Yakuniy bosqich Toshkentda

11:21 03 Iyun 2024 Jamiyat
185 0

Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni Toshkentda FEMO International VI Xalqaro olimpiadasining final bosqichi ishtirokchilari yigʻildi.

1–5-sinf oʻquvchilari oʻrtasida oʻtkazilayotgan mazkur keng koʻlamli va ahamiyatli tadbir maktab oʻquvchilarida matematika faniga qiziqishni rivojlantirish, bilim saviyasini oshirish, raqobatchilik ruhini shakllantirishga xizmat qilmoqda. Olimpiada butun dunyodan iqtidorli bolalarni aniqlash va qoʻllab-quvvatlash, xalqaro tajriba almashish va xalqlar oʻrtasidagi doʻstlikni mustahkamlash uchun noyob platforma hisoblanadi.

Bu yil mazkur tadbirda Qozogʻiston, Gruziya, Qirgʻiziston, Rossiya, Tojikiston, Turkiya va Oʻzbekistondan 300 dan ortiq ishtirokchi qatnashmoqda. Olimpiadaning yakuniy bosqichining ochilish marosimida Qozogʻiston Respublikasining Oʻzbekiston Respublikasidagi Favqulodda va Muxtor elchisi Beybut Atamqulov maktab oʻquvchilari oʻrtasida oʻtkazilayotgan bilim bellashuvi ishtirokchilariga murojaat qildi:

— Insoniyatning madaniy va ilmiy boyliklarini oʻzida mujassamlashtirgan, azal-azaldan jahon sivilizatsiyasi beshiklaridan biri boʻlgan zamonaviy Oʻzbekiston poytaxti Toshkentda yosh oʻgʻil-qizlarimizni koʻrishdan mamnunman. Bu saxovatli zamin Xorazmiy, Beruniy, Ibn Sino, Mirzo Ulugʻbek va boshqa buyuk alloma va mutafakkirlarning vatani boʻlib, ularning ilmiy yutuqlari jahon fani va madaniyatining oltin fondiga mangu kirgandir.

FEMO International xalqaro olimpiadasi turli mamlakatlar maktab oʻquvchilari oʻrtasida matematika koʻnikmalarini rivojlantirish va doʻstlikni mustahkamlashga xizmat qiluvchi muhim tadbirdir. Barcha ishtirokchilarga omad, muvaffaqiyat va yangi yutuqlar tilayman. Ushbu tadbir ilhom va yangi bilim manbaiga aylansin, — dedi elchi.

Olimpiadaning qishki bosqichi oʻtgan yilning dekabr oyida, bahorgi bosqichi aprel oyida Qozogʻistonda muvaffaqiyatli oʻtkazildi. Gʻoliblar Toshkentda toʻplanishdi.

— Ilk bor FEMO International olimpiadasi 2016-yilda Ostona shahrida oʻtkazilgan, – deydi “BnB Venture Fund” direktorlar kengashi aʼzosi, “Fizmat Endowment Fund” jamoat jamgʻarmasi prezidenti Aset Altiboyev. — 2018-yildan buyon olimpiada xalqaro maqomga ega boʻlib, Gruziya, Qirgʻiziston va Oʻzbekiston yoshlarini qamrab oldi. Birinchi xalqaro FEMO International olimpiadasi 2019-yilda Almati shahrida boʻlib oʻtdi, uning gʻoliblari Alaniya (Turkiya) shahridagi “IFSS 2019” xalqaro lageriga taklif qilindi.

Tadbir Qozogʻiston Respublika fizika-matematika maktabi va “Fizmat Endowment Fund” jamgʻarmasi koʻmagida “Fizmat Academy” tomonidan tashkil etildi. Tashkilotchilar yakuniy bosqichni tashkil etish va oʻtkazishda koʻrsatgan yordami uchun Qozogʻistonning Oʻzbekistondagi elchixonasiga alohida minnatdorchilik bildirishdi. Shuningdek, tadbirda hamkorlar va homiylar – Toshkentdagi “Oxbridge International School”, Qozogʻiston Respublika fizika-matematika maktabi, “Fizmat Endowment Fund” va “Master Food” MCHJga minnatdorchilik bildirdilar.

Nurlan USMONOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?