«Yangi nafas» bilan yangi manzillar sari

14:26 13 Mart 2023 Jamiyat
401 0

Foto: Xalq so‘zi

Mamlakatimizning 15 shahrida 50 mingdan ziyod turli yoshdagi sportsevar hamyurtlarimiz ishtirokida boʻlib oʻtgan «Yangi nafas» ommaviy yugurish marafoni Andijonda ham koʻtarinki ruhda tashkil etildi.

«Bir vatanda, bir vaqtda, bir masofaga, bir maqsadda – birga yuguramiz!» shiori ostida oʻtkazilgan tadbirda mahalliy hokimliklar vakillari ham faol ishtirok etdi.

— Har bir kunim maʼlum masofaga yugurish bilan boshlanadi, — deydi Andijon davlat universiteti talabasi Maxliyo Shukurova. — Bu, eng avvalo, salomatligim uchun muhimdir. Qolaversa, kundalik odatim bugungi marafonda finishga birinchilardan boʻlib yetib kelishimga sabab boʻldi. Fursatdan foydalanib, bizning manfaatimiz uchun tashkillashtirilayotgan bu kabi tadbirlar har kungi amaliyotimizga aylanishini tilayman. Shundagina koʻzlangan maqsadga yetishamiz.

Marafon yakunida faol ishtirokchilar viloyat hokimligining esdalik sovgʻalari bilan taqdirlandilar.

Samarqandning muazzam manzillaridan biri sanalmish «Buyuk ipak yoʻli» xalqaro turizm markazidan boshlangan marafonda esa 8 mingga yaqin ishtirokchilar 3 kilometr masofani bosib oʻtdi.

Erkaklar oʻrtasidagi bahsda ishtixonlik Siroj Ravshanov, qizlar bahsida pastdargʻomlik Zuhra Qurbonova finishga birinchi boʻlib yetib keldi.

Marafonda, shuningdek, imkoniyati cheklangan fuqarolar hamda «Eng yosh ishtirokchi» va «Eng yoshi ulugʻ ishtirokchi» kabi nominatsiyalar boʻyicha gʻoliblar aniqlandi.

Saminjon XUSANOV.

Abdulaziz YOʻLDOSHEV, «Xalq soʻzi».

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?