Ulugʻ adibning ziyo chashmasi
Foto: Munira RAHIMOVA
Serqirra ijodkor, mashhur hikoyanavis, davlat va jamoat arbobi Abdulla Qahhor adabiyotimizning yuksak chinori edi. Atoqli yozuvchi inson ruhiyatining muhandisi, qalbning nozik torlarini cherta oladigan soʻz zargari darajasiga koʻtarila olgan. Sermazmun asarlari orqali oʻz nomini ezgulikka, abadiylikka muhrlagan.
Ardoqli adibimizning oʻlmas merosini qadrlash, anglash biz, yoshlar uchun ham qarz, ham farz. Shu maʼnoda zabardast yozuvchimizning hayot va ijod yoʻli bilan yaqindan tanishish maqsadida Abdulla Qahhor uy-muzeyiga tashrif buyurib, maʼnaviyat sarchashmasidan bahramand boʻldik.
Uzoq yillar davomida adib umr yoʻldoshi Kibriyo Qahhorova bilan birgalikda ushbu xonadonda istiqomat qilishgan. Uy-muzeyda adib asarlari qoʻlyozmalari, foydalangan narsa-buyumlar, mutolaa qilgan kitoblar jamlangan. Eksponatlar qatorida musiqiy cholgʻu asboblarining ham joy olgani yozuvchining nafaqat adabiyotga daxldor shaxs, balki sanʼatsevar inson boʻlganini ham anglatadi.
Uy-muzeyidagi ijodiy muhit, fayzli manzara kishini ruhiy uygʻoqlikka chorlaydi. Muhimi, u yerdan ilmning boʻyi keladi.
Abdulla Qahhor shunday degan edi: “Xonadonda chiroq boʻlmasligi mumkin. Lekin kitob boʻlmasa, bu goʻshaning kunduzlari ham zimistondir”. Xonadondagi osori atiqalardan ayon boʻladiki, adib xonadonini ilm-maʼrifat, maʼnaviyat nurlari yoritgan. Bu yerdagi moʻjaz kutubxona soʻzimizga isbot. Uning fondida oʻzbek va jahon adabiyotining noyob namunalari, mumtoz, klassik janrdagi bebaho asarlar joy olgan. Tasavvur qilamizki, boʻyi shiftga qadar yetgan, chor-atrofi kitoblar bilan oʻralgan xonadonda adib ijod zavqini totgan. Mazkur kitoblardan olingan ilm uning qalamini charxlagan.
Qoʻlda fotoapparat ushlab turgan Abdulla Qahhor tasviri aks etgan surat diqqatimizni tortadi. Uy-muzeydagi koʻplab fotoasarlarni adibning oʻzi tasvirga olganidan anglashiladiki, ushbu ijodkor inson hayotga doim ilhom nazari bilan qaragan. U hamisha ijodiy kayfiyat ogʻushida yashagan. Oʻzi yoqtirgan turli manzaralarni tasvirga olishni yaxshi koʻrgan, qayerga borishidan qatʼi nazar doim yonida fotoapparat olib yurgan.
Muzeydan oʻrin olgan moʻjaz eksponatlar sizga yozuvchi hayotidan batafsil hikoya qiladi. Qolaversa, tashrifimiz doirasida muzey direktori, koʻp yillik tajribali ijodkor Sanobar Matlubova bilan suhbatlashishga musharraf boʻlib, savollarimizga javob oldik.
— Muzeyga asos solinib, hozirgi koʻrinishda qad rostlashida Kibriyo opaning saʼy-harakati nihoyatda katta oʻrin tutgan, — deydi Sanobar Matlubova. — Yaʼni 1987-yil 6-may kuni adibimizning 80 yillik yubiley marosimida Kibriyo Qahhorova tashabbusi bilan Abdulla Qahhor nomidagi uy-muzeyi tashkil topdi. Bu fidoyi inson 1996-yilga qadar muzeyda ilmiy-xodim sifatida faoliyat yuritgan. Besh mingdan ziyod buyumlarni, nodir asarlarni Kibriyo opa shu qadar asrab-avaylaganki, koʻrganingizdek, bugungi kunga kelib, eksponatlar unchalik darajada taʼmirga muhtoj emas. Ular hozir ham oʻz husnini yoʻqotmagan.
— Ushbu muzeyning madaniy hayotimizdagi oʻrni haqida nima deya olasiz?
