Vaksina olgandan soʻng belgilangan talablarga rioya qilinsa, “covid-19»ga qayta chalinmaslik koʻrsatkichi yuqori — mutaxassis

18:12 07 Iyul 2021 Jamiyat
3606 0

Koronavirusga qarshi vaksina olganlar orasida ham “COVID-19» bilan kasallanish holatlari kuzatilayotgani rostmi?
SSV Matbuot xizmatining ushbu savoliga vazirlik huzuridagi Koronavirusga qarshi kurashish shtabi aʼzosi, tibbiyot fanlari doktori Nodir HAYDAROV javob berdi:

— Maʼlumki, bugungi kunda koronavirus infeksiyasiga qarshi kurashishning eng samarali usuli sifatida vaksinalarga juda katta ishonch bildirilmoqda, — deydi N.Haydarov. — Ahamiyatlisi, dunyoning ayrim mamlakatlari ushbu vosita yordamida pandemiyani jilovlashga erishmoqda. Bu esa vaksinalarning samaradorligi qanchalik yuqori ekanidan dalolatdir.

Toʻgʻri, bugun vaksina olganidan soʻng ham baʼzi insonlarda kasallik qayta aniqlanmoqda, biroq buning bir necha sabablari bor:

Bilasiz, yurtimizda koronavirusga qarshi ommaviy vaksinatsiya joriy yilning aprel oyidan boshlangan edi. Deyarli 100 kun boʻlyapti. Shu vaqtgacha mamlakatimizga keltirilgan uch turdagi vaksinadan birini ixtiyoriy ravishda tanlab, emlanganlar organizmida immun himoya tanachalari ishlab chiqilgan va bu jarayon hali ham davom etmoqda.

Dastlab emlanganlarda immun hujayralar ishlab chiqilishining maksimal himoya koʻrsatkichiga shu kunlarda va undan keyin erishiladi.

Bugungi kunda shu jarayonda toʻliq emlanib ulgurmaganlar toʻlaqonli immun himoyasi hosil boʻlmagan boʻlsada, karantin qoidalariga rioya qilmaganliklari bois kasallikka chalinmoqda.

Shuningdek, hozirgi kunda yurtimizda kasallik keng tarqalayotgani uchun vaksina bilan qamrab olish kontingenti ham kengaytirildi. Yaʼni, 18 yoshdan kattalarning barchasi emlanishi mumkinligi belgilab berildi.

Ammo aholi orasida karantin qoidalariga toʻliq rioya qilmaydigan insonlar borki, ular organizmiga vaksina olayotgan vaqtda virus tushgan va kasallikning yashirin davri kechayotgan yoki baʼzilar bu xastalikni simptomlarsiz boshdan oʻtkazayotgan boʻlishi mumkin.

Aynan shunday kishilarda vaksina olgandan soʻng ham hali immun himoya ishga tushmagani sababli kasallik yuzaga chiqishi va PZR-testda tasdiqlanishi kuzatilmoqda.

Bunday hollarda vaksina olish vaqti yoki olinguniga qadar organizmga virus tushgan boʻladi. Shu sababli, vaksina bu yerda oʻz ishini bajara olmaydi, u faqatgina kasallikni yuzaga chiqadigan davriga toʻgʻri kelib qolgan boʻladi.

Bunday holatlarning oldini olish uchun, agarda vaksina olmoqchi boʻlgan insonda bemor bilan kontaktda boʻlganligi borasida biror aniq javob boʻlmasa, PZR-test topshirishi va natija manfiy chiqsagina vaksinani olishi mumkin boʻladi. Bu kabi tekshiruv oʻtkazish vaksinaning besamar ketishini ham oldini oladi.

Yana bir gap. Vaksina, ayniqsa, Astra-Zeneca va «Sputnik V” vektorli vaksinalar boʻlgani bois organizmga tushganida, yengil OʻRVI koʻrinishida kasallik chaqirishi ularning koʻrsatmalarida ham keltirilgan. Vaksina olgandan keyin birlamchi immun himoya tanachalari 2 hafta davomida ishlab chiqilishi borasida biz doim gapirib kelamiz.

Vaksinatsiyadan keyingi davrda yengil OʻRVI kasalligini boshdan kechirish jarayonida himoyalanmagan kontakt, yaʼni karantin qoidalariga rioya qilmaslik koronavirusni organizmga tushishini keltirib chiqaradi.

Xulosa qilsak, vaksinatsiya bu koronavirusdan himoyalanishning eng qulay va samarali usuli ekanligini butun dunyo va bizning davlatimiz olimlari ham taʼkidlab kelmoqda.

Oʻz eʼtiborsizligimiz, yaʼni vaksinani olish jarayonidagi talab va tartiblarga, shuningdek, karantin qoidalariga rioya qilmasligimiz bu kasallikni yana-da ortishini keltirib chiqarmoqda. Eng yomoni, vaksinaga boʻlgan asossiz shubha va ishonchsizlikni koʻpaytirmoqda.

Vaksina toʻgʻrisida koʻproq bilimga ega boʻlish orqali esa oʻzimiz va atrofimizdagi insonlarning salomatligini himoya qilishga erishishimiz mumkin.

Fuqarolarga “Vaksina oldim, endi menga virus yuqmaydi”, demasdan, karantin qoidalariga rioya qilishlari, organizmda immun himoyasi hosil boʻlgunga qadar oʻzini va atrofidagilarni asrashi lozimligini yana bir bor taʼkidlashimiz foydadan holi emas.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер