Yangi oʻquv yili tizimdagi yangi oʻzgarishlarga poydevor boʻladi

18:42 04 Sentyabr 2023 Jamiyat
469 0

Foto: “Xalq soʻzi”

Samarqand viloyatining barcha umumtaʼlim maktablarida ham “Yangi hayot uchun, yangi Oʻzbekiston uchun!” shiori ostida “Birinchi qoʻngʻiroq” tadbirlari oʻtkazildi. Oʻzbekiston Respublikasi davlat madhiyasi sadolari ostida Narpay tumanidagi 17-umumtaʼlim maktabida boʻlib oʻtgan “Birinchi qoʻngʻiroq” tadbirida tumani hokimi Sherzod Rahmonov ishtirok etib, oʻqituvchi va oʻquvchilar, ota-onalarni yangi oʻquv yili bilan muborakbod etdi.

Taʼkidlash lozimki, joriy yilda 17-umumtaʼlim maktabining bitiruvchilari Oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga kirish boʻyicha 100 foizlik natijaga erishgan edi. Tadbirga yigʻilganlar oʻquvchilarni ana shunday yuqori natijani saqlab qolgan holda, ilm sirlarini yana ham chuqur egallashga undadi.

Foto: “Xalq soʻzi”

Oqdaryo tumanining Istiqlol mahallasidagi 14-umumtaʼlim maktabida esa “Birinchi qoʻngʻiroq” tadbiri qoʻshaloq bayramga aylanib ketdi. Maktabga joriy yilda 140 oʻrinli qoʻshimcha yangi bino qurilib berildi. Yangi oʻquv yili boshlanishi bilan mazkur bino foydalanishga topshirilib, tantanali ochilish marosimi oʻtkazildi. Ishtirokchilar yangi binoda yaratilgan shart-sharoitlar bilan tanishib, oʻquvchi yoshlarni bugungi quvonchli kun bilan tabrikladi.

Shu oʻrinda aytish kerakki, “Insonga eʼtibor va sifatli taʼlim yili” deb nom olgan 2023-yilda viloyatdagi 158 ta umumtaʼlim maktabi, 54 ta maktabgacha taʼlim tashkiloti, 14 ta jismoniy tarbiya va sport muassasalari, 6 ta oliy taʼlim muassasalarini rekonstruksiya va mukammal taʼmirlash ishlari amalga oshirildi. Respublika byudjeti mablagʻlari hisobidan Samarqand shahrining Qorasuv massivida 1680 oʻrinli, Urgut tumanidagi Mergancha mahallasida 990 oʻrinli yangi maktab binolari qurilmoqda.

Foto: “Xalq soʻzi”

Hozirgi vaqtda mamlakatimizda “Yangi Oʻzbekiston”ning oʻziga xos taʼlim tizimini shakllantirish jarayoni kechmoqda. Maktablarda oʻquvchilarga ikkita xorijiy til va kasb-hunar oʻrgatish tizimining yoʻlga qoʻyilganligi, davlat umumtaʼlim maktablari bilan bir qatorda nodavlat shakldagi maktablar, Prezident, ixtisoslashtirilgan va ijod maktablari faoliyat yuritayotgani va yangi baholash tartibi joriy etilganligi ushbu tizimda qisqa muddatda chuqur tarkibiy va sifat oʻzgarishlari yuz berganini koʻrsatadi.

Joriy oʻquv yili boshidan maktab taʼlimini isloh qilish, jumladan, maktabda oʻquvchilarga sifatli taʼlim berish bilan birga, ularni ikkinchi xorijiy til va kamida 1 ta kasbni oʻrganishlarini tizimli tashkil etilishiga alohida eʼtibor qaratilmoqda.

— Shundan kelib chiqib Samarqand viloyatida 1 ta shahar va 2 ta tumanidagi 3 tadan maktablarda oʻquvchilarga ikkinchi xorijiy til va kasbni oʻrgatish ishlarini tashkil etish maqsadida Samarqand shahar, Pastdargʻom va Urgut tumanidagi 3 tadan umumtaʼlim maktablari tajriba-sinov shaklida tanlab olindi, — deydi Samarqand viloyati Maktabgacha va maktab taʼlimi boshqarmasi boshligʻi Shokir Sultonov. — Ushbu 3 ta tuman va shahardan tashqari qolgan 13 ta tuman va shaharlarda ham bittadan maktablar tayanch sifatida tanlab olinib, ularda oʻquvchilarni ikkinchi xorijiy til hamda kasb oʻrganishlari uchun mahalliy hokimliklar tomonidan zaruriy shart-sharoitlar bilan taʼminlash ishlari olib borildi. Xullas. yangi oʻquv yili tizimdagi yangi oʻzgarishlarga poydevor boʻladi.

Foto: “Xalq soʻzi”

Davlatimiz rahbari 24-avgust kuni Samarqand viloyatiga qilgan tashrifi chogʻida Oqdaryo tumanidagi 32-umumtaʼlim maktabida boʻlib, bu yerda oʻquvchilarga taʼlim berish va ularni kasbga oʻrgatish borasida qilingan ishlar, yoshlarga yaratilgan sharoitlar bilan tanishgan, oʻqituvchilar, yozgi toʻgarakka kelgan bolalar bilan suhbatlashib, galdagi aniq vazifalarni belgilab bergan edi.

782 oʻquvchiga moʻljallangan mazkur maktab joriy yilda 7,5 milliard soʻm mablagʻ evaziga kapital taʼmirlandi. 22 ta sinfxona, sport zali, oshxona, STEM laboratoriyasi, kompyuter xonalarida zamonaviy sharoitlar yaratilgan.

Endilikda ushbu dargoh bitiruvchilari maktab hududidan chiqmagan holda nazariy bilimlarini mustahkamlash barobarida til oʻrganib, 15 xil kasb-hunar egallash orqali hayotga tayyor boʻlib borishadi. Chunki maktabning boʻsh turgan yer maydonida yengil konstruksiyalardan qoʻshimcha xonalar qurilib, 15 xil kasb-hunar oʻrgatish uchun sharoit yaratildi. Bu yerda oʻquvchilar kompyuter, texnik xizmat koʻrsatish, toʻquvchilik, sartaroshlik, kosmetologiya, kulolchilik, oʻymakorlikning ilk saboqlarini oʻrganmoqda.

Foto: “Xalq soʻzi”

— Men yoshligimdan qandolatchilikka qiziqqanman va juda ham koʻp harakat qilganman. Lekin bunday sharoitlar yoʻq edi, — deydi Feruza Rashidova — Mana endilikda shu yerda olti oydan beri mutaxassislardan pishiriq pishirish, har xil shirinliklar va tort bezatish sirlarini oʻrganyapmiz. Har xil uskunalar, pechlar shu yerda bor. Barcha sharoitlar yaratilgan.

Taʼlim tizimidagi bunday oʻzgarishlardan koʻzlangan maqsad — maktablarda oʻquvchilarga chuqur bilim berish bilan birga, ularni hunarli qilib tarbiyalash. Shunda oʻquvchilar maktabni bitirganda hunari bor, ishiga ega shaxs boʻlib chiqadi.

Davlatimiz rahbarining topshirigʻi asosida keyingi oʻquv yiliga qadar Samarqand viloyatdagi har bir tumanda 10 tadan maktabda xuddi shunday tizim yoʻlga qoʻyiladi. Shuningdek, bu boradagi Samarqand tajribasi butun Respublikaga joriy qilinadi.

Abdulaziz Yoʻldoshev, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?