— Fransuz mutafakkiri Volter taʼbiri bilan aytganda: “Oʻtmishni bilmagan kishi na buguni, na kelajakni, na oʻzini biladi”. Zabardast yozuvchi, dramaturg, tarjimon, oʻzbekning Chexovi — Abdulla Qahhor hayoti va ijodi haqida yorqin tasavvur beruvchi ushbu uy-muzey xalqimizning maʼnaviyatini yanada boyitishga xizmat qiladi. Bugun, tan olishimiz kerak, baʼzi yoshlarimizning adabiyot, sanʼat, soʻz qadri haqidagi bilimlari, dunyoqarashi biroz sayoz. Ularni yuksaltirishda atoqli ijodkorlarning uy-muzeylari muhim ahamiyat kasb etadi. Navqiron avlod ulugʻ ajdodlarimizning tarixiy, ilmiy, adabiy merosini bilishi zarur, deb oʻylayman.
Koʻrib turganingizdek, muzeyda besh mingdan ortiq eksponat-buyumlar oʻrin olgan. Ushbu ilmiy meros ustida talaba-yoshlar, ilmiy-tadqiqotlar izlanishlar olib borishmoqda. Tadqiqotchilar oltin fondimiz tarkibidagi kitoblarning asl nusxalari bilan yaqindan tanishadi. Mazkur uy-muzeyni avlodlarga qolgan ziyo maskani, desak, xato emas.
— Muzey targʻiboti uchun qanday ishlar olib borilmoqda?
— 39 yillik faoliyatim davomida xorijiy mamlakatlarda boʻlib qaytgan boʻlsam, ularning aksariyati menda rang-barang taassurot uygʻotgan. Biroq ularni oʻzimizning muzeylar bilan taqqoslab koʻrganimda, buyuk bir shonli oʻtmishimiz borligidan beixtiyor faxr hissini tuyganman. Safar chogʻida diqqatimni tortgan yana bir jihat: xorijiy muzeylarda tomoshabinlar uchun yaratilgan qulay sharoitlar. Biroq, aytish joizki, ularning aksariyatida chipta narxi qimmat. Mamlakatimizda esa muzeylarga yoshlarni keng jalb qilish maqsadida bepul sayohat-ekskursiyalar uyushtiriladi. Bunday yaratilgan imkoniyatlardan samarali foydalangan holda biz ham muzeyni yanada rivojlantirishga yangicha yondashmoqdamiz. Soʻzimning isboti sifatida aytib oʻtishim joizki, 2021-yilda Toshkent moliya instituti bilan bizning Abdulla Qahhor uy-muzeyi oʻrtasida memorandum imzolandi. Institutda muzeyning filiali ochilib, oʻz faoliyatini boshlashiga erisha oldik. Institutning adabiy-ilmiy maslahatchisi Nuriddin Ochilovning Abdulla Qahhor hayotiga bagʻishlangan “Ehtirom” nomli kitobi chop etilib, muzeyimizning faxriy aʼzosiga aylandi. Qolaversa, oliygoh moliyaviy bazasi hisobidan uy-muzeyda taʼmirlash ishlari olib borilib, yakuniga yetkazildi.
— Biror eksponat tarixi haqida soʻzlab bera olasizmi?
— Muzey ikki qismga boʻlinadi. Ijodxona va darsxona. U yerga tashrif buyurgan kishi, goʻyoki oʻzini 60-yillarga tushib qolgandek sezishi, shubhasiz. Eksponatlar orasida darsxonadan oʻrin olgan shakli dumaloq aylana stol tarixi doim eʼtiborimni tortadi. Adib uni shogirdlaridan biriga buyurtma qilib yasattirgan. Ushbu eksponat Abdulla Qahhorning naqadar ziyrak shaxs ekanligi ifodasidek taassurot uygʻotadi doim. Chunki aylana shakl tenglik belgisi sanaladi. Uyga tashrif buyurgan mehmonlar aynan mana shu aylana stolga taklif qilingan. Bu ularga hurmat ramzi hisoblangan. Abdulla Qahhorning har bir narsaning mayda detaligacha ahamiyat qaratgani uning naqadar samimiy va otashin qalb sohibi ekanligidan dalolat beradi.
Munira RAHIMOVA, OʻzDJTU talabasi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Tinchlik sulhi shartlari bajarilmoqda: Gʻazo 3 nafar, Isroil 90 nafar mahbusni vataniga qaytardi
- Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirishga oid muhim qarorni imzoladi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Oʻzbekistonda 2025-yil 1-apreldan elektr energiyasi va gaz narxlari oshiriladi
- Harbiy xizmatni oʻtash bilan bogʻliq tartiblar yangilanadi
- Voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasi tizimi takomillashtirilmoqda
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring