Yangi ijodiy ufqlar sari rag‘bat

21:02 14 May 2024 Jamiyat
382 0

Foto: Sirojiddin Vohidov / «Xalq so‘zi»

Poytaxtimizdagi “O‘zbekiston” xalqaro anjumanlar saroyida “Oltin qalam” XVIII Milliy mukofoti uchun xalqaro tanlovning g‘olib va sovrindorlari tantanali taqdirlandi.

Muhtasham saroy foyesida taqdirlash marosimi ishtirokchilari va mehmonlari, ustoz jurnalistlar, soha fidoyilari, oliy o‘quv yurtlari professor – o‘qituvchilari, talabalar, xalqaro tashkilotlar va elchixonalarning vakillari, qator xorijiy davlatlardagi media uyushmalarining mutasaddilari kutib olindi. Kamer orkestr ijrosida kuy-qo‘shiqlar yangradi, hunarmandchilik mahsulotlari va kitoblar ko‘rgazmasi tashkil etildi. OAV xodimlari uchun press-xoll faoliyati ham yo‘lga qo‘yildi.

O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi tomonidan an'anaviy tarzda o‘tkazilayotgan ushbu tanlov o‘tgan yildan boshlab yangicha nizom asosida tashkil etilmoqda. Prezidentimizning 2022 yil 27 iyundagi “Ommaviy axborot vositalarini qo‘llab-quvvatlash va jurnalistika sohasini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bu borada muhim dasturilamal bo‘lyapti.

 

Tadbirda mamlakatimizda so‘z erkinligi va jurnalistika rivojiga e'tiborning yorqin ifodasi sifatida “Oltin qalam” Milliy mukofoti ham mazmun va ko‘lam jihatidan yildan-yilga boyitib borilayotgani takidlandi.

 

Davlatimiz rahbarining yuqoridagi qaroriga muvofiq, tanlov g‘oliblarini rag‘batlantirish ko‘lami ham yanada kengaydi. Jumladan, bosh milliy mukofot uchun avtomobil taqdim qilinmoqda.

Shuningdek, birinchi o‘rin sohibi bazaviy hisoblash miqdorining 200 baravari, ikkinchi o‘rinni olgan bazaviy hisoblash miqdorining 175 baravari, uchinchi o‘rin egasi bazaviy hisoblash miqdorining 150 baravari miqdoridagi pul mukofoti bilan taqdirlanyapti.

Rag‘batlantiruvchi nominasiyalar soni va ularga beriladigan pul mukofotlari ham oshgan. Xususan, 12 ta rag‘batlantiruvchi nominasiyaning har biriga bazaviy hisoblash miqdorining 100 baravari miqdorida bir martalik pul mukofoti ajratilyapti.

Ijodiy ishlarni saralashda ham ochiqlik va shaffoflikka e'tiborning kuchaygani mukofotning nufuzini, ommabopligini yanada yuksaltirmoqda.

Bunday e'tiborga mos ravishda tanlovda qatnashuvchilar soni ham yildan-yilga ko‘payib bormoqda. Bu yilgi tanlovga televidenie yo‘nalishida mamlakatimizdagi davlat va nodavlat telekanallarida faoliyat olib borayotgan 98 nafar jurnalist o‘z materiallarini taqdim etgan bo‘lsa, radio yo‘nalishida 26 nafar, bosma OAV yo‘nalishida esa eng ko‘p — 178 nafar, internet nashrlari yo‘nalishi bo‘yicha 75 nafar, “Chet ellik jurnalistning O‘zbekiston haqidagi eng yaxshi materiali uchun” nominasiyasida ham har yilgidan ko‘p — 40 dan ortiq davlatdan 100 nafarga yaqin jurnalist qatnashgan.

Bu yilgi tanlovning o‘ziga xos jihatlaridan biri shundaki, odatda har yili jamoaviy qatnashuvchi tahririyatlar soni besh-o‘nta bo‘lardi. Joriy yilda oldingi yillarga nisbatan jamoaviy ishtirok etuvchilar soni uch barobar oshgan, ya'ni 40 taga yaqin tahririyat tanlovga ijodiy ishlarini taqdim etgan.

