Vatanimiz taraqqiyotini belgilaydigan strategik va maʼnaviy yoʻl xaritasi
Har yili mamlakatimiz rivojlanishining oʻziga xos yoʻlini belgilab beradigan muhim jarayonlardan biri boʻlgan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning anʼanaviy yillik Murojaatnomasi bu gal ham mamlakatimiz va xalqaro hamjamiyatni diqqat markazida jamladi. Chunki mazkur Murojaatnoma doimo muhim ijtimoiy ahamiyat kasb etadi, unda Vatanimizning oʻrta va uzoq muddatli taraqqiyoti ustuvor yoʻnalishlarini belgilab beradigan asosiy paradigmalar belgilab beriladi. Unda ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy, huquqiy va maʼnaviy-madaniy sohalardagi islohotlarning asosiy maqsad va vazifalari dalillar asosida baholangan boʻlib, hujjatda ilgari surilgan gʻoyalar va tamoyillar ijro hokimiyatining yaqin kelajakdagi faoliyatini muvofiqlashtirish, islohotlarning borishi ustidan parlament nazoratini kuchaytirish imkonini beradi.
Murojaatnomada 2025-yilda amalga oshirilgan islohotlar va ularning natijalarining asosli tahlil qilinganini taʼkidlash joiz. Davlatimiz rahbari qay sohadan gapirmasin, uning koʻrsatkichlarini aniq faktlar bilan dalillaydi. Masalan, global savdo tizimida “oʻyin qoidalari” oʻzgarayotgan bir paytda joriy yil eksportimiz 23 foizga oshib, 33,4 milliard dollarga yetkazilgani, Jahon banki eʼlon qilib boradigan Davlatlarning texnologik yetuklik indeksida Oʻzbekiston 71 pogʻona yuqori koʻtarilib, dunyoning TOP-10 ta mamlakati qatoridan joy olgani har birimizda faxr va shukur hissini uygʻotadi. Shuningdek, tahlillarda joriy yilda 5 million aholi daromadli boʻlib, ishsizlik darajasi 5,5 foizdan 4,9 foizga tushgani, qariyb 1,5 million ehtiyojmand aholi kambagʻallikdan chiqib, ilk bor 1 ming 435 ta mahalla “kambagʻallikdan xoli” hududga aylangani ham alohida taʼkidlandi.
Shubhasiz, bu galgi Murojaatnoma ham yurtimiz taraqqiyotining yangi bosqichidagi davlat siyosati mazmuni va mohiyatini, amalga oshirilayotgan islohotlarning strategik yoʻnalishlarini hamda ularning tub maqsadlarini chuqur anglashga yoʻl ochadi. Unda bildirilgan gʻoyalar, kun tartibiga qoʻyilgan vazifalar davlat boshqaruvi, iqtisodiyot, ijtimoiy soha, taʼlim-tarbiya, maʼnaviy-maʼrifiy hayot va jamiyat taraqqiyotiga doir masalalarni tizimli va uzviy yondashuv asosida qamrab olgani bilan alohida ahamiyatlidir. 2025-yilda oʻquvchi va talabalarning joriy yilda xalqaro fan olimpiadalarida 51 ta oltin, 101 ta kumush, 126 ta bronza medalini qoʻlga kiritib, oʻz bilim va salohiyatini butun dunyoga namoyish qilgani oʻz-oʻzidan marrani kengroq olishni taqozo qiladi. Davlatimiz rahbari yurtimizda 2026-yilda 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasi, 2027-yilda 20 yoshgacha boʻlgan futbolchilar oʻrtasidagi jahon chempionati, 2029-yilda esa Yoshlar Osiyo oʻyinlari, ilm-fan boʻyicha 2026-yilda yurtimizda ilk bor maktab oʻquvchilari oʻrtasida nufuzli xalqaro kimyo va informatika olimpiadalari, Shanxay hamkorlik tashkilotiga aʼzo davlatlar talabalari oʻrtasida muhandislik yoʻnalishlarida, Turkiy davlatlar texnikum oʻquvchilari oʻrtasida kasb yoʻnalishlarida xalqaro olimpiada oʻtkazilishini eʼlon qildi, bu musobaqa va tanlovlar yurtimizni rivojlangan sport va ilm-fan mamlakatiga aylantirishga, uning obroʻ-eʼtiborini yuksaltirishga xizmat qiladi. Prezidentimiz global masalalarga alohida toʻxtalib oʻtdi. 2025-yil Parlamentlararo Ittifoqning 150-yubiley Assambleyasi, YUNESKO Bosh konferensiyasining sessiyasi, “Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi” sammiti va xalqaro Iqlim forumi yurtimizda oʻtkazildi. Oʻzbekiston, Tojikiston va Qirgʻiziston yetakchilarining 2025-yil mart oyida Xoʻjandda boʻlib oʻtgan uchrashuvida birinchi marta uch mamlakat davlat chegaralarining tutash nuqtasi toʻgʻrisida tarixiy shartnomani imzolab, “Abadiy doʻstlik toʻgʻrisidagi deklaratsiya”sini qabul qilishdi. Bunday xayrli ishlar zamirida yaxshi qoʻshnichilik, davlatlar oʻrtasidagi oʻzaro ishonch va hurmat turganidan darak beradi. Hozirgi global iqtisodiyotda raqobatga chidamli boʻlish uchun malakali kasb egalari va mutaxassislar, zamonaviy texnologiyalarni talab qiladi. Yuqori qoʻshilgan qiymat yaratadigan sohalarni rivojlantirish, katta daromad keltiradigan servislarni koʻpaytirish, bioinjeneriyadan keng foydalanish, ilgʻor agrotexnika va suv tejaydigan usullarni faol qoʻllash, “yashil” energetika, chiqindisiz ishlab chiqarishga oʻtish, taʼlim va tibbiyotda ilgʻor xorijiy tajribalarni keng joriy etish uchun yangi texnologiyalarni olib kirib, kadrlarni ilm-fan va innovatsiyalarga asoslangan zamonaviy kasblarga tayyorlab, kelgusi besh yilda iqtisodiyotimiz hajmini 240 milliard dollardan oshirishga barcha imkoniyatlar borligi taʼkidlandi.
Murojaatnomaning asosiy nuqtalarini Prezidentimizning 2026-yilda amalga oshiriladigan eng muhim olti ustuvor yoʻnalishdan iborat dastur haqida fikr-mulohazalari va tashabbuslari tashkil qildi. Belgilab berilgan mazkur olti ustuvor yoʻnalish yurtimizni barqaror rivojlantirish, inson qadrini ulugʻlash va fuqarolar farovonligini taʼminlashga qaratilgan yaxlit dastur sifatida namoyon boʻlmoqda. Prezidentimiz 2026-yilni yurtimizda “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili” deb nomlashni taklif qildi, chunki bugungi murakkab zamonda yoshlarning turli sinovlarga chidamli, vatanparvar insonlar etib tarbiyalanishi, xalqimizni yanada birlashtirish va jipslashtirilishida oʻzini oʻzi boshqarishning noyob tizimi boʻlgan mahallaning oʻrni va ahamiyati kattadir. Mahalla va yaxshi qoʻshnichilik oʻzaro uygʻun qadriyatlar boʻlib, ular jamiyatda ijtimoiy kapitalni yanada boyitishga beqiyos hissa qoʻshadi. “Mahalla tinch va ahil boʻlsa, jamiyatimiz tinch va hamjihat boʻladi. Mahalla rivojlansa, butun mamlakatimiz yuksaladi” deb taʼkidladi davlatimiz rahbari. Shuningdek, 2026-yil davlat boshqaruvi, sud-huquq tizimi, iqtisodiyot tarmoqlari, taʼlim, ilm-fan, tibbiyot, madaniyat, sport, ekologiya tizimi kabi barcha-barcha sohalarni rivojlantirishda tub burilish yili boʻlishini alohida qayd etdi. Eng ustuvor vazifalar qatorida mahalla infratuzilmasini tubdan yaxshilash orqali yurtimizni har tomonlama rivojlantirish, uning qiyofasini yanada goʻzal va obod qilish ishlari davom ettirish, kelgusi yildan mahallani rivojlantirish boʻyicha kompleks yondashuv joriy etilib, har bir viloyatda ikki-uchtadan tumanni tanlab, hamma mahallasidagi barcha muammolarni bir vaqtning oʻzida hal qiladigan tizim yaratilishi, ularda bir vaqtning oʻzida tadbirkorlik infratuzilmasi ham rivojlantirilishi taʼkidlandi. Ushbu maqsadlar uchun barcha manbalar hisobidan 8,5 trillion soʻm mablagʻ ajratiladi. Deputatlarga oʻz okrugidagi muammolarni hal etish uchun 500 milliard soʻm beriladi, bu borada “yashil hudud”, “yashil bogʻ” yaratish boʻyicha har bir deputatning tashabbusiga qoʻshimcha 330 million soʻmdan yoʻnaltirilishi belgilandi. Prezidentimiz kelgusi yilda mahallalardagi aholini, xususan, xotin-qizlarni sportga keng jalb etish haqida gapirib, bu yoʻnalishda zarur infratuzilmani yaratish boʻyicha uch yillik dastur qabul qilinishi va bir trillion soʻm yoʻnaltirilishini aytib oʻtdi. Mahalla yoshlarining kitobxonlikka boʻlgan qiziqishini yanada oshirish maqsadida maktab kutubxonalari har yili 10 million dona badiiy adabiyotlar bilan taʼminlab boriladi. 2026-yildan “Raqamli startaplar” dasturi kengaytirilib, startap gʻoyasidan to eksportgacha koʻmaklashadigan yangi tizim yoʻlga qoʻyilishi, bu jarayonda xususiy startap markazlarini tashkil etish uchun Yoshlar jamgʻarmasidan besh yil muddatga 5 milliard soʻmgacha foizsiz ssuda berilishi, mazkur sohadagi barcha ishtirokchilar huquqlarini qonun bilan kafolatlab qoʻyish zarurligini taʼkidladi. Mazkur raqamlar shunchaki raqamlar emas, u mahalla va jamoatchilikni faol ishtirok etishga jalb qilish orqali mahallalarda maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlarni tashkil etish va fuqarolarni ijtimoiy-madaniy faoliyatga keng jalb qilish, jamiyatdagi birdamlik va hamjihatlik ruhini mustahkamlashga yordam beradigan kuchdir. Mahallalarda, maktab va kutubxonalarda kitobxonlikni ragʻbatlantirish va tarixiy-madaniy merosni yosh avlodga yetkazish boʻyicha amaliy tashabbuslar alohida ahamiyat kasb etadi.
Murojaatnomada keltirilgan gʻoyalar taʼlim muassasalari, ilmiy jamoatchilik oldiga ham yangi vazifalarni qoʻyadi. Ular oliy taʼlim muassasalaridagi taʼlim mazmunini yangilashni, ilmiy tadqiqotlar samaradorligini oshirishni va xalqaro tajribalarni keng joriy etishni talab qiladi. Shuningdek, Murojaatnomada kun tartibiga qoʻyilgan ijtimoiy adolat va qonun ustuvorligini taʼminlash bilan bogʻliq vazifalar taʼlim muassasalari zimmasiga maʼnaviy-maʼrifiy tarbiyani kuchaytirish, yoshlarni vatanparvarlik ruhida kamol toptirish, ularda ijtimoiy faollikni shakllantirish kabi muhim vazifalarni qoʻyadi. Har yili mehnat bozoriga 300 ming oliy maʼlumotli kadrlar kirib kelishini inobatga olib, oliygoh bitiruvchilari va ish beruvchilar oʻrtasida “koʻprik” boʻlib xizmat qiladigan raqamli ekotizim yaratilishi, unda talabalarning akademik koʻrsatkichlari va korxonalardagi boʻsh ish oʻrinlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar “onlayn” tarzda koʻrinib turishi, ushbu ekotizim bitiruvchi kurs talabalari uchun oʻziga mos ish topish, korxonalarga esa malakali kadrlarni jalb qilish imkonini berishi har bir oliy taʼlim dargohi masʼullari uchun zarurat ekanligini yana bir bor yaqqol koʻrsatib berdi.
Prezident Xalqaro valyuta jamgʻarmasi, Jahon banki, Osiyo taraqqiyot banki, Islom taraqqiyot banki, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki, Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki va boshqa yetakchi moliya institutlari bilan hamkorlikda iqtisodiyotimizni texnologik modernizatsiya qilish, infratuzilmani rivojlantirish, barqaror energetika va transport loyihalarini amalga oshirish borasidagi ishlarni davom ettirishni, Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi, Turkiy davlatlar tashkiloti, Shanxay hamkorlik tashkiloti, Islom hamkorlik tashkiloti doirasida anʼanaviy, keng qamrovli sheriklik aloqalari yanada kengaytirilishini aytib oʻtdi.
Maʼnaviyat sohasidagi islohotlar, shuningdek, ommaviy axborot vositalari, madaniyat va sanʼat, kitobxonlikni rivojlantirish, maʼrifiy muhitni mustahkamlash bilan chambarchas bogʻliq ekani Murojaatnomada aniq ifoda etildi. Bu borada ilmiy va ijodiy ziyolilarning jamiyatdagi oʻrni va masʼuliyati yanada oshib borayotganini alohida taʼkidlashga loyiqdir. Ijtimoiy-madaniy hayotni rivojlantirish yoʻlida Sohibqiron Amir Temur va Mir Alisher Navoiy bobolarimizning tavallud ayyomlari kabi tarixiy sanalarni keng nishonlash jamiyatda yagona milliy ong va gʻurur shakllanishiga, oilaviy qadriyatlarning mustahkamlanishiga xizmat qiladi.
Prezident Murojaatnomasi Oʻzbekiston taraqqiyotining yangi bosqichiga kirganligini tasdiqladi. U nafaqat 2025-yildagi yutuqlarni umumlashtirdi, balki kelajak uchun aniq va ambitsiyali rejalarni belgiladi. “Inson – davlat – qonun” uchligiga asoslangan yondashuv, mamlakatni zamonaviy, raqobatbardosh va barqaror rivojlantirishga qaratilgan strategiya Oʻzbekistonning kelgusi oʻn yillikdagi yoʻlini belgilaydi. Prezidentimiz taʼkidlaganidek: “Bizning asosiy kuchimiz – birdamlik va ishonchdir. Har bir fuqaroning faolligi, har bir oilaning farovonligi, har bir yurtimizning obodonligi – mana bizning kelajagimiz garovidir”. Prezident Murojaatnomasi Oʻzbekistonning inson manfaatlarini markazga qoʻygan rivojlanish modelini mustahkamlab, mamlakatning global iqtisodiyot va siyosatdagi oʻrnini oshirishga qaratilgan strategik hujjatdir. Yurtimiz bugungi kunda nafaqat oʻz mintaqasida, balki global miqyosda ham oʻzining islohotlar tajribasi va barqaror rivojlanish modeli bilan tanilmoqda. Prezident Shavkat Mirziyoyevning Murojaatnomasi bu yoʻlda yangi bosqichni boshlanishini va xalqning birgalikdagi saʼy-harakatlari bilan yanada yuksak marralarga erishish mumkinligini koʻrsatdi.
Bahodir MAʼMUROV, Buxoro davlat pedagogika instituti rektori, pedagogika fanlari doktori, professor.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻrta Osiyodagi eng baland yangi yil archasi — Namanganda
- Oʻzbekistonda YTT va oʻzini oʻzi band qilgan shaxslar QR-kodsiz faoliyat yuritsa jarimaga tortiladi
- Yaldo tuni: Yerliklar bugun eng uzun tun va eng qisqa kunga guvoh boʻladi
- Muhammad Rizo Ogahiy nomidagi xalqaro mukofot sovrindorlari maʼlum boʻldi
- Hokim yordamchisi kimga yordamchi?
- Xonanda Rahmatillo Yusupov 44 yoshda vafot etdi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring