Ukrainaning Donesk, Lugansk, Xerson va Zaporojye viloyatlarini qoʻshib olish toʻgʻrisidagi har qanday qaror yuridik kuchga ega emas va muhokama qilinmaydi — BMT Bosh kotibi

12:54 01 Oktyabr 2022 Dunyo
1492 0

Foto: Reuters

Kecha Kremlda Rossiya tarkibiga toʻrtta yangi hudud — oʻz mustaqilligini eʼlon qilgan Donesk Xalq Respublikasi (DXR), Lugansk Xalq Respublikasi (LXR), shuningdek, Ukrainaning Xerson va Zaporojye viloyatlarini Rossiya Federatsiyasi tarkibiga qabul qilish toʻgʻrisidagi bitimlar imzolandi.

Hujjatlarni Rossiya tomonidan prezident Vladimir Putin, DXR va LXR tomonidan ularning rahbarlari Denis Pushilin va Leonid Pasechnik, Xerson va Zaporojye viloyatlaridan viloyat rahbarlari Vladimir Saldo va Yevgeniy Baliskiy imzoladi.

“Odamlar oʻz tanlovini qildilar. Aniq tanlov. Ishonchim komilki, Federal Majlis Rossiya Federatsiyasining toʻrtta yangi subyektini qabul qilish va shakllantirish toʻgʻrisidagi konstitutsiyaviy qonunlarni qoʻllab-quvvatlaydi. Chunki bu millionlab odamlarning xohishi”, — dedi Putin marosimda.

Putin Kiyevni harbiy harakatlarni toʻxtatishga chaqirdi
Vladimir Putin Kiyevni zudlik bilan harbiy harakatlarni toʻxtatib, muzokara stoliga qaytishga chaqirdi.

“Biz Kiyevni zudlik bilan oʻt ochishni, barcha harbiy harakatlarni, 2014-yilda boshlangan urushni toʻxtatishga va muzokaralar stoliga qaytishga chaqiramiz”, dedi Rossiya prezidenti va Moskva bunga tayyor ekaniga urgʻu berdi. Shu bilan birga, Putinning taʼkidlashicha Rossiya «Donesk, Lugansk, Zaporoje va Xerson xalqlarining tanlovi»ni muhokama qilmaydi va bunga xiyonat qilmaydi.

Putin prezident ekan, Ukraina Rossiya bilan muzokara olib bormaydi — Zelenskiy
Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiyning aytishicha, Kiyev Moskva bilan muzokaralar oʻtkazishga tayyor, lekin Vladimir Putin bilan emas. Bu haqda Ukraina rahbari oʻzining “Telegram”dagi kanalida eʼlon qilgan videomurojaatida maʼlum qildi.

“Biz Rossiya bilan, lekin Rossiyaning boshqa prezidenti bilan muloqotga tayyormiz”, dedi Zelenskiy.

Shu yilning 29-sentyabr kuni Putin Xerson va Zaporojye viloyatlarini mustaqil hududlar deb tan olish haqidagi farmonlarni imzolagan edi. Hujjatlarda aytilishicha, xalqaro huquqning umumeʼtirof etilgan tamoyillari va normalariga muvofiq, referendumda sobiq Ukraina hududlari aholisining xohish-irodasini inobatga olgan holda, Xerson viloyati va Zaporojye viloyatining mustaqilligi tan olinishi kerak.

U yerda ham, Donbass respublikalarida ham referendumlar shu yilning 23 — 27-sentyabr kunlari boʻlib oʻtdi. LXRda aholining 98,42, DXRda 99,23, Xersonda 87,05, Zaporojyeda 93,11 foizi qoʻshilish uchun ovoz berdi.

Putin Ukrainada “maxsus harbiy operatsiya” boshlanishidan uch kun oldin, joriy yilning 21-fevral kuni Donesk va Lugansk xalq respublikalarining mustaqilligini Rossiya Federatsiyasi tomonidan tan olish toʻgʻrisidagi farmonni imzolagan edi. Oʻshanda izohlanishicha, ushbu hujjat mazkur respublikalarni himoya qilish maqsadida qabul qilingan.

Keyingi jarayonlar qanday boʻladi?
“Mavjud tartib yangi hududlarning Rossiya tarkibiga kirishi haqidagi kelishuvlar ushbu masalalar parlament tomonidan koʻrib chiqilishidan oldin imzolanishini nazarda tutadi”, deydi Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov.

Davlat dumasi raisi Vyacheslav Volodin avvalroq 3 va 4-oktyabr kunlari parlament quyi palatasining rejadan tashqari yigʻilishlari oʻtkazilishini maʼlum qilgandi.

