbu koʻrsatkichni sezilarli darajada oshirish koʻzda tutilgan.

— Xoʻjaligimiz tasarrufida 65 gektar baliq koʻli bor, — deydi “Katta tosh baliqlari” fermer xoʻjaligi rahbari Fayzullo Imomov. — Shundan 3 gektari intensiv baliq koʻli. Oddiy usulda gektariga 35-40 sentner hosil olinsa, intensiv koʻlda hosildorlik gektariga 65-70 sentnerni tashkil etadi. Shu bois bosqichma-bosqich suv havzalarini toʻliq intensiv koʻlga aylantirishni maqsad qilganmiz. Bu borada ilm-fan yutuqlari, dunyo tajribasidan samarali foydalanilyapti.

Shu kunlarda baliq ovlashga kirishilib, Fargʻona vodiysi, Toshkent shahri va Toshkent viloyatidan kelgan xaridorlarga ulgurji narxda yetkazib berilmoqda. Aytish joiz, fermer xoʻjaligi qoshida chavoq ishlab chiqarish, omixta yem tayyorlash ham yoʻlga qoʻyilgan. Bu baliq tayyorlash jarayonida narxni arzon boʻlishi va daromad salmogʻi yanada oshishini taʼminlayapti.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер