Yolgʻon xabar tarqatganlik uchun javobgarlik kuchaytiriladi

11:00 17 Dekabr 2020 Siyosat
2319 0

Bugun axborot asrida yashayapmiz. Qoʻlimizdagi telefon orqali dunyoning istalgan burchagida roʻy bergan xush-noxush voqeadan oʻsha zahotiyoq xabardor boʻlish imkoniga egamiz. Albatta, bu yaxshi, ammo keyingi paytlarda zoʻravonlik, shafqatsizlik toʻgʻrisidagi materiallar ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamalarga sabab boʻlayotgani koʻngilni gʻash qiladi.

Vaholanki, axborot toʻgʻrisidagi barcha qonun hujjatlarida zoʻravonlik va shafqatsizlikni targʻib qilish qatʼiy taqiqlangan. Xususan, “Ommaviy axborot vositalari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 6-moddasida ommaviy axborot vositalari orqali fuqarolarning shaʼni va qadr-qimmatini yoki ishchanlik obroʻsini tahqirlash, shaxsiy hayotiga aralashish taqiqlanishi belgilab qoʻyilgan.

“Axborot erkinligi prinsiplari va kafolatlari toʻgʻrisida”gi Qonunning 15-moddasida esa davlatning axborot borasidagi xavfsizligini taʼminlashning yoʻllaridan biri sifatida zoʻravonlikni, shafqatsizlikni targʻib qiluvchi gʻoyalarni oʻz ichiga olgan axborot tarqatilishiga qarshi harakatlar qilish ekanligi mustahkamlangan.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida koʻrib chiqilgan “Oʻzbekiston Respublikasining Jinoyat, Jinoyat-protsessual kodekslariga hamda Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida”gi qonun loyihasida ham bunday harakatlar uchun javobgarlik kuchaytirilmoqda.

Taklif etilayotgan qonun loyihasi dolzarb, ishonchli va jamiyat uchun muhim boʻlgan axborotni erkin tarqatish jarayonlariga koʻmak beradigan amaliy huquqiy mexanizmlarni yaratish, ommaviy axborot vositalari erkinligi hamda jurnalistlarning professional faoliyatining himoyasi toʻgʻrisidagi qonunchilikni himoyasini taʼminlashga qaratilgani bilan ahamiyatli hisoblanadi.

Unga binoan, Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksga zoʻravonlik va shafqatsizlikni targʻib qiluvchi axborotni ommaviy axborot vositalari, telekommunikatsiya yoki Internet tarmoqlariga joylashtirganlik uchun javobgarlikni belgilash nazarda tutilmoqda. Qolaversa, bunday harakatlar uchun jarima miqdorini oshirish, fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining ellik baravaridan toʻrt yuz baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa yuz baravaridan toʻrt yuz ellik baravarigacha miqdorda jarima solish haqidagi meʼyorni kiritish taklif etilmoqda.

Yana bir muhim jihati shuki, mazkur hujjat bilan shaxsning qadr-qimmatini kamsituvchi, uni obroʻsizlantirishga qaratilgan yolgʻon axborotni ishonchli maʼlumot koʻrinishida bila turib telekommunikatsiya, internet tarmoqlariga joylashtirganlik uchun maʼmuriy javobgarlik ham nazarda tutilyapti. Bunday oʻzgarishlar albatta, jamiyatda yuzaga kelayotgan turli koʻngilsiz holatlarni oldini olishda muhim omil boʻlib xizmat qiladi.

Taʼkidlash joizki, pornografik, zoʻravonlik va shafqatsizlikni targʻib qiluvchi mahsulotlar kishining xulq-atvoriga salbiy taʼsir etib, yosh avlodning axloqiy va huquqiy ongi buzilishiga sabab boʻladi. Lekin shunga qaramay, ushbu mahsulotlarni OAV, telekommunikatsiya yoki Internet tarmoqlari orqali tarqatish hollari afsuski, koʻpaymoqda.

Shu jihatdan, pornografik, zoʻravonlikni yoki shafqatsizlikni targʻib qiluvchi mahsulotlarni tarqatish, reklama qilish, namoyish etish maqsadida tayyorlash yoki Oʻzbekiston Respublikasi hududiga olib kirish, uni reklama qilish, tarqatish hamda OAV, telekommunikatsiya yoki Internet tarmoqlariga joylashtirish uchun ham javobgarlik belgilanmoqda. Oʻz navbatida, bu boradagi huquqbuzarlik uchun jazo chorasi ham kuchaytirilayotir.

Xulosa qilib aytganda, qonunchilikda yolgʻon va notoʻgʻri maʼlumot tarqatganlik uchun javobgarlik bor. Mazkur qonun loyihasining qabul qilinishi esa milliy OAV va jurnalistlarning professional faoliyati uchun yangi samarali mexanizmlarni yaratishga imkon beradi. Eng muhimi, davlat hokimiyati va boshqaruv organlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni erkin olishlari hamda ularning faoliyatiga aralashmaslik boʻyicha qoʻshimcha kafolatlarni yaratadi.

Botirbek TOʻRAZODA,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,
OʻzLiDeP fraksiyasi aʼzosi

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?