Universitetning ekologik bogʻi boʻladi

19:24 18 Yanvar 2024 Jamiyat
516 0

Namangan Davlat universitetida zamonaviy “Ekobogʻ” tashkil etishga kirishildi. Istiqbolli loyihada “yashil makon” yaratish orqali atrof-muhit musaffoligini taʼminlashga hissa qoʻshish barobarida viloyatning ekologiya va bioxilma-xillikni muhofaza qilishga oid muammolarini bartaraf etishga oid ilmiy-tadqiqotlarni olib borish, “ex situ” sharoitida kelib chiqish markazi Namangan boʻlgan endemik va noyob oʻsimliklarning tirik kolleksiyalarini yaratish maqsad qilingan.

Boʻlajak “Ekobogʻ” hududiga 24 turdagi 410 dona daraxt va buta koʻchatlari oʻtqaziladi. Eʼtiborli jihati, bu yerga ekiladigan shumtol, eman, “Qogʻoz daraxti”, kashtan, shuningdek, “Qrim qaragʻayi”, “Moviy yel”, “Sabina archasi”, “Sharq biotasi”, “Ustunsimon tuya” kabi yaproqbargli va ninabargli oʻsimliklar, rozmarin, lavanda, Yapon behisi, Pirakanta, Hind nastarini kabi butalar bogʻ hududida oʻziga xos atmosfera paydo boʻlishiga zamin yaratadi.

— “Ekobogʻ”ning koʻp qirrali vazifalari bor, — deydi universitetning Biotexnologiya fakulteti dekani Davron Dehqonov. — Uning tashkil etilishi natijasida oʻn yettita fan boʻyicha ochiq amaliy va laboratoriya mashgʻulotlarini olib borish, Namangan viloyatida tarqalgan 75 turdagi endemik, noyob va yoʻqolib borayotgan oʻsimliklarni muhofaza qilish, dunyoning beshta qitʼasiga oid ekspozitsiyalar tashkil etish, oʻsimliklarni muhofaza strategiyasi, yangi navlarni yaratish, iqlim oʻzgarishi va suv tanqisligi oqibatlarini yumshatish boʻyicha ilmiy-tadqiqotlar oʻtkazish vazifalari belgilangan. Shu bilan birga umumtaʼlim maktablari va akademik litsey oʻquvchilari uchun manzarali oʻsimliklarni koʻpaytirish boʻyicha “Integratsiya markazi”ni barpo etish, yoshlar ishtirokida “Namangan — gullar vatani”, “Yashil universitetim” kabi festivallarni tashkil etish ham rejamizda bor.

Qudratilla NAJMIDDINOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?