Ekologik barqarorlik: tahdid, masʼuliyat va burch

13:40 02 Fevral 2025 Jamiyat
112 0

Iqlim oʻzgarishi — Orol dengizining qurishi oqibatida kelib chiqqan ekologik inqirozni boshidan kechirayotgan Markaziy Osiyo mintaqasi uchun dolzarb muammolardan biriga aylanmoqda. Yashirishning hojati yoʻq, dunyoning koʻplab hududlarida insonlar ziroat va chorvachilikda foydalanib kelgan yerlar yaroqsiz holga yetgan, ayniqsa, oxirgi yillarda sahrolashish oqibatlari yaqqol sezilyapti. Bu hududlar orasida Oʻzbekiston ham bor. Afsuski, mamlakatimiz jahonda keskin choʻllashayotgan mintaqalardan biri. Yer sahrolashsa, na dehqonchilik, na chorvachilik qilib boʻladi — yashash qiyinlashadi, oziq-ovqat qimmatlashadi, xalq kambagʻallashadi, joylarda nizolar ehtimoli kuchayishi ham mumkin.

Olimlar Yer sayyorasida sahrolashishning asosiy sabablari sifatida aholi sonining koʻpayib borayotgani, oʻrmon va daraxtzorlar kesilayotgani, yaylovlardan haddan ziyod koʻp foydalanilayotgani, tuproq eroziyasi hamda iqlim oʻzgarishini tilga olishadi va bu omillarning sahrolashishga olib kelish taʼsirlarini kamaytirishga chaqiradi. Buning eng samarali yoʻllaridan biri — daraxt ekish. Ikkinchisi, anʼanaviy energiyadan foydalanishni kamaytirish, aksincha, qayta tiklanadigan, muqobil energiya manbalarini keng joriy etish, desak, mubolagʻa emas.

Dunyo miqyosida oladigan boʻlsak, oxirgi 20-yil ichida 4,5 milliardga yaqin odamlar yirik tabiiy ofatlar koʻrinishidagi iqlim oʻzgarishi taʼsiridan aziyat chekdi, 1,2 mln. kishi halok boʻldi, iqtisodiy zarar esa qariyb 3 trln. dollarni tashkil etdi.

Mutaxassislarning fikricha, Markaziy Osiyo mamlakatlari geografik joylashuv xususiyatlaridan kelib chiqib, iqlim keltirib chiqaradigan oqibatlarga koʻproq moyil. Bugungi kunda mintaqa mamlakatlari iqlim oʻzgarishi bilan bogʻliq bir qancha salbiy oqibatlarni boshdan kechirmoqda. Misol uchun, soʻnggi 50 — 60-yil ichida mintaqadagi muzliklar maydoni 30 foizga kamaydi. Haroratning 2 darajaga koʻtarilishi muzliklar maydonining 1,5 baravar, 4 darajaga koʻtarilishi 80 foizga qisqarishiga olib kelishi mumkin.

Suv resurslarining yetishmasligi ham oʻtkir muammolardan. Suvdagi stress darajasi mintaqa mamlakatlarida tang ahvolga yetgan. Bashoratlarga koʻra 2050-yilga borib suv resurslari Sirdaryoda 5 foizga, Amudaryoda 15 foizgacha qisqaradi. Choʻllanish jarayonlari va yerning degradatsiyasi haqida gapiradigan boʻlsak, BMT maʼlumotlariga qaraganda oʻtgan 50-yilda mintaqa mamlakatlarida choʻllanishga mubtalo boʻlayotgan yerlar miqdori 15 — 20 foizga oshgan. Bundan tashqari, hozirgi kunda butun jahon hamjamiyati Orol dengizi inqirozi nafaqat Markaziy Osiyo mamlakatlariga, balki global miqyosda ham salbiy oqibatlarga olib kelayotganini aytmoqda.

Oxirgi 40-yil ichida dengiz oʻz maydonining 57 foizini, hajmining 80 foizini va chuqurligining 64 foizini yoʻqotdi. Qirgʻiziston va Tojikistondagi asriy muzliklarning xavotirli darajada tez erishi kuzatilyapti. Oʻzbekiston Orol dengizining qurishi, uning tubidan osmonga koʻtarilgan pestitsidli changlarning odamlar salomatligi, dehqonchilik va iqtisodiyotga taʼsiridan aziyat chekib kelayotganiga ancha boʻldi. Dunyoda iqlim oʻzgarishi esa dengizlar oʻta uzoq joylashgan mintaqada ham suvsizlik, sahrolashish va chang boʻronlari kabi holatlarni kuchaytira boshlagan.

Global muammolarga kompleks yondashuv

Iqlim oʻzgarishi bilan bogʻliq oʻsib borayotgan global tahdidlarga kompleks javob qaytarish maqsadida 2015-yil 12-dekabrda Parij Bitimi qabul qilingan. Ushbu hujjat 2016-yil 4-noyabrda kuchga kirgan.

Bitimning maqsadi — BMT Iqlim oʻzgarishlari boʻyicha doiraviy konvensiya amalga oshirilishini faollashtirish, global oʻrtacha haroratning industriallashtirishgacha (1750-y.) boʻlgan davrdagiga nisbatan 2 darajada saqlab turish hamda haroratning Selsiy boʻyicha 1,5 darajagacha oʻsishini cheklashga harakat qilishdir. Bu 2050-yilga borib “issiqxona gazlari” global ajratmalarini 40 — 70 foizga kamaytirishni va 2100-yilga borib uni 0 yoki manfiy koʻrsatkichga yetkazishni talab etadi.

Taʼkidlash joizki, 2017-yil 19-aprel kuni BMTning Nyu-Yorkdagi bosh qarorgohida Oʻzbekiston Parij Bitimini imzoladi. Mazkur bitim 2018-yil 3-oktyabr kuni ratifikatsiya qilindi. 2030-yilgacha uzoq muddatli istiqbolda Oʻzbekiston Respublikasi iqlim oʻzgarishiga qarshi kurash chora va harakatlarni kuchaytirishni — 2030-yilga borib “issiqxona gazlari” solishtirma tashlamalarini 2010-yildagi darajaga (yalpi ichki mahsulot birligiga) nisbatan 10 foizga qisqartirishni moʻljallamoqda.

Kelgusi 20 — 30-yil ichida iqlim oʻzgarishi insoniyatga beshta asosiy xatarni alohida urgʻulaydi. Bular sirasiga Arktika dengizidagi muzliklar va marjon riflari kabi unikal tizimlarga boʻlgan tahdidlar kiradi. Haroratning 2 darajaga koʻtarilishi bilan tahdid “oʻta yuqori” boʻlishi mumkin. Ummon suvi tarkibidagi kislota oshadi va undagi marjon va jonzotlarga xavf soladi. Harorat oshishi bilan quruqlikdagi hayvonlar, oʻsimliklar va boshqa jonzotlar balandliklar hamda qutblar sari harakat qila boshlaydi.

Insonlarga taʼsiri haqida gap ketar ekan, oziq-ovqat taqchilligi eng katta xavotir uygʻotadi. Makkajoʻxori, guruch va bugʻdoy 2050-yilda 25 foizga kamayishi bashorat qilinadi. Bu davrga borib dunyo aholisi soni 9 milliardga yetishi va shaharlar kengayishi kutilar ekan, oziq-ovqat yetishmovchiligi yanada yomonlashadi. Tropik hududlar va Antarktikaning baʼzi qismlarida baliqchilar oʻljasi 50 foizga kamayishi mumkin.

“Yashil” energetika ulushini oshirish — strategik vazifa

Iqlim oʻzgarishiga qarshi kurash masalasida Oʻzbekiston masʼuliyat bilan chora-tadbirlar koʻrayotganini taʼkidlash joiz. Xususan, soʻnggi yillarda atrof-muhitni muhofaza qilish, aholi salomatligini saqlash, ekologik xavfsizlikni taʼminlash ishlariga alohida eʼtibor qaratilmoqda.

Jumladan, Prezidentimiz BMT Bosh Assambleyasining 78-sessiyasida soʻzlagan nutqida jahon hamjamiyatini, jumladan, mintaqa mamlakatlarini ekologik masalalarda, xususan, Orol dengizining qurishi bilan bogʻliq oqibatlarni bartaraf etishda xalqaro miqyosdagi saʼy-harakatlarni faol birlashtirish zarurligini taʼkidlab oʻtdi.

Bugungi kunda mazkur masalalardagi amaliy ishlarga barchamiz guvoh boʻlib turibmiz. Birgina misol sifatida BMT shafeligi ostida Orolboʻyi mintaqasi uchun inson xavfsizligi boʻyicha koʻp tomonlama sheriklik asosida trast fondining tashkil etilishi yoki Orolning qurigan tubida oʻrmonzorlar barpo qilinayotgani, 2 mln. gektardan ziyod maydonda saksovul va choʻl oʻsimliklari urugʻlari sepilganligi va koʻchatlari ekilganini keltirish mumkin. Islohotlarimizni jahon hamjamiyati qoʻllab-quvvatlamoqda. Prezidentimiz taklifi bilan BMT Bosh kotibining Suv resurslari boʻyicha maxsus vakili lavozimi taʼsis etilishi, Markaziy Osiyo suvni tejaydigan texnologiyalar platformasi yaratilishi va mintaqamizda qabul qilingan “Yashil taraqqiyot” dasturi doirasida tizimli hamkorlik yoʻlga qoʻyilishi qoʻllab-quvvatlandi. Qolaversa, davlatimiz rahbari Bosh Assambleyaning “Markaziy Osiyo global iqlim tahdidlari qarshisida: barqaror rivojlanish va farovonlik yoʻlida mintaqaviy birdamlikni mustahkamlash” rezolyutsiyasini qabul qilish tashabbusini ilgari surdi.

Oʻzbekiston iqtisodiyotining asosiy tarmoqlarini iqlim oʻzgarishlariga moslashtirish, uglerod neytralligiga erishish va “yashil” energetika ulushini keskin oshirish strategik vazifa sifatida belgilaganligini eslatib oʻtish joiz. Davlatimiz rahbarining “2019 — 2030-yillar davrida Oʻzbekiston Respublikasining “yashil” iqtisodiyotga oʻtish strategiyasini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi qarorida atrof-muhit muhofazasi va ekologik holatni yaxshilashga eʼtiborni kuchaytirish masalalari belgilangani iqlim oʻzgarishlarining oldini olish hamda unga moslashish uchun xizmat qiladi. Qolaversa, “Oʻzbekiston — 2030” strategiyasida belgilangan ekologik vaziyatni barqarorlashtirish boʻyicha vazifalar bilan ham-ohangligi eʼtiborga molik.

Strategiyada koʻrsatilgan vazifalarga koʻra, “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida 444 ta yashil bogʻ barpo etiladi. Orolboʻyi mintaqasidagi oʻrmonzorlarni 1,9 mln. gektarga yetkazish, Orol dengizining qurigan tubida qoʻshimcha 200 ming gektar yashil maydonlar yaratish ham koʻzda tutilgan.

Orolboʻyi mintaqasida ekologik vaziyatni sogʻlomlashtirish, yaʼni kichik suv havzalari, ichimlik suvi tarmoqlarini qurish ishlari samarali amalga oshirilmoqda. Oxirgi 20-yilda atmosferaga ifloslantiruvchi chiqindilarni tashlash 2,1 baravar, zaharli oqova suvlar 2 karra kamaydi. Pestitsidlardan foydalanish oxirgi besh yilda 5 baravarga qisqardi, paxta yakkahokimligiga barham berildi. Milliy qoʻriqxona, bogʻ, buyurtma qoʻriqxona va ekologik markazlar rivojlandi.

Darvoqe, yurtimizda 2025-yilning “Atrof-muhitni asrash va “yashil” iqtisodiyot yili” deb eʼlon qilinishi ortida iqlim oʻzgarishiga qarshi kurash, “yashil” iqtisodiyotga oʻtish, suv resurslarini tejash, oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash, kambagʻallikni kamaytirish kabi maqsadlarga erishish intilishi yotibdi, desak, yanglishmagan boʻlamiz.

Tejamkorlikka asoslangan “yashil” rivojlanish modeli

Yangi Oʻzbekistonning strategik maqsadi — ekologik barqarorlikni taʼminlash, iqtisodiy oʻsishning resurslar tejamkorligiga asoslangan “yashil” rivojlanish modeliga oʻtishdir. Bunga hamohang tarzda tez surʼatlarda oʻsib borayotgan iqtisodiyotimizning energetikaga boʻlgan talabini toʻliq qondirish uchun “yashil” quvvatlar jadal rivojlantirilayotir.

Oʻtgan besh yilda energetika sohasiga qariyb 20 mlrd. dollar xorijiy investitsiyalar jalb qilindi va 9,6 gigavatt zamonaviy energiya quvvatlari ishga tushirildi. Hozirgi kunda xorijiy hamkorlar bilan qiymati 26 mlrd. dollardan ziyod va umumiy quvvati 24 gigavatt boʻlgan 50 dan ortiq yirik loyihalar amalga oshirilmoqda. 2030-yilga qadar mamlakatimizda qayta tiklanuvchi energiya ulushini 54 foizga yetkazish rejalashtirilgan.

Bunday maqsadlarga oʻz-oʻzidan erishib boʻlmaydi, albatta. Bu borada Oʻzbekiston BMT, Markaziy Osiyo mamlakatlari, BAA, Saudiya Arabistoni, Xitoy kabi davlat va tashkilotlar bilan yaqin hamkorlik qiladi. Shuni alohida qayd etish joizki, “yashil” energiya sohasida Birlashgan Arab Amirliklari bizning ishonchli va strategik hamkorimizdir. Soʻnggi yillarda BAA bilan investitsiyalar portfeli 26 mlrd. dollardan oshgani ham fikrimiz dalili. Ular orasida esa qayta tiklanuvchi energetika loyihalari asosiy lokomotiv boʻlmoqda.

Yer yuzida global miqyosda iqlim oʻzgarishi, choʻllanish jarayonlari kuchayib borayotgan hozirgi zamonda, ayniqsa, bizning kam oʻrmonli mintaqamizda, asosan, qumli choʻl hududlarida oʻrmonzorlar maydonlarini kengaytirish va yerlar degradatsiyasiga qarshi kurashish juda ulkan ahamiyatga ega. Bu muhim omil, shuningdek, choʻllanish va qurgʻoqchilikka qarshi kurashish boʻyicha innovatsion loyihalarni ishlab chiqarishga keng tatbiq etish, mahalliy aholining choʻllanish va qurgʻoqchilikka qarshi kurashish, suv resurslaridan oqilona va tejamkorlik bilan foydalanish boʻyicha xabardorligini oshirish, yerlardan barqaror foydalanish dasturlarini ishlab chiqib, amaliyotda qoʻllashni tashkil qilishni ham taqozo etadi.

Qalandar ABDURAHMONOV,

akademik.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?