XIX Osiyo oʻyinlari chempioni Umid Esanovga ikki xonali uy berildi

13:52 20 Oktyabr 2023 Jamiyat
210 0

Foto: “Xalq soʻzi”

Xitoyning Guanjou shahrida boʻlib oʻtgan XIX yozgi Osiyo oʻyinlarida Navoiy viloyatidan 10 nafar sportchi ishtirok etib, mamlakatimiz sporti sharafini himoya qildi.

Ularning 4 nafari mazkur nufuzli xalqaro musobaqada muvaffaqiyatli qatnashib, gʻolib va sovrindorlar safidan joy olishdi. Xususan, sportning kurash turida oʻz vazn toifasida Umid Esanov mutlaq gʻoliblikni qoʻlga kiritib, musobaqa shohsupasidan oʻrin olgan boʻlsa, baydarka va kanoeda eshkak eshish sportining jamoaviy bahslarida Shahrizoda Mavlonova, futbol boʻyicha 23 yoshgacha boʻlgan jamoalar oʻrtasidagi bahslarda mamlakatimiz terma jamoasi safida toʻp surgan futbolchilar Sherzod Esanov hamda Jasur Jaloliddinov 3-oʻrinni egallab, musobaqalarning bronza medallari bilan taqdirlandilar.

— Boshing uzra Oʻzbekiston bayrogʻi koʻtarilib, butun arenani mamlakatimiz madhiyasi larzaga solgandagi hayajon va kechinmalarni soʻz bilan ifodalab boʻlmaydi, — deydi XIX Osiyo oʻyinlari chempioni Umid Esanov. – Albatta, bu gʻalabalar mamlakatimizda sportga qaratilgan eʼtiborning samarasi deb bilaman. Sportchi jismonan yetuk boʻlishi mumkin, lekin gʻamxoʻrlik va ragʻbatni his etmasa, maʼnan gʻoliblikni qoʻlga kiritishga tayyor boʻla olmaydi.

Viloyat hokimligida Osiyo oʻyinlarining ishtirokchi va sovrindorlari sharafiga qabul marosimi uyushtirildi. Uni viloyat hokimi N. Tursunov soʻzga chiqib, yurtimiz sporti sharafini dunyoga taratishdagi muvaffaqiyalari bilan qutlab, Umid Esanovga 100 million soʻm pul mukofoti va ikki xonali kvartiraning kalitini topshirdi. Shuningdek, Osiyo oʻyinlarida sovrindorlar qatoridan oʻrin olgan navoiylik sportchilar hamda ularning murabbiylari ham munosib ragʻbatlantirildi.

Temur ESHBOYEV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?