Vodiy energetiklari Andijonda tajriba almashdilar

15:46 04 Aprel 2022 Jamiyat
587 0

Foto: Халқ сўзи

Sir emaski, Fargʻona vodiysi viloyatlarida elektr taʼminotidagi uzilishlar hudud isteʼmolchilarini uzoq yillardan buyon qiynab kelayotgan masalalardan biridir. Ayniqsa, kuz-qish faslida aholining bu boradagi tashvishi oʻn chandon ortadi.

Albatta, soha masʼullari qoʻl qovushtirib oʻtirgani yoʻq. Tizimdagi muammolarni hal etish, raqamli texnologiyalarni keng joriy etish, samarali loyihalarni amalga oshirish, pirovardida isteʼmolchilarga qulay sharoit yaratish chora-tadbirlari koʻrilyapti. Lekin amaliyotda qanday natijalarga erishilmoqda?

Fargʻona vodiysi viloyatlari energetiklarining Andijon shahrida boʻlib oʻtgan seminarida shu kabi savollarga yechim topildi.

— Andijon viloyatida 577 ming 700 nafar isteʼmolchi hisoblagichlarini ASKUE tizimidagi zamonaviy hisoblagichlarga almashtirish orqali billing tizimiga ulash ishlari olib borildi, — deydi “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ boshqaruv raisining birinchi oʻrinbosari Roʻziqul Rayimov. — Natijada isteʼmolchilar bilan elektr energiyasi yetkazib berilishi yuzasidan hisob-kitoblar avtomatik tarzda yoʻlga qoʻyildi. Bu orqali taʼminotda uzluksizlik va shaffoflikka erishilmoqda. Shu bilan birga 7 ming 244 ta transformator punktlariga konsentrator qurilmalari va balans hisoblagichlari oʻrnatildi.

Seminarda maʼlum qilinishicha, joriy etilgan ushbu tizim orqali isteʼmolchi foydalaniladigan elektr energiyasini oldindan toʻlov orqali sotib oladi. Qarzdorlik yuzaga kelgan holatda isteʼmolchi avtomatik tarzda taʼminotdan uziladi. Toʻlov amalga oshirilgach, elektr energiyasi yetkazib berish qayta yoʻlga qoʻyiladi. Bu orqali elektr energiyasini oʻgʻirlash, undan noqonuniy foydalanish kabi salbiy hodisalarning ham oldi olinadi.

Tadbir ishtirokchilari Andijon shahridagi “Islomobod” MFYda boʻldilar.

— Ushbu mahalladagi mavjud 1 ming 308 ta xonadonni uzluksiz elektr energiyasi bilan taʼminlash maqsadida mavjud 9 ta transformator punkti mukammal taʼmirlandi, — deydi “Andijon hududiy elektr tarmoqlari korxonasi” AJning Andijon shahar filiali boshligʻi Ozodbek Akbarov. — Isteʼmolchilardagi mavjud hisoblagichlar zamonaviysiga almashtirildi. Ularni ASKUE tizimiga ulash uchun 6 ta konsentrator qurilmasi ishga tushirildi. Amalga oshirilgan loyiha tufayli ushbu manzilda elektr energiyasi taʼminotidagi uzilishlar ham, qarzdorliklar ham barham topmoqda.

Barcha islohotlar, saʼy-harakatlar, eng avvalo, inson manfaatlariga xizmat qilmogʻi kerak. Shunday ekan, elektr taʼminotidagi yangi tizimga isteʼmolchilarning munosabati qanday?

— Har qanday yangilik kishida ikkilanish holatini yuzaga keltirishi tabiiy hol, — deydi “Islomobod” MFYda istiqomat qiluvchi Abubakir Abdusalomov. — Biz ham avvaliga bu tizim natija berishiga u qadar ishonmagandik. Hozir esa minnatdormiz. Sababi, elektr energiyasi taʼminotidagi uzilishlar barham topdi. Oldinlari nazoratchilar darvozamizni taqillatmagunicha toʻlovni amalga oshirish yodimizdan chiqib qolardi. Endi boʻlsa qarzdor isteʼmolchilar avtomatik tarzda tarmoqdan uzib qoʻyilyapti. Shu bois oldindan toʻlovni amalga oshirishni oʻrgandik.

Saminjon HUSANOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер