Yoshlar bilan ishlash – hayot-mamot masalasi

10:47 31 Oktyabr 2024 Jamiyat
101 0

Saminjon HUSANOV/“Xalq soʻzi”. Har bir davrda yoshlar bilan ishlash muhim masala hisoblangan. Zero, ajdodlar tomonidan meros boʻlib kelayotgan yurtning taqdiri mana shu avlodlar qoʻlida. Shu bois ularning hayotda oʻz yoʻlini topishi, jamiyatdagi faolligini taʼminlash borasida barcha chora-tadbirlar qoʻllaniladi.

Bugungi kunda respublikamizda yoshlarni qoʻllab-quvvatlashga boʻlgan eʼtibor har doimgidan ortgan. Joriy yilning 12-yanvar kuni Prezidentimiz rahbarligida oʻtkazilgan yigʻilishda yoshlar bilan ishlash hayot-mamot masalasi ekanligi taʼkidlanib, yoshlarni huquq-tartibot va mudofaa organlariga otaliqqa biriktirish hamda ular bilan tizimli ishlash yuzasidan qator vazifa, topshiriqlar belgilab berilishi bunga misoldir.

Ana shu topshiriqlar ijrosini taʼminlash Andijon viloyatidagi 909 ta mahallada yashovchi 301 ming 279 nafar yoshlar huquq-tartibot va mudofaa organlariga sektorlar kesimida taqsimlab berildi. Shundan soʻng har bir yigit-qiz bilan alohida suhbatlashib, ularning muammolari va ehtiyojlari oʻrganildi. Natijada otaliqqa olingan yoshlarning 219 ming 962 ta taklif va muammolari aniqlandi. Ularni oʻrganish, ijobiy yechimini taʼminlash uchun salkam ikki ming nafar masʼullar biriktirildi. Shundan soʻng ijtimoiy-iqtisodiy yordam koʻrsatish, turli tanlov va loyihalarga jalb qilish orqali yoshlarning jamiyatdagi faolligini oshirish ishlariga kirishildi.

— Bugungi yoshlar juda zehnli, ziyrak, tirishqoq, — deydi Sharqiy harbiy okrug qoʻshinlari qoʻmondoni, general-mayor Oybek Saidov. — Ularning maqsadi yuksak. Shunchaki amaliy yordamga muhtoj, xolos. Bu moddiy koʻrinishda boʻladimi yoki maʼnaviy, bundan qatʼi nazar, ozgina eʼtibor berilsa hayotda oʻz oʻrinlarini topib ketishi aniq. Shu bois harbiy xizmatchilar tomonidan 400 nafardan ziyod otaliqqa olingan andijonlik yoshlar bilan alohida ishlamoqdamiz. Ularning jamiyatdagi faolligini taʼminlash uchun avvalo, oilasidagi oʻrnini belgilab berishga, unga munosib boʻlishini taʼminlashga harakat qilmoqdamiz. Natijada yuzlab yoshlarni doimiy daromad manbaiga ega qilish, ayrimlarini kasb-hunarga yoʻnaltirish, baʼzilarining esa taʼlim olishini taʼminlash ishlari yoʻlga qoʻyildi.

Biz odatda yoshlarni qoʻllab-quvvatlash, deganda moddiy jihatdan koʻmakni tasavvur qilib oʻrganib qolganmiz. Aslida moddiy taʼminoti yaxshi boʻla turib, masʼullarning yordamiga muhtoj yigit-qizlar ham yoʻq emas.

— Kuni kecha “Yangi Andijon” massivida viloyat hokimi ishtirokida yoshlar bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi, — deydi Andijon tumanida faoliyat yurituvchi yakka tadbirkor Olimjon Aysarov. — Unda otaliqqa olingan yoshlar tomonidan ishlab chiqarilgan mahsulotlar, tayyorlangan hunarmandchilik buyumlari, yetishtirilgan qishloq xoʻjaligi mahsulotlari, ijodiy va amaliy sanʼat namunalari koʻrgazmasi tashkil etildi. Bu shunchaki koʻrgazma boʻlib qolmay, yoshlarga boʻlgan eʼtiborning amaliy ifodasi boʻldi, desam, xato boʻlmaydi. Boisi, shu yerning oʻzida ishlab chiqaruvchilarning mahsulotini xaridorga yetkazish kabi masalalar muhokama qilinib, aniq vazifalar belgilab olindi. Shaxsan meni ham shu masala qiynab kelayotgan edi. Xonadonimda mebel ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻydimu, uni sotish masalasidagi uquvsizligim tufayli daromad topishga qiynalib kelayotgandim. Hozirda sohaga doir katta tajribaga ega boʻlgan ustozlar yordamida xaridor ehtiyoji va bozor tamoyillari yoʻnalishlarida tajriba toʻplamoqdaman.

Sir emaski, kasb-hunarga ega boʻlmagan yoki oʻz yoʻnalishi boʻyicha munosib ish topa olmagan aksariyat yoshlarimiz turli davlatlarda, ayniqsa, Rossiya va Qozogʻiston mamlakatlarida yollanma ishchi vazifasini oʻtamoqda. Xorijda daromad topishning aybi yoʻq, biroq ijtimoiy jihatdan himoyaga muhtoj holatda faoliyat yuritish achinarli, albatta! Bu muammoning yagona yechimi ularni oʻz yurtida daromadga yoʻnaltirishdan iboratdir.

Boʻston tumanidagi “Madaniyat” mahallasida yashovchi Bahodir Toshaliyev ham bir necha yillar davomida Rossiya oʻlkalarida mehnat qildi. Oilasidan uzoqda daromad topishning oʻzi boʻlmadi. Bundan xabar topgan tuman adliya boʻlimi xodimlari uni otaliqqa oldi.

— Hududimizda ish oʻrinlari mavjud boʻlmaganligi bois asosiy daromadni tomorqadan olamiz, — deydi B.Toshaliyev biz bilan suhbatda. — Shu bois adliya xodimlari meni qoʻlda boshqariluvchi motorli kultivator bilan taʼminlashdi. Bu nafaqat, men uchun, balki mahalladoshlarimiz uchun ham ayni muddao boʻldi. Boisi, tomorqalarga texnik vositalar kira olmasligi bois haydov ishlari qoʻlda amalga oshirilayotgan edi. Endilikda bir kunda 5-6 ta oilaning tomorqasini haydab berish evaziga 600-700 ming soʻm mablagʻ ishlab topmoqdaman. Bundan keyin boshqa mamlakatlarga borib ishlashimga ham hojat qolmadi.

Hech yodimdan chiqmaydi. Bolaligimizda oʻzimizning bogʻimiz boʻlar edi. Bir kuni otam yoniga chaqirib, katta daraxtlar orasida koʻkka boʻy choʻzayotgan niholni koʻrsatdi.

— Buni qaragin, u katta daraxtlarning eʼtiboriga muhtoj, — degan edi otam. — Agar ikki yonidagi daraxtlar unga oftob nuridan bahramand boʻlishiga imkon bersalar ertangi kunidan umid bor, aks holda nobud boʻladi.

Endi bilsam farzandlarimiz ham ana shu nihol kabi yon-atrofdagilarning yordamiga, eʼtiboriga muhtoj ekan. Ularni toʻgʻri yoʻnaltirsak bir kun kelib bizni ham koʻzlagan manzilimizga toʻgʻri eltadi. Teskarisi boʻlsa oʻzimizdan oʻpkalaganimiz maʼqul... Masalaga shu jihatdan yondashadigan boʻlsak, davlatimiz rahbari asos solgan tashabbus tez orada ijobiy natijasini berishi, shubhasiz. Zero, bugun eʼtibordan, amaliy koʻmakdan bebahra qolgan yigit-qizning oʻzi yoʻq, desak, mubolagʻa boʻlmaydi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?