“Ustoz va shogird” koʻrgazmasini oʻtkazish anʼanaga aylanmoqda

14:36 13 Yanvar 2025 Jamiyat
181 0

Istam IBROHIMOV/“Xalq soʻzi”. Kogon shahri va tumanidagi 2–son hamda 6-son musiqa va sanʼat maktablari bir guruh oʻquvchilari Buxoro tasviriy sanʼat muzeyida boʻldi. Ularda bu yerdagi osori atiqalar, xususan, “Ustoz va shogird” koʻrgazmasi katta taassurot qoldirdi.

— Bu galgi koʻrgazmamiz buxorolik kandakor usta, naqqosh Gulchehra Hamidova va uning shogirdlari ijodiga bagʻishlandi, — deydi muzey ilmiy xodimi Raʼno Eshonqulova. — Yoshlar uzoq yillardan buyon xalq amaliy sanʼati bilan shugʻullanib, ajoyib asarlar yaratgan hamyurtimiz faoliyati bilan yaqindan tanishdi. Soha mutaxassislaridan qimmatli maslahatlar oldi. Kandakorlik ortidan elda obroʻ-eʼtibor qozongan G.Hamidovaning asarlariga kelsak, ularda mis kandakorligining oʻziga xos maktabi shakllanganini koʻramiz. Bu maktabdan saboq olayotgan oʻgʻil-qizlar aslo kam boʻlmayapti. Shu boisdan oʻz oldimizga “Ilm-u hunarli kishi hayotda oʻz oʻrnini topib ketadi. Oʻz iqtidoringiz ustida qunt bilan ishlang. Toki, sizdagi isteʼdod yuzaga chiqsin”, degan gʻoyani yoshlarimiz ongiga singdirish vazifasini qoʻyganmiz.

Muzey jamoasining viloyat badiiy ijodkorlar uyushmasi bilan hamkorlikda oʻtkazayotgan “Ustoz va shogird” koʻrgazmasi anʼana tusini olmoqda. Zero, Buxoroda oʻz hayoti va ijodi bilan yosh avlodga namuna boʻladigan zardoʻz-u zargarlar, kashtachi-yu gilamdoʻzlar, musavvir-u xattotlar koʻp.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?