Vatan, to tanda jonim bor, seningdirman, seningdirman...
Foto: Arxiv surat
28-dekabr — Oʻzbekiston Qahramoni
Erkin Vohidov tavallud topgan kun
Oʻzbekiston Qahramoni, xalq shoiri Erkin Vohidov oʻzbek adabiyotining zabardast vakillaridan biri edi. U nazmda ham, nasrda ham barakali ijod qildi. Shoirning ijodiy merosida turli adabiy janrlardagi asarlar bisyor. Jumladan, mumtoz adabiyotimiz anʼanalarini davom ettirib, betakror gʻazallar, qasidalar, muxammaslar bitdi. Kuchli satira va yumor bilan sugʻorilgan sheʼrlarida, xususan, Matmusa obrazi orqali ijtimoiy muammolarni, kishilar feʼl-atvori, tabiatidagi qusurlarni ochib tashladi. “Soʻz latofati” kitobi orqali ona tilimizning beqiyos soʻz boyligini, joziba imkoniyatlarini, ajib zarofatini koʻrsatib berdi.
Erkin Vohidovdan uygʻoq satrlar, mavzusi abadiy va dolzarb boʻlgan betakror sheʼriyat, boy maʼnaviy meros qoldi. Quyidagi sheʼrlardan buni yana bir bor anglashingiz mumkin.
***
Vatan, to tanda jonim bor,
Seningdirman, seningdirman,
Tanim hok oʻlsa ham sen yor,
Seningdirman, seningdirman.
Jahon kengdir, falak kengdir,
Yurak kengdir, chu sen borsan,
Seningsiz ikki dunyo tor,
Seningdirman, seningdirman.
Menga begona ellarda nasib gar
Oʻlsa yuz rohat
Chekay bagʻringda ming ozor,
Seningdirman, seningdirman.
Agar shodliklaring ozdir,
Meningdirsan, meningdirsan,
Magarkim gʻamlarim bisyor,
Seningdirman, seningdirman.
Bugun bor, ertaga yoʻq jismim,
Va lek ruhim uchun mangu
Sening manguliging darkor,
Seningdirman, seningdirman.
Sening ishqing bilan yondim,
Ketar jonimda bu otash,
Seningdirman, yana takror,
Seningdirman, seningdirman.
Yangi yil munojoti
Vaqtning chopqirligiga hayratim tugamasdir,
Yilning oʻtishi goʻyo chaqnagan chaqmoq misol.
Yil nadir, umr oʻzi aslida bir nafasdir,
Eshikdan kirib shu on darchadan chiqmoq misol.
Besh yuz yil yashar emish togʻ ahli bir qabila,
Sabrni maslak bilib, qanoatni toat deb.
Uy tiklamas emishlar birgina sabab ila,
Shu ozgina umrga ranj chekmoq na hojat deb.
Buku bir afsonadir, aslida ahli olam
Odamdek yashash istar shu besh kunlik dunyoda.
Jahondan umid uzmas umri oʻtib borsa ham,
Yoshi ulgʻaygan sari orzulari ziyoda.
Bolam deb nihol ekar, nabiram deb uy solar,
Mendan ham biror yodgor avlodimga qolsin, der.
Dil tubida umrbod yashar oydin xayollar,
Vatanim kamol topsin, millatim yuksalsin, der.
Insondek yashamoqning asli shudir maʼnosi,
Yurt sevgisi bizlarga yurakdagi qondandir,
Bu muqaddas tuygʻuda ajdodlarning nidosi,
Hadis soʻzi – Vatanga muhabbat imondandir.
Imonimni butun qil, yurtimni nurafshon qil,
Pok, halol yoʻllaringga bizni yoʻlla, Ilohim.
Vatanim kemasini dolgʻalardan omon qil,
Bu poyonsiz ummonda Oʻzing qoʻlla, Ilohim.
Yuraklarga mehr sol, adovatdan qil yiroq,
Bu kungi zahmatlarning oqibati qut boʻlsin.
Erkka tashna elimning baxti boʻlsin yarqiroq,
Osmoni yorugʻ boʻlsin, nasibasi but boʻlsin!..
Erkin VOHIDOV,
Oʻzbekiston Qahramoni, xalq shoiri.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- AQSH Adliya vazirligi Epshteyn ishi boʻyicha 3 millionta faylni eʼlon qildi
- Tramp Kubadan kelayotgan tahdid sabab AQSHda favqulodda holat eʼlon qildi
- Oʻzlikni anglash sari muhim qadam: “Milliy qadriyatlar atlasi” kitob-albomi taqdimot qilindi (+video)
- Buyuk shoirning Samarqanddagi tabarruk izlari
- Urush, jasorat va sport: hafta davomida dunyo eʼtiborini tortgan 10 ta surat
- “Humans” Oʻzbekistondan yuzlab million dollar zararni qoplashni talab qilmoqda
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring