Yosh olimning monografik tadqiqotlari jahon ilm ahli nigohida

15:58 20 Iyun 2023 Madaniyat
1257 0

Global iqtisodiy makonda kuzatilayotgan tizimli va notizimli muammolar aksariyat korporativ tuzilmalar toʻlov qobiliyati va likvidliligini boshqarish orqali ularning moliyaviy barqarorligini taʼminlash va samarali boshqarishda innovatsion usullardan foydalanishni taqozo qilmoqda.

Xususan, joriy xoʻjalik faoliyati uzluksizligini taʼminlash, moliyaviy mablagʻlarga boʻlgan ehtiyojlarni optimal hajmiga asoslangan holda ishchi kapitalni samarali boshqarishda pul oqimlarini boshqarish masalasi dolzarb ahamiyat kasb etmoqda.

Yaqinda Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti Korporativ boshqaruv fakulteti dekani oʻrinbosari, iqtisodiyot fanlari boʻyicha falsafa doktori, dotsent Foziljonov Ibrohimjon Sotvoldixoʻja oʻgʻlining “Improving the ways of forecasting cash flow of joint-stock companies” (Aksiyadorlik jamiyatlari pul oqimini prognoz qilish yoʻllarini takomillashtirish) nomli monografiyasi oʻzbek va ingliz tillarida chop etilgan edi.

Eʼtiborlisi, ushbu monografiya Buyuk Britaniyaning “Lambert Academic Publishing” nashriyotida 7 ta xorijiy tilga tarjima qilinib, nashr qilindi. Endilikda mazkur oʻquv qoʻllanma dunyoning 200 million nafardan ortiq aholisi tomonidan katta qiziqish bilan oʻqilmoqda.

Mazkur qoʻllanma tadqiqot ishi natijalarining amaliy ahamiyati ishlab chiqilgan takliflar va amaliy tavsiyalardan aksiyadorlik jamiyatlarining pul oqimlari prognozini amalga oshiruvchi koʻrsatkichlar hisoblangan erkin pul oqimi, diskontlangan pul oqimi, sof pul oqimlari samaradorligini baholovchi koeffitsiyentlar, xususan, toʻlov qobiliyati koeffitsiyenti, moliyaviy resurslarining taʼminlanganligi, investitsiya faoliyatini moliyalashtirish majburiyatlarni bajarishi, sof pul oqimlarining yetarlilik koeffitsiyentini takomillashtirish boʻyicha aksiyadorlik jamiyatlari hamda kapital bozorini samarali rivojlantirishga qaratilgan kompleks chora- tadbirlar majmuini ishlab chiqishda qoʻllash mumkin.

Jahonda globallashuv hamda raqobat jarayonlarining tobora kuchayib borishi sharoitida iqtisodiyotning barqarorligini taʼminlashda kompaniyalarning pul oqimini shakllantirish va uni prognoz qilish muhim ahamiyat kasb etmoqda. Xususan, rivojlangan mamlakatlar kompaniyalarining pul oqimlarini prognoz qilishda erkin pul oqimi va diskontlangan pul oqimi usulidan keng foydalanilmoqda. Bu, oʻz navbatida, kompaniyalarda kelgusidagi pul oqimlarining real qiymatini aniqlash imkoniyatini taʼminlamoqda.

Aksiyadorlik jamiyatlarining pul oqimlarini prognoz qilishning nazariy-uslubiy va tashkiliy asoslarini takomillashtirish boʻyicha ilmiy tadqiqotlar olib borish muhim ahamiyatga ega.

Monografiyaning ilmiy yangiligi shundaki, aksiyadorlik jamiyatlari diskontlangan pul oqimini prognoz qilishni amalga oshirishda kapitalning oʻlchangan qiymati(WACC)ning maqbul chegarasini 0,15<WACC<0,18 oraliqda taʼminlash orqali jamiyatning prognoz qilinayotgan davridagi joriy pul oqimini 1,5 barobarga oshirish imkoniyati asoslangan.

Shu bilan birga, korxona pul oqimining yuqori samaradorligini baholashda foydalaniladigan samaradorlik multiplikator koʻrsatkichlari hisoblangan toʻlov qobiliyati (Ktq≥0,4), bivera (0,17≤Kbiv≤0,4), sof pul oqimlari yetarligi (Kspo≥1,0) koeffitsiyentlari eng maqbul darajasini aniqlash orqali aksiyadorlik jamiyatlari sof pul oqimlarining samaradorligini oshirish imkoniyatlari bayon etilgan.

Aksiyadorlik jamiyatlarining moliyaviy holatini ifodalovchi koʻrsatkichlar orqali vaqtlar qatori regression ekonometrik modeli asosida aksiyadorlik jamiyatlarining 2025-yilga qadar sof pul oqimlarining prognoz koʻrsatkichlari aniqlangan.

Yana bir quvonarli jihati shundaki, “Lambert Academic Publishing” nashriyoti LAP mahsulotlarini xalqaro matbaa bozorida 80 000 ta kitob doʻkoni hamda 3 000 dan ortiq internet-magazinlaridan xarid qilish mumkin. Jahonning taniqli nashriyotlarida chop etilgan mazkur monografiya xaridi boʻyicha 30 foizlik chegirma ham taklif etilgan. Bu mamlakatimiz olimlari tomonidan tayyorlangan ilmiy qoʻllanmalarga dunyo ahli ham katta qiziqish bildirayotganidan dalolat beradi.

Bahodir HASANOV,

Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti professori,

iqtisodiyot fanlari doktori.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер