Ulugʻ allomaning ishonchi va daʼvati

05:10 24 Mart 2024 Jamiyat
1407 0

Astronomiya fani oʻz kechmishida boshqa fanlar singari gurkurab rivojlanish va turgʻunlik davrlarini boshidan kechirgan. Ana shunday keng miqyosli oʻsish davri qadimgi Yunonistonda miloddan avvalgi VI asrda boshlanib, milodiy II asrda mashhur yunon astronomi Klavdiy Ptolemeyning 13 kitobdan iborat “Al-Majistiy” asari bilan yakunlangan. Shundan keyin bir necha asr davomida astronomiya fani taqdirida turgʻunlik davri hukm surgan.

Samo ilmi, umuman, aniq fanlarning rivojidagi uygʻonish yangi din — islomning paydo boʻlishi bilan bogʻliq. VIII asrning oxirlarida Bagʻdodda “Bayt ul-hikma” deb nomlangan ilmiy markaz vujudga keladi. Shu paytdan bir necha asr davom etgan va fanda “Musulmon astronomiyasi” deb nom olgan davr boshlanadi. Baʼzi manbalarda, ayniqsa, Gʻarb adabiyotlarida bu davr notoʻgʻri, yaʼni “Arab astronomiyasi” deyiladi. Buning sababi shundaki, har qanday fan rivojida uning gʻoyalari va kashfiyotlari muhokamasi uchun umumiy til boʻlishi kerak. Oʻrta asrlarda bunday til vazifasini arab tili bajargan. Shuning uchun adabiyotlarda hozirgacha “Arab astronomiyasi” atamasi ishlatib kelinadi.

Musulmon falakiyotining va umuman, Oʻrta asr astronomiyasining eng rivojlangan davri XV asr­da Samarqanddagi Mirzo Ulugʻbek ilmiy maktabi bilan bogʻliq.

Mirzo Ulugʻbek 1394-yilning 22-martida Sultoniya shahri yaqinida buyuk bobosi Amir Temurning harbiy yurishi paytida dunyoga keladi. Sohibqiron oʻshanda Mardum qalʼasini (hozirgi Eron hududida) ishgʻol qilishga katta tayyorgarlik koʻrayotgan edi. Gap shundaki, ancha vaqtdan beri Mardum aholisi buyuk sarkarda qoʻshiniga qarshilik koʻrsatib, uning qattiq gʻazabini uygʻotgan edi. Amir Temur qarorgohiga nabirasi dunyoga kelgani haqidagi xushxabar yetib kelganida u buni shunday xursandchilik bilan qabul qiladiki, u Mardumni ishgʻol qilishdan voz kechadi va qalʼa xalqini afv etadi. Shunday qilib, Mirzo Ulugʻbekning dunyoga kelishi hukmdorning marhamati bilan nishonlanadi.

Amir Temur 1405-yilda vafot etganidan keyin mamlakatda shahzodalar orasida taxt uchun urushlar avj oladi. Lekin koʻp oʻtmay Amir Temurning kichik oʻgʻli, Mirzo Ulugʻbekning otasi Shohruh Mirzo 1409-yili mamlakat taxtini egallaydi. U oʻzining qarorgohini Hirot (hozirgi Afgʻoniston)ga koʻchirib, Movarounnahr hokimi etib Mirzo Ulugʻbekni tayinlaydi. Shundan soʻng mamlakatda 40-yil davomida nisbatan tinchlik davri hukm suradi. Ushbu davrda mamlakatda keng koʻlamda obodonlashtirish, noyob meʼmoriy obidalar barpo etish, ilm-fan, madaniyat, taʼlim, hunarmandchilik kabi sohalar rivoj topadi.

Mirzo Ulugʻbek tabiatan buyuk ilm-fan namoyandasi boʻlgan. Uning isteʼdodi, ayniqsa, falakiyot va matematika sohasida kuchli edi.

Oʻrta asr musulmon astronomiyasining asosiy amaliy vazifasi, bu mutaxassislar doirasida keng foydalaniladigan zijlar yaratish boʻlgan. Zijlardan tarixchilar turli taqvimlarda keltirilgan sanalarni hijriy-qamariy taqvim sanalariga oʻtkazish, musulmonlar namoz paytlarini bilish va diniy bayramlar (masalan, Qurbon hayiti) sanalarini aniqlash, meʼmorlar masjidlar barpo etishda qibla yoʻnalishini belgilash, aholini sarosimaga solishi mumkin boʻlgan Quyosh va Oy tutilishlari sanalarini oldindan chamalash, munajjimlar esa tolenomalar (goroskop) uchun sayyoralar joylashuvini hisoblashda keng foydalanishgan.

Musulmon astronomlari hammasi boʻlib 250 ga yaqin ana shunday zijlarni tuzgan. Mirzo Ulugʻbek ham anʼanaga rioya qilgan holda zij tuzish bilan shugʻullanadi. Lekin uning ziji boshqalarnikidan farqli oʻlaroq, qoʻshimcha ravishda 1018 ta yulduzning jadvalini oʻz ichiga oladi.

Astronomiya tarixidagi ilk 1022 ta yulduzning koordinatalari keltirilgan katalog miloddan avvalgi II asrda mashhur yunon astronomi Gipparx tomonidan tuzilgan. Gipparxning katalogi yuqorida qayd etilgan Klavdiy Ptolemeyning “Al-Majistiy” kitobida keltirilgan. Lekin yulduzlarning koordinatalari vaqt oʻtishi bilan oʻzgarib turadi. Ptolemey oʻzgarish qiymatini aniqlab, Gipparx katalogiga tuzatishlar kiritgan. Keyinchalik bu usuldan foydalanib, musulmon astronomlari ham bir nechta yulduzni kuzatish asosida yulduz koordinatalari oʻzgarishining qiymatini aniqlab, Gipparx-Ptolemey katalogiga tuzatishlar kiritib kelishgan.

Ana shu asosda tuzilgan kataloglar orasida Mirzo Ulugʻbek davriga kelib Beruniyning zamondoshi X asrda yashagan Abdurahmon Suffiy katalogi mashhur va keng tarqalgan edi. Mirzo Ulugʻbek bu katalogni sinchkovlik bilan tekshirib, unda keltirilgan yulduzlarning koordinatalari, ularning osmondagi joylashuviga koʻp hollarda toʻla mos kelmasligini aniqlagan. Bu nomutanosiblik musulmon astronomlarining koordinatalar oʻzgarishini yetarlicha aniqlikda topolmaganidan kelib chiqqan. Shundan keyin Mirzo Ulugʻbek original kuzatishlarni amalga oshirishga qaror qiladi. Shu maqsadda, u Samarqand yaqinidagi Koʻhak tepaligida ulkan rasadxona (observatoriya) barpo etadi va 1018 yulduzni oʻz ichiga olgan katalog tuzadi. Aynan shuning uchun u oʻzining zijini “Koʻragonning yangi jadvallari” deb nomlaydi. Va aynan shu yulduzlar jadvali Mirzo Ulugʻbekning falakiyot faniga qoʻshgan eng salmoqli hissasidir. Chunki bu astronomiya fanida Gipparx davridan keyingi oʻn olti asr davomida original kuzatishlar asosida tuzilgan birinchi katalog boʻldi.

Ushbu katalog ilk bor Buyuk Britaniyadagi Oksfordda 1648-yili, yaʼni Mirzo Ulugʻbek vafotidan ikki asr oʻtgach chop etilganda oʻzining aniqligi, yulduzlar soni va ayniqsa, tuzilish sanasi boʻyicha yevropalik olimlarning eʼtirofini qozondi.

Shundan keyin bu katalog Gʻarb va Sharqdagi ilmiy markazlar tomonidan koʻp marotaba chop etilgan va tahlil qilingan. Bu tahlillar hatto zamonaviy nufuzli jurnallarda ham nashr etib kelinmoqda.

XVII asrda yashab oʻtgan mashhur polyak astronomi Yan Geveliy oʻzining “Uranografiya” kitobida turli davrlarda yashagan va yulduzlar jadvallarini tuzgan astronomlarning kataloglarini keltirgan. Ular orasidan musulmon astronomlaridan birgina Mirzo Ulugʻbekning katalogi oʻrin olgan. Bu kitobda bir ajoyib ramziy gravyura keltiriladi. Unda qadim yunonlarning astronomiya ilohasi — Uraniya atrofida turli davrlarda yashab ijod qilgan Gipparx, Ptolemey, shahzoda Gauss, Vilgelm, Yan Geveliyning oʻzi hamda Mirzo Ulugʻbek davra hosil qilib oʻtirishibdi. Oʻsha gravyurada Yan Geveliy Mirzo Ulugʻbekni Uraniyaning oʻng tomonida birinchi boʻlib joylashtirgani uning buyuk bobomizga yuksak hurmati va eʼtirofidan dalolat beradi.

Mirzo Ulugʻbekning fanga qoʻshgan yana bir buyuk hissasi — u barpo etgan rasadxonadir. Afsuski, rasadxonada ishlatilgan bironta ham asbob-uskuna bizgacha yetib kelmagan. Rasadxonaning bosh uskunasi — meridian boʻylab yoʻnaltirilgan ikkita ulkan yoyning yer osti qismigina saqlanib qolgan. Ulardagi gradus belgilaridan biz bu uskunaning radiusi 40 metr boʻlganini bilib oldik. Lekin u kvadrant (toʻliq aylananing toʻrtdan biri) yoki sekstant (toʻliq aylananing oltidan biri) boʻlgani hanuz ilmiy bahslarga sabab boʻlmoqda.

Umuman olganda, musulmon astronomlari tomonidan qoʻllanilgan armillyar sfera, sekstant kabi asbob-uskunalar taʼrifi tarixiy manbalarda saqlanib qolgan. Bular orasida Mirzo Ulugʻbekning safdoshi Jamshid Koshiyning risolasini aytib oʻtish mumkin. Bunday risolalarni oʻrganib, biz, umuman olganda, Samarqand observatoriyasida qoʻllanilgan asbob-uskunalarni tiklashimiz mumkin. Ammo rasadxonaning bosh uskunasi — bu noyob qurilma. Mirzo Ulugʻbek dahosi barpo etgan bu mukammal va noyob uskuna shakli va tuzilishini tiklash bizga u qoldirgan qiyin jumboqdir.

Ulugʻ alloma ilmiy izlanishlarida konservatizm anʼanalariga toʻliq rioya qilgan. Biz bir vaqtlari uning zijidan foydalanib, yulduz turkumlarining turkiy nomlarini oʻrganmoqchi boʻlganmiz. Lekin zijni ochib taajjubga tushganmiz. Unda keltirilgan yulduz turkumlari nomlari qadimgi yunonlar qoʻygan nomlarning oʻzginasi edi. Masalan, “Yetti qaroqchi” oʻrniga “Katta ayiqning tizzasidagi yulduz”, “Kichik ayiq dumining uchidagi yulduz” kabi nomlarni koʻrdik. Aslida, Mirzo Ulugʻbek bu ishi bilan buyuk olimligini namoyish etgan. Bordiyu u oʻzicha yulduzlarni ixtiyoriy ravishda turkumlarga boʻlib, ularni “Amir Temur”, “Movarounnahr” deb nomlab chiqqanida edi, uning barcha mehnatlari zoye ketgan boʻlar edi. Shuning uchun ham Mirzo Ulugʻbekning yulduz jadvali ilk bor Yevropada chop etilganida uni salkam ikki ming yil davomida tuzib kelingan boshqa jadvallar bilan hech qanday muammosiz solishtirish imkoni boʻlgan.

Shuni taʼkidlash kerakki, Uzoq Sharqda xitoy, yapon va koreys astronomlari tuzgan kataloglarda yulduzlar boshqacha yulduz turkumlariga boʻlingan va shuning uchun ular anʼanaviy (yunon-musulmon) kataloglari bilan solishtirilmagan hamda jahon astronomlari tomonidan tahlil etilmagan va oʻrganilmagan. Hozirda bu mamlakatlarning astronomlari ham yunon-musulmon anʼanalariga asoslangan zamonaviy turkumlar bilan ish koʻrishadi. Ularning qadimiy kataloglari esa tarixchilar tomonidan mahalliy tarixiy anʼana sifatida oʻrganiladi.

Yana bir muhim fikr. Mirzo Ulugʻbekning hayoti fojiali tugadi, lekin uning ilmiy ijodining yulduzi nihoyatda porloq boʻldi. Birinchidan, u oʻzining bosh asari — “Koʻragonning yangi jadvallari”ni yakunlashga ulgurdi. Ikkinchidan, bu asar Yevropada XVII asrda, oʻz vaqtida, unga zarurat boʻlganida eʼlon qilindi va jahon faniga salmoqli hissa boʻlib qoʻshildi.

Boburiy Sulton Muhammadshoh tomonidan XVIII asrda Hindistonda ilmiy izlanishlar Samarqand astronomiya maktabining anʼanalarida tashkil etilganida musulmon astronomiyasining davri oʻtib boʻlgan edi. U paytda Yevropada astronomiya ancha ilgarilab ketgandi. Italiyada Galileo Galiley teleskopni osmonga qaratib Yupiterning yoʻldoshlarini kashf etgan, Tixo Brage kuzatishlariga asoslanib Yogann Kepler sayyoralar harakatini belgilovchi uchta qonunni ochgan, Isaak Nyutonning butun dunyo tortishish qonunini kashf qilishi natijasida Nikolay Kopernikning geliotsentrik sistemasi toʻliq ilmiy asosini topgandi.

Shunday qilib, Ahmad Fargʻoniydan IX asrda boshlangan musulmon astronomiyasi XV asrda oʻzining eng yuksak choʻqqisiga Samarqandda chiqqan. Oʻshanda Mirzo Ulugʻbekning ilmiy maktabi jahonning astronomiya markaziga aylangan edi.

Yuqorida qayd etilgan gravyurada Yan Geveliy har bir astronomga tegishli iboralarni keltirgan. U “Oʻz ishimni munosib avlodlarimga qoldirdim”, degan iborani Mirzo Ulugʻbek nomidan keltirgan. Buyuk bobokalonimizning ushbu ishonchi va daʼvatiga munosib boʻlish bizning burchimizdir.

Shuhrat EGAMBERDIYEV,

Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi

Astronomiya instituti direktori, akademik.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?