Oʻzbekiston va Turkmaniston: barqaror rivojlanish yoʻlidan borayotgan davlatlar

15:50 30 Sentyabr 2025 Siyosat
591 0

Фото: Даврон Эрназаров

Turkmanistonning Oʻzbekiston Respublikasidagi elchixonasida Turkmaniston Mustaqilligining 34-yilligi, Xalq Maslahati yigʻilishi hamda BMTning dengizga chiqish imkoniyati boʻlmagan rivojlanayotgan mamlakatlari sammiti natijalari boʻyicha uchinchi konferensiyasiga bagʻishlangan brifing oʻtkazildi.

Tadbirda Tashqi ishlar vazirligi, turli institutlar, respublika turkman madaniy markazi, ommaviy axborot vositalari, mamlakatimizda Respublikasida akkreditatsiyadan oʻtgan diplomatik missiyalar va xalqaro tashkilotlar rahbarlari va vakillari, shuningdek, mamlakat oliy taʼlim muassasalarida tahsil olayotgan turkman talabalari ishtirok etdi. Brifingda Turkmanistonning Oʻzbekistondagi Favqulodda va Muxtor Elchisi janob Shadurdi Meredov, BMTning Oʻzbekiston Respublikasidagi Doimiy koordinatori Sabina Maxl va Markaziy Osiyo xalqaro instituti direktori Javlon Vahobov nutq soʻzladi.

Brifingda soʻzga chiqqan elchi Shadurdi Meredov Turkman xalqining milliy yetakchisi, Turkmaniston Xalq Maslahati Raisi Gurbanguli Berdimuhamedov raisligida 2025-yil 19-sentyabr kuni boʻlib oʻtgan Turkmaniston Xalq Maslahatining navbatdagi yigʻilishida mamlakatni oʻrta va uzoq muddatli istiqbolda rivojlantirishning asosiy yoʻnalishlari muhokama qilinganini taʼkidladi. Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov esa bir qator tarixiy ahamiyatga molik qarorlarni, jumladan, “betaraf Turkmanistonning tinchlik va ishonch siyosatining huquqiy asoslari toʻgʻrisida”gi Konstitutsiyaviy qonunni hamda sanoat va qishloq xoʻjaligi sohasidagi yangi loyihalarni imzoladi.

Oʻz nutqida elchi 27-sentyabr kuni Turkmaniston Mustaqillik kunini keng va tantanali ravishda nishonlaganini taʼkidladi. Suveren rivojlanish yillari davomida mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy sohalarda sezilarli yutuqlarga erishdi, 2025-yilda yalpi ichki mahsulot 6,3 foizga oʻsdi. yangi ish oʻrinlari yaratildi, yirik investitsiya loyihalari amalga oshirildi. 2025-yilda 40 milliard manatdan ortiq kapital qoʻyilmalarni oʻzlashtirish rejalashtirilgan. Ishlab chiqarish va ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish, iqtisodiyotni diversifikatsiya qilish, toʻqimachilik va qishloq xoʻjaligi tarmoqlarini modernizatsiya qilish, innovatsion texnologiyalarni joriy etishga ustuvor ahamiyat berilmoqda. Shu bilan birga, Turkmaniston neft va gaz sektorini, qayta tiklanuvchi energiya manbalari sohasidagi loyihalarni va TAPI gaz quvuri qurilishini rivojlantirishda davom etmoqda. Sharq-Gʻarb va Shimol-Janub xalqaro transport-logistika yoʻlaklarini rivojlantirishga, shuningdek, Turkmanboshi dengiz porti salohiyatidan toʻliq foydalanishga katta eʼtibor qaratilmoqda.

2025-yil dekabr oyida mamlakat doimiy betaraflikning 30-yilligini nishonlaydi. Turkmaniston BMTdagi tashabbuslarni, jumladan, “2025-yil – Xalqaro tinchlik va ishonch yili” rezolyutsiyasini faol ravishda ilgari surmoqda. Prezident Serdar Berdimuhamedov BMT Bosh Assambleyasining 80-sessiyasida soʻzga chiqib, mamlakatning tinchlikni mustahkamlash, barqaror rivojlanish, transport, energetika va ekologiya sohalarida hamkorlikka sodiqligini taʼkidladi.

Tadbirda turkman-oʻzbek ikki tomonlama aloqalarining strategik ahamiyati taʼkidlandi. 2025-yilda oliy darajadagi toʻrtta tashrif amalga oshirildi. Joriy yilning 8 oyida oʻzaro tovar ayirboshlash hajmi qariyb 700 million dollarni tashkil etdi, tomonlar yaqin yillarda uni 2 milliard dollarga yetkazishni maqsad qilgan. “Doshogʻuz-Shovot” chegara savdo zonasini ishga tushirish va Oʻzbekistonda Turkmaniston madaniyati kunlarini tayyorlash boʻyicha ishlar olib borilmoqda. Yakunda elchi Turkmaniston Prezident Serdar Berdimuhamedov boshchiligida jahon maydonida tinchlikparvar va neytral davlat sifatidagi mavqeyini mustahkamlab, barqaror rivojlanish yoʻlida ishonch bilan davom etayotganini taʼkidladi.

BMTning Oʻzbekiston Respublikasidagi doimiy koordinatori Sabina Maxl xonim oʻz nutqida joriy yilning 4-8-avgust kunlari “Avaza” milliy sayyohlik zonasida boʻlib oʻtgan Dengizga chiqish imkoniyati boʻlmagan rivojlanayotgan mamlakatlar boʻyicha uchinchi konferensiyasi barqaror rivojlanish va dengizga chiqish imkoniyati boʻlmagan mamlakatlarning jahon iqtisodiyotiga integratsiyasi masalalari boʻyicha global muloqotda muhim bosqich boʻlganini qayd etdi. U Turkmanistonning transport, energetika va “yashil” iqtisodiyot boʻyicha xalqaro kun tartibini shakllantirishdagi yetakchi rolini taʼkidladi, shuningdek, forumning yuqori darajada tashkil etilgani uchun minnatdorchilik bildirdi. Asosiy natija sifatida kelgusi oʻn yillikda xalqaro hamkorlikni chuqurlashtirishga qaratilgan Avaza siyosiy deklaratsiyasi qabul qilindi. Forumda davlat rahbarlari, 100 dan ortiq mamlakat va 50 ga yaqin xalqaro tashkilot vakillari ishtirok etdi.

Markaziy Osiyo xalqaro instituti direktori Javlon Vahobov oʻz nutqida Oʻzbekiston va Turkmaniston oʻrtasidagi tarix, madaniyat va maʼnaviy qadriyatlar umumiyligiga asoslangan strategik sheriklikning ahamiyatini taʼkidladi. Soʻnggi yillarda ikki tomonlama munosabatlar ishonch va hamkorlikning yangi darajasiga koʻtarilgani alohida qayd etildi, shuningdek, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar aloqalarning yanada kengayishiga ishonch bildirildi.

“Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер