Urganchda nemis rassomlari asarlari koʻrgazmasi ochildi

09:41 09 Fevral 2026 Jamiyat
127 0

Urganch shahridagi Oʻzbekiston zamonaviy sanʼat muzeyida taniqli nemis rassomi Paula Moderzon-Bekker hamda Vorpsvede ijodiy maktabi vakillarining asarlari namoyish etilmoqda. Koʻrgazma doirasida 1895–1906-yillarga mansub noyob qalamtasvirlar va grafik ishlanmalar sanʼat ixlosmandlari eʼtiboriga havola qilindi.

Mazkur asarlar Germaniyada sanʼat modernizmi shakllanayotgan davrda yuzaga kelgan Vorpsvede rassomlar jamoasining estetik qarashlari, badiiy tafakkuri va ijodiy izlanishlarini yorqin ifoda etadi.

— Ushbu koʻrgazmani Oʻzbekistonga olib kelish biz uchun katta sharaf, — deydi nemis rassomi Barbara Anna Bernsmeyer. — Yurtingizga ilk bor tashrif buyurganman. Oʻzbekistonliklarning sanʼatga boʻlgan yuksak qiziqishi va eʼtibori meni samimiy quvontirdi. Ijodiy safarimiz davomida muzey mutaxassislari va mahalliy rassomlar bilan tajriba almashish imkoniyatiga ega boʻldik. Ushbu loyiha Oʻzbekiston va Germaniya oʻrtasidagi madaniy aloqalarni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.

Taʼkidlash joizki, namoyish etilayotgan sanʼat asarlari ilgari Fransiya, Shveysariya, Vengriya, Polsha va boshqa qator davlatlarning nufuzli muzeylarida koʻrgazma qilingan. Koʻrgazma joriy yilning 2-mart sanasiga qadar davom etadi.

Odilbek Odamboyev, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?