Shahram Gʻiyosov tajribali raqibini muddatdan oldin magʻlub etdi

06:03 13 Aprel 2025 Sport
809 0

Bugun, 13-aprel kuni AQSHning Nyu-Jersi shtati, Atlantik-Siti shahrida professional boks oqshomi boʻlib oʻtdi. Unda Oʻzbekiston vakili Shahram Gʻiyosov argentinalik bokschi Franko Maksimiliano Okampoga qarshi ringga koʻtarildi.

Gʻiyosov toʻqnashuvning ilk soniyalaridanoq ring markazini egallab, raqibiga nisbatan bosim bilan harakat qildi. Hatto 1-raundning oʻzida ketma-ket berilgan aniq zarbalardan bir raqib bokschini nokdaun holatiga tushirdi. Keyingi raundlarda ham Shahram yaqqol ustunlik qildi va 4-raundda Okampo tanasiga qabul qilib olgan ogʻir zarbadan soʻng ringga yiqildi.

Qoidaga koʻra referi baland ovozda 10 gacha sanadi, bu vaqt ichida argentinalik bokschi oʻziga kela olmadi va texnik nokaut qayd etildi. Shu tariqa Shahram Gʻiyosov professional boksdagi 17-gʻalabasini tantana qildi.

Oʻzbekistonlik sportchi bahs yakunlangach, nutq soʻzlar ekan, mazkur gʻalabani marhum qizchasiga bagʻishlaganini va albatta chempionlik jangida ham gʻolib boʻlishini maʼlum qildi.

“Qizimga chempion boʻlaman deb vaʼda berganman. U menga ishongan. Men albatta, buni uddalayman. Bu gʻalabamni qizimga bagʻishlayman!” dedi bokschi.

Qayd etish kerak, Gʻiyosov ushbu gʻalabasi orqali chempionlik jangini naqd qildi. U keyingi jangini Jeron Ennis va Eymantas Stanionis toʻqnashuvi gʻolibiga qarshi, kamar uchun oʻtkazadi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?