“Yangi nafas” Fargʻonada minglab yoshlarni mushtarak maqsad sari birlashtirdi

13:55 26 Iyun 2022 Jamiyat
756 0

Foto: Xalq so‘zi

Fargʻona shahrida Yoshlar kuni oldidan tashkil etilgan “Yangi nafas” yugurish marafonida 4 ming nafardan ziyod professional va havaskor sportchilar, harbiylar, talabalar, uyushmagan yoshlar hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

— Sportning ommaviy turlarini keng rivojlantirish hamda sogʻlom turmush tarzini targʻib etishga qaratilgan izchil saʼy-harakatlar oʻzining amaliy samarasini bermoqda,-deydi Fargʻona viloyati sportni rivojlantirish bosh boshqarmasi boshligʻi Nodirbek Hakimov. — Ayni paytda viloyat aholisining 25 foizi, yaʼni 982 ming 548 nafari sportning 63 ta turi boʻyicha muntazam shugʻullanadi. Tabiiyki, ularning katta qismini yoshlar tashkil etadi.

Mazkur marafonga tayyorgarlik jarayonida Fargʻona viloyati hokimligi tomonidan alohida chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqilib, Fargʻona shahri koʻchalarida keng koʻlamli obodonlashtirish va koʻkalamzorlashtirish ishlari olib borildi. Anvoyi gullar alleyalari yaratildi, markaziy koʻchalarda ommaviy sportni targʻib etuvchi koʻrgazmali pannolar oʻrnatildi.

Bugun erta tongda “Yangi nafas” musobaqasi viloyat markazining Ahmad Fargʻoniy koʻchasidan boshlanib, Yuksalish koʻchasi boʻylab davom etdi. Qatnashchilar 3 kilometr masofani bosib oʻtgach, Islom Karimov nomidagi viloyat konsert-saroyi xiyobonida tantanali ravishda kutib olindi.

Taqdirlash marosimida “Eng keksa erkak ishtirokchi”, “Eng keksa ayol ishtirokchi”, “Eng yosh oʻgʻil bola ishtirokchi”, “Eng yosh qiz bola ishtirokchi” kabi nominatsiyalar boʻyicha gʻoliblar ragʻbatlantirildi.

— Yoshlar kuni oldidan uyushtirilgan musobaqa barcha tengdoshlarimizda unutilmas taassurotlar qoldirdi,-deydi Fargʻona davlat universiteti talabasi Nodira Tursunova. — Bunday tadbirlar mushtarak maqsad yoʻlidagi orzu-maqsadlarimizga kuch-quvvat baxsh etadi. “Yangi nafas”da ishtirok etgan har yigit-qiz bugun ana shunday tuygʻuni yana bir bor qalban his etgan boʻlsa. ajab emas.

 

Botir Madiyorov, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?