Yangi Konstitutsiya – osoyishtaligimizni taʼminlovchi, bizni himoya qiluvchi, barchamizning madaniy rivojlanishimiz uchun shart-sharoit yaratuvchi Qomusdir
Foto: Arxiv surat
Yangilanayotgan Bosh Qomusimizning mamlakatimiz taraqqiyotidagi tutgan oʻrni beqiyos boʻlib, u aholining barcha qatlamlari manfaatini koʻzlagan holda shakllantirilgan. Masalan, Konstitutsiyaning 65-moddasidagi: “Onalik va bolalik davlat tomonidan muhofaza qilinadi” degan jumla oʻrniga “Bolaning manfaatlari, bolalarning toʻlaqonli, jismoniy, aqliy va madaniy rivojlanishi uchun barcha shart-sharoitlarni yaratish davlat siyosatining eng muhim ustuvor yoʻnalishidir. Onalik, otalik va bolalik davlat tomonidan muhofaza qilinadi. Davlat va jamiyat bolalarda hamda yoshlarda milliy va umuminsoniy qadriyatlarga sodiqlikni, buyuk ajdodlarimizning boy maʼnaviy merosidan faxrlanish tuygʻusini shakllantirish toʻgʻrisida gʻamxoʻrlik qiladi”, degan jumlalarning kiritilishi davlatimizning millat kelajagi uchun qaygʻurishi, uning manfaatlarini himoya qiluvchi maʼnaviy-axloqiy sifatlarning implitsit shakllanishini taʼminlashga qaratilganligi bilan ahamiyatlidir.
Jahonda kuchayib borayotgan turli mafkuraviy xavf-xatar va ziddiyatlar, destruktiv gʻoyalar xuruji el-yurt tinchligi va osoyishtaligiga tahdidlar masʼul davlat tuzilmalariga oʻz faoliyatini “Barcha saʼy-harakatlar inson qadri uchun” degan ustuvor gʻoya asosida yanada birlashtirish vazifasini yuklamoqda. Yer kurrasining mafkuraviy maydonlaridagi siyosiy raqobati yadro poligonlaridan ham shiddatliroq tus olayotganligidan kelib chiqib, yoshlarning maʼnaviy-axloqiy sifatlarini rivojlantirish, ularda qadriyatli munosabatlar faoliyati ustanovkalarini shakllantirish, ongiga yuksak maʼnaviy fazilatlarni singdirishga qaratilgan pedagogik jarayonlarni tashkil qilishga alohida ahamiyat qaratilmoqda.
Yangi tahrirdagi Konstitutsiya yoshlarga taʼsir etayotgan maʼnaviy xatarlarning oldini olish, ular orasida transseksual, kriminal xatti-harakat, huquqbuzarliklar va jinoyatchilikning sodir boʻlishini kamaytirish, gumanizm, tolerantlik, ijtimoiy intellektni rivojlantirish, oʻzaro munosabatda hurmat, keng feʼllik, kechirimlilik, sabr, oqibat tuygʻularini kuchaytirish mexanizmlarini takomillashtirishga eʼtibor qaratilganligi bilan qimmatlidir! Shu bilan birga, jamiyat manfaatlari bilan bogʻliq yondashuvlar asosida aholi oʻrtasida empatiya, maʼnaviy altruistik qarashlarni kengaytirish,jamiyat tomonidan belgilangan maʼnaviy-axloqiy normalariga rioya qilish mexanizmlarini takomillashtirish ham unda oʻz aksini topgan.
Mamlakatimizda yoshlarni ijtimoiy munosabatlar tomon yoʻllash natijasida ularni shaxs va subyekt sifatida shakllanishi, aqliy rivojlanishi, tarbiyalanganlik darajasining oʻsishi, jamiyat tomonidan belgilangan xulq normalariga rioya qilishi, tabiiy imkoniyatlarini roʻyobga chiqarishi, ijtimoiy tajriba orttirish imkoniyatlarini kengaytirish – bularning barchasi yangi tahrirdagi Konstitutsiyada oʻz aksini topgan. Yangi mazmundagi milliy mental xarakterimizga mos keladigan tolerantlik, bagʻrikenglik, yuksak axloqiy dunyoqarashni oʻzida mujassam etgan Konstitutsiyamiz bizning manfaatlarimizni ifodalaydi.
Ayniqsa, mazkur hujjatda yoshlarni maʼnaviy-axloqiy va jismoniy barkamol etib tarbiyalash, ularga taʼlim-tarbiya berish tizimini sifat jihatidan yangi bosqichga koʻtarish, oliy axloqiy fazilatlar, empatik gʻamxoʻrlik bilan bogʻliq maʼnaviy tuygʻular, namoyon qiluvchi psixologik-pedagogik tizimni takomillashtirilishiga keng imkoniyatlar yaratilishiga huquqiy baza boʻlib xizmat qiluvchi ushbu Qomus aholining barcha qatlamlarining oʻz salohiyatlarini toʻla namoyon etishga yordam beradi.
Abdullayeva Shaxzoda Abdullayevna,
Nizomiy nomidagi Toshkent davlat
pedagogika universiteti professori,
pedagogika fanlari doktori.
Abdullayev Komiljon Risqulovich,
Nizomiy nomidagi Toshkent davlat
pedagogika universiteti katta oʻqituvchisi,
falsafa fanlari doktori (PhD)
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Tinchlik sulhi shartlari bajarilmoqda: Gʻazo 3 nafar, Isroil 90 nafar mahbusni vataniga qaytardi
- Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirishga oid muhim qarorni imzoladi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Oʻzbekistonda 2025-yil 1-apreldan elektr energiyasi va gaz narxlari oshiriladi
- Harbiy xizmatni oʻtash bilan bogʻliq tartiblar yangilanadi
- Voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasi tizimi takomillashtirilmoqda
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring