Yovuz balo. Bundan xalos boʻlmaguncha jamiyatning hyech bir tarmogʻi rivojlanmaydi

10:31 06 Fevral 2020 Siyosat
1868 0

Davlatimiz rahbarining har bir chiqishi, xususan, mamlakat hayoti uchun strategik ahamiyat kasb etuvchi maʼruza hamda murojaatlari nafaqat xalqimiz, balki butun dunyo hamjamiyati tomonidan ham katta qiziqish va xayrixohlik bilan kutib olinmoqda.

Yangi shakllangan Oliy Majlisga yoʻllangan dastlabki Murojaatnoma ham bundan mustasno emas. Nufuzli mahalliy hamda xorijiy ekspertlarning yakdil xulosasiga koʻra, Prezidentimiz Murojaatnomasi Oʻzbekistonning joriy yil va yaqin istiqboldagi taraqqiyotini belgilab beruvchi strategik, ayni paytda fundamental asosga ega hujjatdir.

Murojaatnoma timsolida yurtimizdagi islohotlar mohiyati, yaqin yillardagi qiyofasini, xalqimiz hayoti osuda va farovon kechishini yaqqol koʻrish mumkin. Qisqacha aytganda, ushbu muhim dasturiy hujjatda belgilab berilgan ulkan marralar shunchaki ezgu niyat yoki xohish-istak emas.

Aksincha, undagi har bir vazifa ijro mexanizmi, buning uchun masʼullar, muddatlar, moliyaviy manbalari bilan uygʻun holda bayon etilgani diqqatga sazovordir. Eng muhimi, hujjatda, avvalo, inson va uning manfaatlari ustuvorlik kasb etgan. Yaʼni “Xalq davlat organlariga emas, davlat organlari xalqqa xizmat qilishi kerak” degan asosiy tamoyilga muvofiq, barcha resurs va imkoniyatlar xalq manfaatlari yoʻlida safarbar etilishi qatʼiy taʼkidlandi. Fuqarolarimiz bunday yangi va oqilona siyosatni yakdillik bilan qoʻllab-quvvatlashmoqda.

Zotan, adolat tantanasi va qonun ustuvorligini oʻzi uchun asosiy shiorga aylantirgan davlat fuqarolaridagi siyosatga ishonch, Vatanga muhabbat hamda sadoqat tuygʻulari mustahkam boʻlishi hammaga maʼlum.

Adolat va qonun ustuvorligini taʼminlash — asosiy maqsad

Sohibqiron Amir Temur Oqsaroy peshtoqiga “Adolat — davlatning asosi va hukmdorlar shioridir” degan hikmatli soʻzlarni yozdirgani ham bejiz emas. U ana shu gʻoya asosida millatni eng ezgu va ulugʻvor maqsadlar yoʻlida birlashtirgani hamda safarbar etolgani ham tarixdan ayon.

Yangi Oʻzbekistonning yangilangan siyosati ham aynan inson qadr-qimmatini oliy darajaga koʻtarish, jamiyatda adolat va qonun ustuvorligini soʻzsiz taʼminlash kabi yuksak gʻoyalarga tayanmoqda.

Biroq ushbu yoʻldagi islohotlar natijadorligiga salbiy taʼsir koʻrsatayotgan, taraqqiyotga toʻsiq boʻlayotgan bir qator omilu illatlar hanuzgacha saqlanib qolayotgani tashvishlanarli, albatta. Hech shubhasiz, ulardan biri va eng xavflisi — korrupsiyadir. Mazkur illat, avvalo, xalqimizning davlat hamda islohotlarga ishonchini soʻndirishi, jamiyatda norozilik kayfiyatini kuchaytirishi bilan ham gʻoyat xatarlidir.

Shu bois, istiqlol yillarida mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha koʻplab ishlar olib borildi. Oʻzbekistonning 2008-yilda BMTning Korrupsiyaga qarshi Konvensiyasiga va boshqa xalqaro hujjatlarga qoʻshilgani bu borada amalga oshirilgan birinchi qadam boʻldi.

Prezidentimiz tashabbusi bilan qabul qilingan “Korrupsiyaga qarshi kurashish toʻgʻrisida”gi Qonun va alohida Davlat dasturida esa navbatdagi vazifalar belgilab olindi. Qonunda ilk bor korrupsiya hamda manfaatlar toʻqnashuvi tushunchalariga taʼrif berildi. Ushbu hujjatda korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha vakolatli organlar va ularning maqomi aniq belgilab qoʻyildi.

Korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha faoliyatni muvofiqlashtirish uchun Bosh prokuror rahbarligida Korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha respublika idoralararo komissiyasi tashkil etildi. 2017 — 2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasi oʻzining tub mohiyati bilan aynan korrupsiyani tag-tomiri bilan yoʻq qilishga qaratilgan tarixiy hujjat boʻldi, desak, ayni haqiqatni aytgan boʻlamiz.

Unda barcha sohada korrupsiyaga barham berish, uning ildiz otishiga sharoit yaratayotgan sabablarni aniqlash va bartaraf etishga qaratilgan aniq chora-tadbirlar bayon qilindi.

Oʻtgan yilda davlatimiz rahbarining “Oʻzbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini yana-da takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoni qabul qilindi. Mazkur hujjat bilan 2019 — 2020-yillarda korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha ikkinchi Davlat dasturi tasdiqlandi.

Yangilanayotgan zbekistonning yangi siyosati

Soʻnggi yillarda mamlakatimizda ushbu illatga qarshi kurashish sohasida muhim tashkiliy-huquqiy islohotlar amalga oshirilganligini alohida eʼtirof etish zarur.

Birinchidan, davlat xizmati tizimi, uning maqsadlari va vazifalari tubdan takomillashtirilib, Maʼmuriy islohotlar konsepsiyasi tasdiqlandi. Davlat organlari xodimlarining samarali ijtimoiy himoya qilinishi, moddiy taʼminoti va ragʻbatlantirilishini kuchaytirishga qaratilgan choralar koʻrildi. Xususan, oxirgi uch yilda davlat xizmatchilarining ish haqi oʻrtacha qariyb 60 foiz, ayrim sohalarda esa, bir necha barobar oshirildi.

Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlangan davlat boshqaruvi organlari va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari xodimlarining odob-axloq namunaviy qoidalariga asosan barcha vazirlik hamda idoralarda odob-axloq meʼyorlari tasdiqlandi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzurida Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi va Davlat xizmatini rivojlantirishni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi tashkil etildi. Meritokratiya va ochiq tanlovlar asosida davlat fuqarolik xizmatining “karyera modeli”ni joriy etish ishlari boshlandi.

Ikkinchidan, tadbirkorlik faoliyatini jadal rivojlantirish, xususiy mulkni har tomonlama himoya qilish yoʻlidagi byurokratik toʻsiqlar va korrupsiogen holatlarni bartaraf etishga qaratilgan maqsadli choralar koʻrildi. Davlat organlarining nazorat-tekshiruv vazifalari maqbullashtirildi. Tadbirkorlik subyektlarining faoliyatini tekshirish tizimi takomillashtirildi. Ular faoliyatiga qonunga xilof ravishda aralashishga yoʻl qoʻymaslik maqsadida Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish boʻyicha vakil instituti joriy qilindi.

Savdo-sanoat palatasi, davlat aktivlarini boshqarish tizimlari ham tubdan takomillashtirildi. Davlat xaridlarining mutlaqo yangi mexanizmi yoʻlga qoʻyilib, sohada oshkoralik, shaffoflikni taʼminlash, pirovardida korrupsiyaning oldini olish maqsadida “Davlat xaridlari toʻgʻrisida”gi Qonun qabul qilindi.

Soliq tizimini yana-da takomillashtirish, iqtisodiyotda xufiyona aylanmani qisqartirish maqsadida joriy yilda yangi tahrirdagi Soliq kodeksi amalga kiritildi. Unga muvofiq, soliq turlari 13 tadan 9 taga kamaytirildi. Soliqlarni toʻlash muddatini uzaytirish yoki boʻlib-boʻlib toʻlashga ruxsat berish boʻyicha yengillashtirilgan mexanizm joriy etildi.

2019-yilda byudjet maʼlumotlarining ochiqligini yana-da oshirish maqsadida byudjet mablagʻlarining shakllanishi va sarflanishi ustidan parlament va jamoatchilik nazoratini oʻrnatishning yangi tartibi belgilanib, ilk bor Davlat byudjeti Qonun tarzida qabul qilindi.

Uchinchidan, davlat xizmatlarini taqdim etish va maʼmuriy taomillarni tartibga solishning huquqiy hamda institutsional asoslari takomillashtirildi. Jumladan, maʼmuriy va byurokratik toʻsiqlarni bartaraf etish, roʻyxatga olish, ruxsat etish hamda litsenziyaga doir tartib-taomillarni soddalashtirish, ularning tezkorligini oshirish maqsadida barcha hududlarda 201 ta davlat xizmatlari markazi ochildi. 

Hozirgacha ushbu markazlar tomonidan aholiga 120 ta davlat xizmatlari koʻrsatib kelinayotgan boʻlsa, 2020-yildan bu koʻrsatkichni 160 tadan oshirish koʻzda tutilgan. Shuningdek, davlat organlari va tashkilotlari faoliyati samaradorligini oshirish boʻyicha oʻtgan yil 9-dekabrda Prezidentimizning “Byurokratik toʻsiqlarni yana-da qisqartirish hamda davlat organlari va tashkilotlari faoliyatiga zamonaviy boshqaruv tamoyillarini joriy qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi.

Unga koʻra, joriy yildan boshlab mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining 11 turdagi vakolati tegishli davlat boshqaruvi organlarining hududiy boʻlinmalariga oʻtkazildi. Mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining 5 turdagi vakolati chiqarib tashlandi.

Toʻrtinchidan, sud-huquq sohasida amalga oshirilayotgan islohotlardan koʻzlangan asosiy maqsadlardan biri — sohada korrupsiyaga barham berish tizimini tubdan takomillashtirishga qaratilgan. Huquqni muhofaza qiluvchi organlarning ushbu illatga qarshi kurashish sohasidagi maqsad hamda vazifalari aniqlashtirildi. “Ichki ishlar organlari toʻgʻrisida”gi, “Davlat xavfsizlik xizmati toʻgʻrisida”gi qonunlar qabul qilindi.

Shuningdek, chinakam mustaqil sud hokimiyatini shakllantirish, uning nufuzini oshirish hamda sudyalar mustaqilligini taʼminlash maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi tashkil etildi, sudyalarni tanlash, tayinlash tizimi tubdan takomillashtirildi.

Sud tizimida korrupsiyaga qarshi kurashish samaradorligini oshirish boʻyicha Sudyalar oliy kengashi va Oliy sud tomonidan sud tizimida korrupsiyaga qarshi kurashish samaradorligini oshirishga oid chora-tadbirlar dasturi tasdiqlandi.

Beshinchidan, “Xalq davlat organlariga emas, davlat organlari xalqqa xizmat qilishi kerak” degan xalqchil tamoyil asosida barcha pogʻonadagi mansabdor hamda masʼullarning odamlar orasiga kirib borish, ularning muammolarini uyma-uy yurib oʻrganish va hal etish tizimining joriy etilgani korrupsiyaga qarshi kurashishda oʻz samaralarini bera boshladi.

Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini koʻrib chiqish uchun Xalq qabulxonalari, Virtual qabulxona hamda davlat organlari va tashkilotlarining “Ishonch telefonlari” joriy qilindi.

Oltinchidan, jamiyatda parlamentning, oʻzini oʻzi boshqarish organlarining hamda nodavlat notijorat tashkilotlarining mavqei kuchaytirilib, ularga davlat hokimiyati idoralari faoliyati ustidan parlament va jamoatchilik nazoratini taʼminlash boʻyicha keng vakolatlar berildi.

Oliy Majlis palatalarida korrupsiyaga qarshi kurashish va sud-huquq masalalari boʻyicha qoʻmitalar tashkil etilgani ushbu sohada samarali parlament nazoratini amalga oshirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar, tuman va shahar Kengashlari tarkibida korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha doimiy komissiyalar faoliyati yoʻlga qoʻyildi.

Yuqori va quyi palatalar tomonidan “Korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida parlament nazorati samaradorligini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” qoʻshma qaror qabul qilingani ham ayni muddao boʻldi.

Yettinchidan, normativ-huquqiy hujjatlar va ular loyihalarini korrupsiyaga qarshi ekspertizadan oʻtkazishning huquqiy asoslari takomillashtirildi. Muhimi, davlat va jamiyat hayotining barcha sohasida korrupsiya omillarini keltirib chiqarayotgan tizimli muammolarni bartaraf qilishga qaratilgan oʻttizga yaqin qonun, Prezident va Hukumatning yuzga yaqin qarorlari qabul qilindi.

Mahalliy ekspertlar, qolaversa, xalqaro jamoatchilik tomonidan eʼtirof etilayotganidek, bunday choralar qisqa muddatda oʻz natijalarini koʻrsatmoqda. Jumladan, “Transparency International” xalqaro nohukumat tashkiloti tomonidan 2019-yil boʻyicha eʼlon qilingan “Korrupsiyani qabul qilish indeksi” reytingida Oʻzbekiston 5 oʻrin yuqoriga koʻtarildi.

Dunyodagi nufuzli nashrlardan biri — “The Economist” jurnali Oʻzbekistonni 2019-yilda islohotlarni eng jadal amalga oshirgan davlat — “Yil mamlakati” deb eʼtirof etdi.

Jamoatchilikning korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabati shakllanishi zarur

Aytish joizki, ayni paytda korrupsiyaga qarshi kurashish borasida qoʻlga kiritilgan yutuqlar oʻzimizniki. Ammo hali oldimizda qilishimiz zarur boʻlgan ishlar koʻp.

Jumladan, 2017 — 2019-yillar davomida 6127 nafar mansabdor shaxsning jinoiy javobgarlik masalasi hal qilingani ham korrupsiyaga qarshi kurashish ahvoli bugungi kun talabiga javob bermasligini koʻrsatmoqda. Sir emas, birgina huquqni muhofaza qiluvchi organlarning kuchi bilangina ushbu illatga oid huquqbuzarliklarga qarshi kurashishda ijobiy natijalarga erishib boʻlmaydi. Avvalo, keng jamoatchilikning korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabati shakllanishi zarur.

Davlatimiz rahbari taʼbiri bilan aytganda, korrupsiyaga qarshi kurashishda huquqni muhofaza qiluvchi idoralar qanchalik harakat qilmasin, xalqimiz bu jirkanch illatga murosasiz boʻlmas ekan, taʼsirchan jamoatchilik nazoratini oʻrnatmas ekan, bu baloga qarshi samarali kurashni tashkil etolmaymiz. Bu illat bilan nafaqat huquqni muhofaza qiluvchi idoralar, balki har bir jamoa jiddiy kurashishi kerak.

Albatta, bu mashaqqatli, biroq amalga oshirish mumkin va shart boʻlgan vazifadir. Binobarin, 2019-yilda “Ijtimoiy fikr” jamoatchilik fikrini oʻrganish markazi tomonidan oʻtkazilgan soʻrovda ishtirok etganlarning 86,6 foizi korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha davlat siyosatini qoʻllab-quvvatlashlarini bildirishgan. Demak, jamoatchilik korrupsiyaga qarshi kurashda davlat organlariga koʻmaklashishga tayyor. Binobarin, prokuratura organlari uchun Murojaatnomadan kelib chiqadigan ustuvor vazifalardan biri ham — soʻzsiz, korrupsiya illatiga qarshi kurash samaradorligini oshirishdir.

Yuqorida qayd etilganidek, keyingi uch yil davomida davlatimiz rahbarining tashabbusi va gʻoyalari, amaliy saʼy-harakatlari natijasida bu illatni tag-tomiri bilan yoʻq qilish borasida katta qadam qoʻyildi.

Biroq, tan olish kerakki, shuncha sharoit va imkoniyatlarga qaramasdan, jamiyatning bu balodan tamomila xalos boʻlishiga erishilmayapti. Ayniqsa, baʼzi soha va tarmoqlarda korrupsiyaga qarshi qoʻllanilayotgan va shu tizimlarning yuqori idoralari tomonidan belgilangan chora-tadbirlar kutilgan natijani bermayapti.

Yaqinda Bosh prokuratura tomonidan sogʻliqni saqlash, oliy taʼlim tizimlaridagi, shuningdek, yerdan foydalanishdagi korrupsiya holatlari tahliliga bagʻishlab tadbirlar oʻtkazildi. Biz ushbu yoʻnalishlardagi korrupsiyaviy holatlarni aniq tahlillar, fakt va raqamlar asosida muhokama qildik, masʼullarga, xususan, prokuratura organlariga davlatimiz rahbarining Murojaatnomasida ilgari surilgan tashabbuslaridan kelib chiqib qoʻshimcha ravishda tegishli koʻrsatmalar berdik.

Tazyiqlar uchun javob beradigan vaqt keldi

Raqamli texnologiyalarni keng joriy etish orqali inson omilini kamaytirish korrupsiyani yoʻqotishda katta samara beradi. Yana bir muhim jihat shundaki, endi sud orqali insonlarning huquqi tiklanganini eʼtirof etish bilan cheklanib qolmasdan, nima sababdan sudgacha boʻlgan tergov jarayonida inson huquq va erkinliklari buzilgan, degan savolni ham koʻndalang qoʻyadigan, tazyiqlar uchun javob beradigan vaqt keldi.

Bu, avvalo, huquqni muhofaza qiluvchi organlarning oʻzida korrupsiyaga barham berishning eng muhim omillaridandir. Ayni paytda parlament va Prezidentga hisob beradigan, korrupsiyaga qarshi kurashishga masʼul boʻladigan alohida organ tashkil etish tashabbusi davlat boshqaruvidagi tariximizning yangi sahifasiga asos soldi.

Zero, jahonning koʻplab barqaror va taraqqiy etgan mamlakatlarida ham korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha alohida organlar davlat va jamiyat ravnaqiga katta hissa qoʻshmoqda.

Qisqasi, davlatimiz rahbarining parlamentga yoʻllagan Murojaatnomasi barcha yoʻnalishlar qatorida, korrupsiyaga butkul chek qoʻyishning yangi istiqbollarini ochib berdi. Ushbu tarixiy imkoniyatdan oqilona foydalanib, davlat hamda jamiyat ravnaqiga hissa qoʻshish baxtiga, pirovardida xalqimiz oldida yuzimiz yorugʻ boʻlishiga erishish barchamizning hamkorlikdagi harakatlarimiz, shijoat va fidoyiligimizga bogʻliqdir.

Nigʻmatilla YLDOSHEV,

zbekiston Respublikasi Bosh prokurori.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?