Yozda qishning tashvishi

17:36 05 Avgust 2022 Jamiyat
767 0

Foto: Xalq so‘zi

Yoz jaziramasining ham shashti qaytdi. Endi kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik uchun issiq-iliq kunlarning har bir daqiqasi gʻanimat. Ayniqsa, kommunal tizim tarmoqlarida barcha nosozliklarni aniqlash va bartaraf etish oldinda turgan mavsumni betashvish oʻtkazish garovi sanaladi.

Shu maqsadda «Hududgaz Navoiy» gaz taʼminoti filiali tomonidan ham mavsumga tayyorgarlik ishlari aniqlangan kamchiliklar hamda belgilangan dasturlar asosida tuzilgan reja-grafik boʻyicha olib borilmoqda. Unga koʻra, 2022-yilda gaz tarmoqlarini mukammal taʼmirlash va rekonstruksiya qilish roʻyxati shakllantirilib, Navoiy shahrida “Yoshlik”, “Binokor”, Karmana tumanida “Yangi ariq” va “Azamat”, Navbahorda esa “Yangi hayot”, Xatirchi tumanining “Chechak ota” mahallalarida amalga oshiriladigan mazkur tadbirlar natijasida 2 yarim mingga yaqin xonadonning tabiiy gaz taʼminoti yaxshilanadi

.

— Ayni kungacha mavsumga tayyorgarlik doirasida viloyat boʻyicha jami 2,9 km gaz quvurlari mukammal taʼmirlandi, — deydi «Hududgaz Navoiy» gaz taʼminoti filiali boʻlim boshligʻi Asqar Nabiyev. — Shuningdek, Karmana tumanida 1,1 km, Navoiy shahrida 3 km va Xatirchida 1,3 km, jami 5,4 km tarmoqlar rekonstruksiya qilindi.

Gaz taʼminotining isteʼmolchilarga bir meʼyorda va xavfsiz yetkazilishida gaz taqsimlash qurilmalarining soz holda boʻlishi ham muhim ahamiyatga ega. Mavsum boshidan Qiziltepa tumanining “Malikobod”, “Madaniyat”, Navbahorning “Burqut”, “Yangi hayot”, «Hashman», Nurotaning Amir Temur nomidagi va Xatirchining “Xoʻjaqoʻrgʻon”, “Zarafshon” mahallalari aholisini tabiiy gaz bilan taʼminlovchi jami 8 ta qurilma kapital taʼmirlanib, mavsumga shay holga keltirildi. Yaʼni bu yoʻnalishda belgilangan reja toʻliq bajarildi.

Shuningdek, mavsumga tayyorgarlik jarayonida 1406 dona gaz taqsimlash qurilmalari taftish qilindi. 59,1 km gaz quvurlari bosim ostida zichlikka sinalib, havo bosimi yordamida tozalandi.122,3 km quvurlar pribor usuli bilan tekshirildi. Gaz tarmoqlarining 317,9 kilometri esa estetik jihatdan tartibga keltirildi.

XAVOTIRGA OʻRIN YOʻQ

 

Tabiiy gaz taʼminotida xavfsizlik va tejamkorlik ham barqarorlikning muhim omillaridan biri hisoblanadi. Sohada raqamli iqtisodiyot joriy etilib, taʼminotning ikki bosqichli tizimga oʻtkazilishi bu borada yuzaga keladigan muammolarga yechim boʻlmoqda.

Shu kunga qadar viloyatda “aqlli” hisoblagichlar toʻliq oʻrnatilgan hududlardagi 1007 ta gaz taqsimlash qurilmasi demontaj qilinib, 42869 xonadon gaz taʼminotida uch bosqichlidan ikki bosqichli tizimga oʻtkazildi. — Gaz taʼminoti ikki bosqichli tizimga oʻtgan mahallalarda tabiiy gaz bosimi yilning har qanday faslida bir meʼyorda boʻladi, — deydi filial boʻlim boshligʻi Mahmud Jumayev. — Chunki gaz bosimi hududlardagi gaz maromlash punktlari orqali nazorat qilinmaydi. Bu vazifani zamonaviy hisoblagichlarga oʻrnatilgan regulyator (maromlash qurilmasi) bajaradi.

Taʼkidlash joiz, viloyatimizda tadbir boshidan buyon gaz hisoblash uskunalariga 70 024 ta ana shunday qurilma oʻrnatildi. Tuman va shaharlarda bosqichma-bosqich gaz taqsimlash qurilmalarini demontaji davom ettirilib, yana 1182 ta qurilma yangi tizimga oʻtkaziladi. Natijada turli yoʻqotishlarning oldini olish bilan birga sohada ish samaradorligi va unumdorligini oshib, aholini bir maromda tabiiy gaz bilan taʼminlashga erishiladi.

—  Ilgari gaz juda koʻp “oʻynar” edi, — deydi Qiziltepa tumanining “Oqrabot” mahallasida istiqomat qiluvchi Nargiza Ismoilova. — Oʻchib qolmasmikin, deb tong ottirardik. Koʻz tegmasin, ikki yildan beri qishin-yozin gaz bir maromda kelib turibdi.

Ayni kunlarda viloyatning 115 769 isteʼmolchisi bilan foydalanilgan tabiiy gaz boʻyicha zamonaviy hisoblagich hisob-kitob qiladi. “Aqlli” uskunalar tabiiy gaz foydalanuvchilaridagi qarzdorlikni qisqartirish va uni bartaraf etishda ham qoʻl kelmoqda. Misol uchun, joriy yilning oʻtgan choraklari davomida “aqlli” hisobdon foydalanuvchilariga 76 milliard soʻmdan ortiq qarzdorlik uchun 318 864 ta ogohlantirish SMSlari yuborilib, 282 276 nafar isteʼmolchi bilan “ora ochildi”. Ogohlantirishlarga qaramay, belgilangan muddatda mavjud qarzdorlikni bartaraf etmagan 36 588 nafar isteʼmolchining taʼminoti (qarzdorlik 8 milliard 370 million soʻm) esa tarmoqdan avtomatik ravishda toʻxtatildi.

 

MAHALLA OBODLIGI GAZ TAʼMINOTIGA HAM BOGʻLIQ

Navoiy viloyatida tabiiy gaz bilan taʼminotini yaxshilashda ijtimoy dasturlar, xususan, “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari doirasidagi tadbirlar ham qoʻl kelmoqda. Mazkur dasturlar doirasida joriy yil viloyatdagi 22 ta mahalla va qishloqda tabiiy va suyultirilgan gaz yetkazib berishdagi mavjud muammolarni bartaraf etish koʻzda tutilgan.

— Tabiiy gaz taʼminoti tizimini yanada yaxshilash maqsadida 11 ta mahalla hamda qishloqda 24,5 km gaz tarmoqlarini, 41 dona gaz taqsimlash qurilmalarini joriy taʼmirlash va dastur doirasidagi rejani belgilangan muddatda yakuniga yetkazish yoʻlida aniq grafigi ishlab chiqilgan, — deydi filial masʼul xodimi Burxon Gʻaniyev — Shu kunga qadar viloyat boʻyicha jami 18,1 km gaz tarmoqlari, shuningdek, 37 dona gaz taqsimlash qurilmasi joriy taʼmirlandi. Jumladan Navoiy shahrida ushbu dastur doirasida belgilangan ishlar toʻliq yakuniga yetkazildi. Yaʼni, “Yangiobod” va “Zarafshon” mahallalarida jami 1,1 km gaz tarmoqlari va ushbu mahallalardagi 2 dona gaz taqsimlash qurilmasi joriy taʼmirlandi. Shuningdek, Zarafshon shahrining “Yulduz” va “Navroʻz” mahallalarida 2,4 km, Gʻozgʻon shahrining «Shayxon» va “Guliston” mahallalarida 0,7 km, Karmana tumani “Malik” mahallasining “Uzumzor” va “Gulshan” qishloqlarida 4,8 km, Konimexning “Yuksalish” mahallasi “Yangiqishloq” hududida 2,8 km, Qiziltepaning «Boʻlakrabot» hududida 4,5 km hamda Xatirchining Alisher Navoiy nomidagi mahallasida 1,8 km gaz tarmoqlari joriy taʼmirlandi.

OLIS OVULLARDA

Bugun Navoiyda aholining 37 foizi suyultirilgan gaz bilan taʼminlanadi. Yaʼni 101 293ta isteʼmolchiga yoqilgʻi maishiy ballon hamda quvurlar orqali suyuq gaz yetkazib berilmoqda. Mazkur yoʻnalishda raqamlashtirish tadbirlari amalga oshirilib, isteʼmolchilarga taʼminot xaridi uchun ID-karta ham taqdim qilingan. Shu asosda isteʼmolchilarga oʻtgan olti oy davomida 6 904 tonna suyultirilgan gaz yetkazib berildi.

— Suyultirilgan gaz taʼminotini yanada yaxshilash maqsadida “Obod mahalla” va “Obod qishloq” dasturlariga kiritilgan mahallalarga qoʻshimcha maishiy gaz ballonlar yetkazilmoqda, — deydi filialning suyultirilgan gaz taʼminoti boʻyicha masʼul xodimi Ulugʻbek Nurimov. — Shuningdek, aholining taʼminotga boʻlgan ehtiyoji inobatga olingan holda kuz-qish mavsumida viloyat aholisiga yetkaziladigan suyultirilgan gaz rejasi ishlab chiqilgan.Unga koʻra, isteʼmolchilarga 2022-yilning toʻrtinchi choragi davomida jami 3627 tonna 300 kg, 2023-yilning birinchi choragi davomida ham 3627 tonna 300 kg, jami 7254 tonna 600 kg suyultirilgan gaz yetkazish rejalashtirilgan. Mazkur fond har bir tuman va shahargaz gaz taʼminoti boʻlimlariga isteʼmolchi soni va ehtiyoji inobatga olingan holda ajratiladi va maishiy gaz ballonlar ham shunga koʻra shakllantiriladi.

Viloyatda kuz-qish mavsumida suyultirilgan gaz yetkazish ogʻir boʻladigan 24 ta olis hudud mavjud. Uchquduq, Tomdi, Nurota va Konimex tumanlarining mazkur ovullariga transport harakati qishning qirovli kunlarida biroz murakkablashadi. Shu bois tayyorgarlik hozirdan boshlanib, suyultirilgan gaz tashish transport vositalari texnik xavfsizligi taʼminlandi. Maishiy ballonlarning yaroqli ekanligi nazorat qilinmoqda.

Shuningdek, isteʼmolchilarga yanada qulaylik yaratish maqsadida «Hududgaztaʼminot» AJ tomonidan aholiga suyultirilgan gaz yetkazib berish tartibi yangilandi. Unga koʻra, oila aʼzolari koʻp boʻlgan va roʻyxatdan oʻtgan uy xoʻjaliklari endi belgilangan muddatda oʻz ID -kartalari orqali bir oyda ikki marotaba suyultirilgan gaz olishlari mumkin. Aholiga suyultirilgan gaz yetkazish jarayonida shular haqida ham tushuntirish ishlari olib borilmoqda.

 

XAVFSIZ TAʼMINOT

 

Kuz-qish haqida soʻz ketsa, tashvish va talofat soʻzlari, albatta, tilga olinadi. Zero, tarmoqning kuz-qish mavsumiga tayyorgarligida xavfsizlik eng muhim omil hisoblanib, uni taʼminlash faqat isteʼmolchining zimmasida emas.

Bugun viloyatda 185707 isteʼmolchi turli gaz jihozlaridan foydalanmoqda. Uskunalarning xavfsizligi uchun «Hududgaz Navoiy» gaz taʼminoti filialining servis xizmatini rivojlantirish boʻlimi tuman va shaharlardagi chilangarlari masʼul etib belgilangan.

Soha xodimlari tomonidan joriy yilning oʻtgan davrida koʻp qavatli uylarda yashovchi isteʼmolchilarining 29 873 ta, hovli xonadonlarida yashaydiganlarning 82 179 ta gaz jihozi texnik koʻrikdan oʻtkazildi. Shuningdek, 1 519 ta ulgurji isteʼmolchilarning gaz uskunalari ham nazorat-taftishdan oʻtkazilib, aniqlangan kamchiliklar bartaraf etildi.

— Aholi va ulgurji isteʼmolchilarning gaz jihozlariga texnik xizmat koʻrsatish uchun jami 107 nafar chilangar masʼul etib belgilangan, — deydi filial boʻlim boshligʻi Oybek Mavlonov. — Ular orasida 8 nafar xotin-qizlar ham bor. Maʼlumki, hozirda, aksar isteʼmolchilar xonadonlarida va faoliyat olib boruvchi obyektlarida zamonaviy isitish jihozlaridan foydalanishmoqda. Bunday uskunalarga texnik xizmat koʻrsatish uchun esa uning ishlash tartibi, tuzilishi haqida maʼlumotga ega boʻlish zarur. Shu bois chilangarlar yaqinda zamonaviy isitish gaz jihozlariga texnik xizmat koʻrsatish boʻyicha oʻqitilib, ularning amaliy va nazariy bilimlari oshirildi. Oʻrganilgan tajriba amaliyotda tatbiq etilib, isteʼmolchilarimiz xavfsizligi taʼminlanmoqda.

Xulosa oʻrnida taʼkidlash joizki, joriy yoz jaziramasida elektr taʼminotidagi uzilishlar aholining haqli eʼtirozlariga sabab boʻlib, mutasaddilar ularni tarmoqlarning turli bosimlarga dosh bera olmayotgani bilan izohlashdi. Maʼlum maʼnoda ular haq. Biroq yoz oʻtib qish, qish oʻtib yoz kelishi tundan keyin tong otishiday tabiiy hol. Aytmoqchimizki, har bir mavsumga oʻz vaqtida puxta hozirlik koʻrish barcha eʼtirozlarning oldini oladi.

Temur ESHBOYEV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?