Yaratuvchilik, bunyodkorlik ruhi yangi marralarni zabt etishga chorlaydi
Bugungi kunda mamlakatimizning barcha hududlari kabi Toshkent viloyati ham izchil rivojlanmoqda. Shahar va qishloqlar qiyofasi oʻzgarib, odamlarning turmush farovonligi oshib bormoqda. Prezidentimiz rahnamoligida hududda ulkan bunyodkorlik ishlari amalga oshirilib, yirik sanoat korxonalari, ijtimoiy obyektlar va koʻp qavatli uy-joylar barpo etilayotir.
Bugun qay tomonga boqmang, ulkan bunyodkorliklar, obodonlashtirish ishlariga guvoh boʻlasiz. Ayniqsa, qishloqlarda shahardagi sharoitlardan aslo kam boʻlmagan infratuzilmalar shakllantirilayotgani kishida cheksiz quvonch bagʻishlaydi. Zamonaviy uy-joylar, shaharnikidan qolishmaydigan shart-sharoitlar, albatta, zamondoshlarimizning farovon hayot kechirishlari uchun yaratilayotganligi ayni haqiqat. Bundan buyon ham bu boradagi bunyodkorlik ishlari koʻlami ortsa ortadiki, ammo kamaymaydi.
Davlatimiz rahbarining “Jahon bankining Xalqaro taraqqiyot uyushmasi va Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki ishtirokida “Qishloq infratuzilmasini rivojlantirish” loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori qishloq aholi punktlarining meʼmoriy qiyofasini tubdan yangilashga qaratilgani bilan ahamiyatli, desak mubolagʻa boʻlmaydi.
Unga binoan, 2020-yil 17-yanvarda Oʻzbekiston Respublikasi bilan Jahon bankining Xalqaro taraqqiyot uyushmasi bilan 100 million AQSH dollari miqdorida hamda joriy yil 28-mayda Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki bilan 82 million AQSH dollari miqdorida “Qishloq infratuzilmasini rivojlantirish” loyihasi boʻyicha 5 yillik imtiyozli davr bilan 30 yil muddatga imzolangan qarz (kredit) bitimlari doirasida Fargʻona, Andijon, Namangan, Sirdaryo va Jizzax viloyatlarining iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanishdan nisbatan ortda qolayotgan 21 ta tumanida ulkan qurilish va bunyodkorlik ishlari amalga oshiriladi.
Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi loyihani oʻz vaqtida amalga oshirish va muvofiqlashtirish, shuningdek, Uyushma va Bank kreditlaridan maqsadli va samarali foydalanish boʻyicha masʼul ijro etuvchi organ hisoblanadi. Loyihani amalga oshirishda ishtirok etuvchi barcha tashkilotlar loyiha boʻyicha imzolangan qarz (kredit) bitimlarida koʻrsatilgan mexanizmlar talablariga amal qiladi hamda uni amalga oshirish doirasida Uyushma va Bank kreditlarini qaytarish, shuningdek, ular boʻyicha hisoblangan foizlar, xizmat koʻrsatganlik uchun haq va boshqa toʻlovlar bilan bogʻliq xarajatlar Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan qoplanadi.
Bular hali hammasi emas. Qarorga asosan “Qishloq infratuzilmasini rivojlantirish” loyihasi doirasida Xalqaro taraqqiyot uyushmasi va Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki kreditlarining asosiy qarzini, unga hisoblangan foizlarni va boshqa toʻlovlarni qaytarish prognoz jadvali, shuningdek, Jahon bankining Xalqaro taraqqiyot uyushmasi va Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki ishtirokida “Qishloq infratuzilmasini rivojlantirish” loyihasi doirasida mablagʻlardan foydalanish boʻyicha “Yoʻl xaritasi” ham tasdiqlandi.
Yana bir myhim yangilik - qonunchilikka muvofiq xalqaro moliya institutlarining qarzlari va hukumat tashkilotlarining xalqaro qarzlari hisobidan amalga oshiriladigan loyihalar doirasida agarda ushbu loyihalar xalqaro va xorijiy hukumat moliyaviy tashkilotlari tomonidan 2020-yil 1-iyulga qadar maʼqullangan boʻlsa, yuridik shaxslar tomonidan sotib olinadigan tovarlarni (xizmatlarni) realizatsiya qilishga doir aylanmaga qoʻshilgan qiymat soligʻi va aksiz soligʻi solinmaydi. Mazkur qarz mablagʻlari hisobidan yuridik shaxslar tomonidan bojxona hududiga olib kiriladigan tovarlar bojxona boji toʻlashdan ozod etiladi. Ushbu imtiyozlar natijasida iqtisod qilingan mablagʻlar Oʻzbekiston Respublikasining loyihani amalga oshirishdagi ulushi deb hisoblanadi.
Qarorda belgilab qoʻyilganidek, endilikda Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligi bilan birgalikda loyiha doirasida aholi orasida ijtimoiy-maʼnaviy muhitni sogʻlomlashtirish, mahalla institutini yana-da qoʻllab-quvvatlash hamda oila va xotin-qizlar bilan ishlash tizimini yangi darajaga olib chiqishda doimiy oʻzaro hamkorlikni yoʻlga qoʻyish boʻyicha zarur choralarni koʻradi.
Qarorda har bir viloyat boʻyicha qishloqlar aniqlangandan soʻng, har bir viloyatning tegishli subloyihalar boʻyicha amalga oshirilishi rejalashtirilgan tadbirlari yuzasidan belgilangan tartibda loyihaning texnik-iqtisodiy hisoblari ishlab chiqilishi va ekspertiza organlarida belgilangan tartibda ekspertizadan oʻtkazilishi ham nazarda tutilgan.
Har bir inson bugun kechagidan, ertaga bugungidan yaxshi yashashni istaydi. Soʻnggi yillarda respublika boʻylab “Obod qishloq”, “Obod mahalla” dasturlari asosida qurilayotgan, taʼmirlanayotgan guzar va qishloqlar, yangi madaniyat va istirohat bogʻlari ertangi kunimiz porloq ekanidan darak bermoqda. Bugun Oʻzbekistonda olib borilayotgan siyosat aholi turmush farovonligi, jamiyat taraqqiyoti, insonparvarlik gʻoyasining asosi ham shunda boʻlsa kerak, degan xayolga borasan kishi.
Ilgari qishloqlarda paxsadan tiklangan pastqam uylarda ikki, uch oila tiqilinch yashashlarini yaxshi eslaymiz. Bugun-chi, barcha shart-sharoitga ega boʻlgan, namunaviy loyihalar asosida bunyod etilayotgan uy-joylar hududlarimiz fayzi, koʻrkiga aylanmoqda. Mazkur qarorning ijrosi ham hududlarni kompleks rivojlantirish, ijtimoiy soha obyektlarini barpo etish orqali aholining turmush madaniyatini yuksaltirishga xizmat qilishi shubhasiz. Bunday yaratuvchilik, bunyodkorlik ruhi esa yangi marralarni zabt etishga chorlaydi, kishini.
Nodirjon Abduvaliyev,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,
OʻzLiDeP fraksiyasi aʼzosi
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Tinchlik sulhi shartlari bajarilmoqda: Gʻazo 3 nafar, Isroil 90 nafar mahbusni vataniga qaytardi
- Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirishga oid muhim qarorni imzoladi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Oʻzbekistonda 2025-yil 1-apreldan elektr energiyasi va gaz narxlari oshiriladi
- Harbiy xizmatni oʻtash bilan bogʻliq tartiblar yangilanadi
- Voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasi tizimi takomillashtirilmoqda
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring