WBA Shahram Gʻiyosov va Rolli Romero jangiga buyruq berdi
Jahon boks assotsiatsiyasi (WBA) rasman yarim oʻrta vazn toifasida jahon chempioni Rolando “Rolli” Romero hamda oʻzbekistonlik bokschi Shahram Gʻiyosov oʻrtasida jang tashkil etishni buyurdi. Bu haqda tashkilotning rasmiy saytida xabar berildi.
Maʼlum qilinishicha, WBA Romero va Gʻiyosovga kelishuvga erishishi uchun 13-noyabrgacha muhlat bergan. Tomonlar shu muddat ichida kelishuv imzolamasa, jang shartnomalari auksion orqali hal etiladi.
Rolando Romero (19 jang, 17 gʻalaba (13 nokaut) va 2 magʻlubiyat) joriy yil may oyida Nyu-Yorkda Rayan Garsiyani magʻlub etganidan soʻng WBA versiyasi boʻyicha jahon chempioni boʻlgan. U iyun oyida, Jaron Ennisdan vazn toifasini oʻzgartirganidan keyin toʻliq chempion sifatida tan olingan.
Qoidaga koʻra, Romero chempionlik kamarini qoʻlga kiritgan kundan boshlab 120 kun ichida uni himoya qilishi kerak edi, bu muddat esa 1-sentyabr kuni yakunlangan. Endilikda amerikalik bokschi ushbu kamar uchun majburiy daʼvogar Shahram Gʻiyosovga qarshi ringga chiqishi shart.
Biroq sport nashrlari Romero — Pakyao jangi tashkil etilishi ehtimoli yuqoriligi haqida yozmoqda. Sababi, filippinlik 46 yoshli afsonaviy bokschi Pakyao joriy yil 24-yanvar kuni Las-Vegasda ringga qaytishini eʼlon qilgan, ammo raqibi haqida maʼlumot bermagan edi.
Bu oʻzbekistonlik bokschi yana bir bor chempionlik jangidan quruq qolishi mumkinligini anglatadi. Shahram Gʻiyosov (17 jang, 17 gʻalaba, 10 nokaut) avvalroq ham chempionlik jangida ishtirok etish imkoniyatidan Jaron Ennis va Eymantas Stanyonis jangi tashkil etilgani uchun mosuvo boʻlgan edi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Hokimlik Toshkentni “yuva boshladi“. Xoʻsh, suv sepish havo ifloslanishini kamaytiradimi?
- “Adabiyot va hayot”: Sultonboy Dehqonovning shaxsiy fotokoʻrgazmasi ochildi (+fotoreportaj)
- Nogironligi boʻlgan fuqarolarga 30 mln soʻmgacha foizsiz ssuda ajratiladi
- Kambagʻallikni qisqartirish: pul emas, aql-idrok va bilim muhim
- Oʻzbekistonda xotin-qizlarga nisbatan raqamli zoʻravonlikka barham berish boʻyicha 16 kunlik kampaniya boshlandi
- “Inson Faxri” milliy mukofoti sohiblari taqdirlandi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring