Ulugʻbek mahallasidagi yoʻl muammosiga yechim yoʻqmi?
Jahongir BOYMURODOV/“Xalq soʻzi”. Bugun mamlakatimizning barcha hududlarida keng koʻlamli qurilish-bunyodkorlik ishlari amalga oshirilmoqda. Olis qishloqdagi yoʻllar asfaltlashtirilmoqda. Ammo, shunga yarasha yoʻl infratuzilmasi barcha hududda ham talabga muvofiq emasligi mahalla va qishloqlarda aholining haqli eʼtirozlariga sabab boʻlmoqda.
Nishon tumani markaziga yondosh hududda joylashgan Ulugʻbek mahallasidagi “Obi hayot”, “Nurli kelajak”, “Komil Yormatov” koʻchalarida yashovchi oilalar qishda loy, yozda tuproq koʻpchiydigan ichki yoʻllarning holatidan norozi.

— Ozgina yogʻingarchilik boʻlsa, yoʻlimizdan yurib boʻlmaydi, — deydi shu mahallalik Muzaffar Rahmatullayev. — Biz kattalar-ku amallaymiz, lekin bolalarga qiyin. Hozir ikkita farzandim maktabga qatnaydi. Yogʻingarchilik boʻlsa, ilojsiz uyda qolishadi. Bir, ikki yil boʻlsa chidash mumkin, lekin doimiy shu ahvolda yashash oson emas-da! Bizning farzandlarimiz ham tekis, ravon yoʻllardan yurib maktabga, bogʻchaga qatnashga haqli-ku.
Suhbatdoshimizning eʼtirozida jon bor. Biz mahalla ichidagi yoʻllardan mashinada ancha qiynalib oʻtdik. Endi bu yerdan piyoda yurib oʻtishni tasavvur qilavering.

— Shu muammoga yechim izlab, koʻp masʼul tashkilotlarga murojaat qildik. Lekin foydasi boʻlmadi, — deydi mahalla faoli Toʻychi Odilov. – Yoʻlning qaysidir qismiga qoʻldan kelgancha oʻzimiz tosh-shagʻal toʻkkanmiz, ammo hamma joyga toʻkishga imkonimiz yoʻq. Avvalroq yoʻlning bir qismini “Open byudjet” loyihasiga ham qoʻyib, ovoz yigʻishga harakat qilib koʻrdik. Afsus, yutolmadik. Chunki bizda aholi kam, hamma ovoz bergani bilan 300-400 ta ovozdan oshmaydi. Oʻn ming, oʻn besh minglab ovoz yigʻayotgan boshqa mahallalar bilan raqobatlasha olmaymiz.
Xoʻsh, mahalla ahlini yillar davomida qiynab kelayotgan bu muammoga yechim bormi? Bu yerdagi yoʻllar qachon ravon boʻladi?

— Ichki yoʻllarning taʼmirlanishi uchun faqat “Open byudjet”da qatnashib, gʻolib boʻlgan loyihalargagina mablagʻ ajratiladi, — deydi tuman hokimligining qurilish boʻlimi bosh mutaxassisi Zohid Mamatov. — Boshqa yoʻl bilan bu muammoga yechim topish imkonsiz.
Bundan kelib chiqadiki, Ulugʻbek mahallasidagi ichki yoʻllar muammosi hali uzoq davom etadi. Mahalla ahli “Xalqimiz ertaga emas, uzoq kelajakda emas, aynan, bugun oʻz hayotidan rozi va mamnun boʻlib yashashi kerak” degan tamoyilning bu yerlarga ham tezroq yetib kelishidan umidvor boʻlib yashamoqda.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- 21-oktyabr – Oʻzbek tili bayrami kuni
- Oʻz xalqini Siz kabi chin dildan sevadigan davlat rahbarini uchratmadim – “ACWA Power” kompaniyasi boshqaruvi raisi Muhammad Abunayyan
- Oʻzbekiston tasviriy sanʼat galereyasida Samarqand maktabining yangi nafasi
- Lamin Yamal “Barselona”ni tark etishi mumkin
- Ish bilan bogʻliq baxtsiz hodisalar va kasbga oid kasalliklar haqidagi maʼlumotlarning yaxlit tizimi yoʻqligi koʻrsatib oʻtildi
- Har bir hududda “Kasaba uyushmalari bogʻlari” tashkil etiladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring