Yangi Oʻzbekistonda milliy tarix va milliy ruh

16:07 24 Iyul 2021 Jamiyat
1627 0

Uch ming yillik davlatchilik tariximizda salkam besh yil burun boshlangan yangi bosqich — yangi Oʻzbekiston voqelikka aylanib boʻldi. Sifat jihatidan ushbu tarixiy oʻzgarish Amerika qitʼasidan Yapon orollarigacha boʻlgan ulkan hudud — butun dunyoda tan olingani va olinayotgani ham bor gap. 2018-yili Pokiston hukumati boshqaruviga kelgan Imron Xonning oʻtgan haftada Oʻzbekistonda boʻlishi chogʻida, biz ham yangi Pokistonni quryapmiz, deya faxrlanishiga qaraganda, milliy yetakchimiz Shavkat Mirziyoyevning davlat va jamiyat turmushining barcha yoʻnalishini tubdan yangilashga qaratilgan gʻoyasi boshqalarga ibrat boʻlmoqda.

Odatda nima ibrat boʻla oladi? Oʻzini oqlagan, toʻgʻriligi isbotlangan, koʻpchilik tomonidan tan olingan gʻoya, harakatgina shunday eʼtirofga erishishi mumkin.

Chindan ham, soʻnggi yillarda yurtimizda yuz bergan va berayotgan sifat oʻzgarishlarini oʻzimizgina emas, uzoq-yaqindagilarning barchasi koʻrib turibdi. Shu bilan birga, ularni birinchi boʻlib tuyayotgan oʻzimiz boʻlamiz. Negaki, Oʻzbekiston — bizning yurtimiz, uning kechagi va bugungi kunlarini solishtirishni bizdan boshqa hech kim xolis eplay olmaydi.

Shu oʻrinda, qandaydir 4-5 yilda tarix fanida sodir boʻlgan, hech bir mubolagʻasiz, aqlbovar qilmaydigan oʻzgarishlar haqida soʻz aytish ham farz, ham qarzdir, deb hisoblaymiz.

Umrining yigirma sakkiz yili mustamlaka davrida oʻtgan inson va tarixchi olim sifatida kaminada uchta tarixiy bosqichni solishtirish va tahlil etish imkoni bor.

Qaramlik zamoni bugun koʻpchilikning esidan chiqib qoldi. Bu ham yetmaganidek, uni ulugʻlaydiganlar endilikda ham oramizda uchrab turadi. 1985-yili katta umid va joʻshqinlik bilan FA Sharqshunoslik ­institutiga borganmiz. Biroq ayrim narsalar hayron qoldirish barobarida, norozilik ham uygʻotgan. Barcha katta-kichik yigʻilishlar, hatto faqat toʻrt-besh qorakoʻz qatnashgan yigʻin ham rus tilida olib borilardi. Institut ilmiy faoliyati asosiy yoʻnalishlari Moskvada belgilab berilgan. Oʻzbek millati, davlati, davlatchiligi deb aytish, yozish olimlarning xayoliga ham kelgan emas. Har qanday ilmiy mavzu kommunistik mafkura nuqtayi nazaridan yoritilishi lozim edi.

Mustaqillikka erishgach, boshqa masalalarda boʻlgani kabi tarix fanimizning taqdirini ham oʻz qoʻlimizga oldik. Ilgari mumkin boʻlmagan qarash, yondashuvlar yuzaga chiqdi. Biroq umuman, ilm-fan tizimida boʻlgani singari, tarix fani boʻyicha ham yagona davlat siyosati ishlab chiqilmadi. Kaminaning 1998-yildagi urinishlari, bir qaraganda, samara bergandek koʻrinsa-da, ammo tez orada bu shunchaki «xoʻjakoʻrsin»ga amalga oshirilgani ayonlashib qoldi.

Tarixiy shaxslarimiz, ayniqsa, oʻzbek ayollarining xizmatlarini targʻib etish maqsadida bitilib, 2001-yil boshlarida “Fidokor” gazetasida eʼlon qilingan «Saroymulkxonim» maqolamiz uchun “Azamatning qiladigan boshqa ishi yoʻqmi?” dakkisining sababini oʻsha payt tushunmagandik. Biroq Tarix instituti Milliy universitet tarkibiga qoʻshib yuborilishi munosabati bilan 2016-yilning oʻrtalarida mazkur taʼlim muassasasi hududiga koʻchib borganida roʻy bergan mana bu voqea har qanday vijdonli kishi yuragini larzaga solmay qoʻymaydi: bino dahlizi devorlariga jadid bobolarimiz — Behbudiy, ­Fitrat, Munavvarqori, Abdulla ­Avloniy, Ibrat, Abdulla Qodiriy, Choʻlpon va boshqalarning suratlari oʻrnatilayotgan paytda kelib qolgan juda yuqori martabali amaldor “Yoʻqot bularingni”, deganiga bugun birov ishonadi, birov esa yoʻq.

Qanchadan-qancha olimlar bola-chaqamni boqaman deb, shunday kasbini tashlab koʻchaga chiqib ketgani-chi?! Kimdir kirakashlik qildi, kimdir savdo-sotiq, yana kimdir Rossiyaga joʻnadi... Taʼlim, ayniqsa, uning oliy bosqichi harom-xarish botqogʻiga botib ketganini aytmasa ham boʻladi... Shu yoʻsinda, umuman, ilm-fan, xususan, uning tarix kabi oʻta muhim sohasini oʻldirdik-qoʻydik. Ushbu achchiq haqiqat 1997-yili Fanlar akademiyasi tizimini tark etib, oradan yigirma ikki yil oʻtgach Tarix instituti direktori sifatida yana mazkur katta tizimga qaytib, institut, umuman, tarix fani sohasidagi ahvolning ichiga kirib borganimiz sayin toʻla-toʻkis oʻzini koʻrsatmoqda.

Shu munosabat bilan bir muhim omil ham koʻzga tashlanayotganini urgʻulagan boʻlardik. Boshqa yoʻnalishlarda boʻlgani singari keyingi yillarda tarix fanida ham uygʻonish, jonlanish yuz beribgina qolmay, chindan ham yangilanish jarayoni ildam kechmoqda. Ahvol juda ogʻir boʻlganiga qaramay, yildan-yilga yaqqollashib borayotgan keskin sifat oʻzgarishlari sabablari nimada?

Birinchidan, har qanday zamon va xalq uchun eng birlamchi zarurat — umum-erkinlikning ilk bor jamiyatimiz turmushiga yoppasiga kirib kelishi va kundan-kunga chuqur ildiz otib borayotganidadir. Shavkat Mirziyoyevning tarixiy shaxs sifatida millatimiz oldidagi eng ulugʻ va bosh xizmati xuddi shu tarixiy yutugʻimiz bilan bogʻliq, desak, barcha qoʻllab-quvvatlaydi. Negaki, erkinliksiz hech narsaga erishib boʻlmaydi. Buning isboti uchun yaqin, oʻrta va uzoq oʻtmishimizdagi hayotimizdan yetarlicha dalillar topish mumkin.

Ikkinchidan, nihoyat, millat omili ogʻizda emas, amalda yuzaga chiqdi. Atigi oʻn yillar burun til, adabiyot, tarix, madaniyatni oʻzbek millati bilan bogʻlash, “37 yillar”chalik boʻlmasa-da, oʻshanga yaqinroq darajada “millatchilik”da ayblanib qolishga sabab boʻlganiga shaxsan guvohmiz (2013-yili milliy madaniy merosimiz qonunchiligiga kiritilayotgan mantiqsiz oʻzgartirishlarga qarshi chiqilganda, “xalq dushmani” tamgʻasini qoʻyish bilan qoʻrqitishlar hali esdan chiqqani yoʻq).

Uchinchidan, nihoyat, mustaqil davlatning ilm-fandek oʻta hayotiy va hal qiluvchi sohada oʻz davlat siyosati paydo boʻldi. 2019-yili, yaʼni Istiqlolning yigirma sakkizinchi yiliga kelibgina, tarixda ilk bor “Ilm-fan va ilmiy faoliyat toʻgʻrisida”gi Qonun dunyo yuzini koʻrdi, shuningdek, ilm-fan tizimining eng asosiy muammolari boʻyicha qator Farmon va qarorlari qabul qilindi. “Ilm-fanni 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi Farmon milliy ilm-fan tizimini zamon talablariga koʻra rivojlantirishda katta voqea sanaladi. Ilm-fan va texnologiyalarni rivojlanti­rishning ustuvor yoʻnalishlarining belgilab olinishi esa har qanday davlat va jamiyat uchun hayot-mamot sanalmish tarmoq oqilona boshqarila boshlaganini tasdiqlab berdi.

Toʻrtinchidan, ilm-fan muassasalarining moddiy asosini tubdan yaxshilashga jiddiy eʼtibor berilayotganini urgʻulash lozim. Oʻn yillar ichra qarovsiz yotgan, toʻkilib tushgan binolar tiklanmoqda, yangilari qurilmoqda, asbob-uskunalar, ashyolar sotib olinmoqda.

Mustaqillik yillarida ilk bor yosh olimlarga tekinga va imtiyozli ravishda uylar ajratilgani kechagina birovning tushiga ham kirgan emas.

Eng muhimi, uch-toʻrt yil ichida ilmiy xodimlar oylik maoshi kamida uch marta oshirildi. Kecha magistraturani bitirib, bugun Fanlar akademiyasi ilmiy muassasalaridan biriga stajer-tadqiqotchilikka qabul qilingan yosh yigit-qizlar oyligi 3,5 million soʻm, kichik ilmiy xodimniki esa 4,3 million soʻmga teng. 2017-yili 1,2 million soʻm stipendiya olgan tayanch doktorant (oldingi aspirant) endi 4 million soʻm, 1,6 million soʻm olgan doktorant 5,1 million soʻmlik daromadga ega. Mazkur keskin — uch martadan koʻp, ijobiy oʻzgarish oʻlaroq soʻnggi yillarda ilmga intilayotgan yoshlarning soni oshib bormoqda, direktor uchun esa bu — baxt! Negaki, mutaxassislarni chertib-chertib ishga olish imkoni tugʻilmoqda.

Prezidentimiz tashabbuslari bilan ilmiy faoliyat davlat xazinasidan moliyalashtirila boshlangani, bundan tashqari, davlat ilmiy dasturlari doirasidagi loyihalarni moliyalashtirish ham saqlanib qolgani, ilm-fan va taʼlimning uzviyligini taʼminlash maqsadida olimlarning oliy oʻquv yurtlarida dars berishlari ragʻbatlantirilishi, ilmiy darajasi borlarga qoʻshimcha 30 va 60 foizlik ustama haqi belgilangani ilm ahlining moddiy ahvolini tarixda hech qachon boʻlmagan darajada yuksaltirib yubordi. Eng muhimi, mazkur toʻrt asosiy manba barchaga barobar qoidasiga koʻra emas, balki oʻz ustida tinimsiz ishlayotgan, tarixchilik milliy maktabi taraqqiyotiga oʻz hissasini qoʻshayotgan, yoshlarni tarixiy tafakkur bilan qurollantirishda jonbozlik koʻrsatayotgan, kasbi va millatiga sadoqatli olimlar uchun ochiqdir. Bunday kasbdoshlarimizning soni esa koʻpayib bormoqda. Masalan, bizning institutimizda fan doktorlari orasida tilga olingan barcha manbalar hisobidan oyligi 22 million soʻmga yetadigani ham bor.

2020-yili “tojli ogʻu” avjiga chiqishi munosabati bilan tugʻilgan iqtisodiy qiyinchiliklar, jumladan, davlat xazinasi daromadlari kamayishi sharoitida ham milliy yetakchimiz ilm-fanga moʻljallangan mablagʻdan bir ti­yin ham kesilmasligini qattiq tayinlaganlari esa oʻzbek xalqi va davlatchiligi tarixida yana ilm-fan asri tiklangani, uchinchi Uygʻonish bosqichi shunchaki shior emasligining tasdigʻiligini tushungan tushunadi, tushunmagan hech qachon tushunmaydi.

Beshinchidan, oʻzbek millati yutuqlari bilan bogʻliq boʻlgan, kishilik tarixidagi birinchi va ikkinchi Uygʻonish davr­lari aynan oʻsha kezlarda ulugʻ isteʼdodlarning borligi bilangina emas, balki davlat arboblarimizning ilm-fan, madaniyatga boʻlgan ragʻbatlariga ham bogʻliq boʻlgandir. Boshqacha aytganda, davlatimiz, hukumatimiz, viloyat va shaharlarimiz boshliqlari ilm, madaniyat va maʼrifatda kuchli va ­serqirra boʻlgan paytlarda, biz ­yuksalganmiz. Bilim qadrlanmay, olimlar yerga urilganida esa qoloqlikka, turgʻunlikka yuztuban boʻlingani ham haqiqatdir.

Shu oʻrinda, ilm-fan rivojida ­Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning bilim va ilm-fan mohiyatini, ularning kishilik va millat, shaxs yuksalishidagi ahamiyatini chuqur anglash fazilati oʻzbekning endigi va kelajak avlodlarining yutugʻidir, desak, oshirib yubormagan boʻlamiz. Milliy yetakchimiz qaysi soha va masala boʻlmasin, tibbiyot yoki qurilish, ­xizmat koʻrsatish yoki dehqonchilik, ­ishlab chiqarish yoki taʼlim, harbiy soha yoki tashqi siyosat, barchasi va har birining zamiri va yutugʻida ilm borligi va boʻlishini taʼkidlaydilar, ularni rivojlantirishni kechagi emas, balki eng oldi ilm bilan yoʻlga qoʻyishni talab qiladilar.

Demak, yangi Oʻzbekiston gʻoyasi va jarayonining oʻzi ilmdir. Bunga hech bir shubha yoʻq. Negaki, ilmning birinchi talabi yangilik yaratishdir.

Oltinchidan, davlatimiz boshligʻi har bir chiqishi va tadbirda ulugʻ ajdodlarimiz, boy va qadim tariximizni tilga oladi. Buyuk oʻtmishimiz bilan gʻururlanish tuygʻusini xalqimiz, ayniqsa, yoshlarimizga yetkazish ishiga tinimsiz urgʻu berib kelmoqda.

Shu yilning yanvar oyida Maʼnaviyat va maʼrifat kengashi yigʻilishida Prezidentimiz masalani koʻndalang qoʻydi: «Milliy tarixni ­xalqimiz, ayniqsa, yoshlarimizga milliy ruhda yetkazish, ularning qalbiga, shuuriga singdirish kerak. Aks holda, uning ­tarbiyaviy taʼsiri boʻlmaydi. Biz yoshlarimizni tarixdan saboq olish, xulosa chiqarishga oʻr­gatishimiz, ularni tarix ilmi, tarixiy tafakkur bilan qurollantirishimiz zarur. Buning uchun, avvalo, Oʻzbekistonda tarix fanini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasini ishlab chiqishimiz lozim. Tarix institutini bu fanni rivojlantirish boʻyicha “tayanch ilmiy muassasa” etib belgilash zarur».

Adolat yuzasidan aytganda, tarix fani yuqorida tilga olingan omillar sharoitida yashamoqda va bu biz — tarixchilarning baxti! Tarixchi olim uchun erkinlik, millat qaygʻusi ustuvor sharoitda yashash va ishlash, davlat va jamiyat eʼtibori, ayniqsa, millat yetakchisining uzluksiz qoʻllovidan boshqa yana nima kerak?! Bundan buyogʻiga faqat bir narsa talab qilinadi, xolos: ishonchni oqlash! Butun borligʻimizni berib boʻlsada, ushbu yuksak ishonchni oqlaymiz ham.

Azamat ZIYO,
Oliy Majlis Senati aʼzosi,
OʻzFA Tarix instituti direktori,
tarix fanlari doktori, professor.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?