 

Xalqaro tanlovda “Publisistik janrdagi eng yaxshi kitob uchun” yo‘nalishi 12 ta nominasiyadan biri sifatida belgilangan. Ushbu nominasiya bo‘yicha 22 nafar jurnalist 30 ga yaqin publisistik janrdagi kitoblari bilan ishtirok etdi. “Eng yaxshi fotoreportaj uchun” nominasiyasi g‘olibi esa 47 nafar fotojurnalistning 1500 ga yaqin ijodiy ishlarini baholash orqali aniqlandi. Bu yo‘nalishda ishtirok etgan ijodkorlar soni o‘tgan yilga nisbatan qariyb 3 barobar oshgani fotojurnalistning jamiyat hayotida faolligidan dalolat beradi. Rag‘batlantiruvchi nominasiyaning qolgan 10 ta yo‘nalishi g‘oliblari tanlovning televidenie, radio, bosma nashrlar va internet nashrlari bo‘yicha 550 nafarga yaqin OAV vakillari orasidan mukofotga loyiq ko‘rilgan.

Tanlovga taqdim etilgan ishlar hay'at a'zolari tomonidan bugungi kun talablari — yuksak professionalizm, jurnalistning fuqarolik pozisiyasi, tanqidiy-tahliliy mushohada, so‘zga mas'uliyat va ifoda mahorati, ijodiy faoliyatga yangicha yondashuv mezonlari asosida ko‘rib chiqildi.

Tantanali tadbirda televidenie, radio, bosma ommaviy axborot vositalari, internet nashrlar yo‘nalishi, barcha nominasiyalar bo‘yicha g‘oliblarga maxsus statuetka, pul mukofoti va diplomlar tantanali topshirildi.

— G‘oliblar qatorida ekanimdan bag‘oyat xursandman, — deydi tanlovning bosma nashrlar yo‘nalishi bo‘yicha 1-o‘rin sohibi “Jadid” gazetasi bo‘lim mudiri Shoyim Bo‘taev. — Bu mamlakatimiz ravnaqi, xalqimizning ma'naviy kamoloti yo‘lida jonkuyarlik bilan yashayotgan, mehnat qilayotgan, izlanayotgan kishi, albatta, e'tirof etilishi, rag‘batlantirilishiga ishonchimni yana bir bor mustahkamladi. Uzoq yillardan buyon ijod maydonidaman. Turli matbuot nashrlarida xoh badiiy asarlar, xoh publisistik maqola, xoh suhbat tarzida bo‘lsin, ijodiy g‘oyalarimizni, ona tilimizning go‘zalligini, beqiyos ifoda imkoniyatlarini, fikr-qarashlarimizni namoyon etib kelyapmizki, maqsadimiz — ular xalqimizning badiiy didini o‘stirishga, ko‘ngil ko‘zini ochishga, dunyoqarashini boyitishishga, ma'naviyatini yuksaltirishga, yurtimizda yuz berayotgan tarixiy o‘zgarishlardan xabardorligini oshirishga, ularning mohiyatini teran tushunishga xizmat qilsin. Mehnatlarimiz e'tirofi bizni yangi ijodiy dovonlarni zabt etishga undaydi.

Bosh milliy mukofotga “UzReport TV” telekanali jamoasi munosib topildi. Unga yengil avtomobil kaliti, maxsus statuetka va diplom tantanali ravishda topshirildi.

San'at ustalari va ijrochi yoshlar ishtirokidagi kuy-qo‘shiqlar yig‘ilganlarga xush kayfiyat bag‘ishladi.

 

 

Biz uchun yanada quvonarlisi tanlov g‘oliblari safida hamkasbimiz ham bor. “Народное слово” gazetasi mas'ul kotibi Nurlan Usmonov bosma nashrlar yo‘nalishi bo‘yicha 2-o‘ringa sazovor bo‘ldi.

Jonkuyar va talabchan jurnalistni ushbu muvaffaqiyat bilan tabriklab, unga yangi ijodiy marralar sari dadil odimlashda kuch-quvvat, g‘ayrat-shijoat tilaymiz.

Dilshod KARIMOV

(“Xalq so‘zi”).

 

 

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?