Federatsiya Kengashi konstitutsiyaviy qoʻmitasi rahbari Andrey Klishas, oʻz navbatida, agar Davlat Dumasi zarur qonunlarni koʻrib chiqsa, Federatsiya Kengashi ularni 4-oktyabrdagi yigʻilish kun tartibiga kiritishi mumkinligini taʼkidladi.

Rossiyaning ushbu harakati xalqaro hamjamiyat tomonidan ham keskin norozilik bilan qarshi olindi.

Yirik sanoat va infratuzilma obyektlari Rossiya tarkibiga kiruvchi hududlarda joylashgan
«Rossiya tasarrufiga oʻtgan Zaporojye viloyatining muhim sanoat obyektlaridan biri mintaqada joylashgan atom elektr stansiyasi (Zaporojye AES) edi. Oxirgi 2,5 oy ichida Ukraina harbiylari unga hujum qilish uchun 30 dan ortiq urinishlar amalga oshirdi, kamida 120 ta snaryad otdi va kamida 16 ta kamikadze dronlardan foydalandi», deydi Rossiyaning Venadagi xalqaro tashkilotlardagi doimiy vakili Mixail Ulyanov.

Rossiyaning yangi hududlarida Donesk, Lugansk, Mariupol, Xerson, Melitopol va Berdyansk kabi yirik sanoat shaharlari joylashgan. Ushbu hududlarning anneksiya (Bir davlatni yoki uning bir qismini boshqa davlatga majburan qoʻshib olish — TAHR.) qilinishi Azov dengizini 1991-yilgacha boʻlgani kabi, Rossiya uchun butunlay ichki qismga aylantiradi.

RIA Novosti taqdim etgan maʼlumotlarga koʻra, Rossiyaning umumiy maydoni 113 ming kvadrat kilometrga kengayadi, bu hududlarning aholisi sakkiz milliondan ortiq kishini tashkil etadi va bu Ukraina aholisining taxminan 20 foizidir.

Zelenskiy Ukrainada Rossiyaning barcha aktivlarini milliylashtirish mumkinligini aytdi
Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy Rossiya Federatsiyasiga qarshi qoʻshimcha sanksiyalar eʼlon qildi. Bu Rada Rossiya aktivlarini milliylashtirish tartibini soddalashtiruvchi qonun qabul qilishi mumkinligini anglatadi. Bu haqda davlat rahbari oʻzining “Telegram” kanalida eʼlon qilingan videomurojaatida maʼlum qildi.

Siyosatchi, shuningdek, Radaning navbatdagi yigʻilishida Rossiyaning mamlakatdagi barcha aktivlarini milliylashtirish toʻgʻrisidagi qonun loyihasi koʻrib chiqilishini, bu tartibni ancha soddalashtirish kerakligini aytdi. Shu munosabat bilan u Ukraina parlamentini ushbu qonun loyihasini muhokamalarsiz qoʻllab-quvvatlashga chaqirdi.

Avvalroq Zelenskiy Ukrainada Rossiyaning 765 million dollarga yaqin aktivlari musodara qilingani, shuningdek, Rossiya Federatsiyasiga tegishli yana 900 dan ortiq aktivlarni majburan musodara qilish rejalashtirilayotganini aytgan edi.

Rossiya xalqaro huquqni buzmoqda, tinchliksevar xalqlarga nisbatan nafratini namoyish etmoqda — Jo Bayden
AQSH prezidenti Jo Baydenning aytishicha, Rossiya xalqaro huquqni, BMT nizomini buzmoqda va hamma joyda tinchliksevar xalqlarga nisbatan nafratini namoyish etmoqda.

Uning soʻzlariga koʻra, Qoʻshma Shtatlar Ukrainaning xalqaro hamjamiyat tomonidan tan olingan chegaralarini doimo hurmat qiladi va unga barcha hududlarni qaytarishda harbiy va diplomatik yordam koʻrsatishda davom etadi.

“Men jahon hamjamiyatining barcha aʼzolarini Rossiyaning noqonuniy anneksiyaga urinishlarini rad etishga va qancha vaqt kerak boʻlsa, Ukraina xalqini qoʻllab-quvvatlashga chaqiraman”, dedi u.

Baydenning qoʻshimcha qilishicha, AQSH Ukrainani sobiq chegaralari doirasida tan olishda va Ukraina Qurolli kuchlarini qurol bilan taʼminlashda davom etadi.

“Biz Ukrainaning oʻz hududi ustidan nazoratni tiklash, oʻz pozitsiyasini harbiy va diplomatik jihatdan mustahkamlash borasidagi saʼy-harakatlarini qoʻllab-quvvatlashda davom etamiz”, deyiladi Oq uy bayonotida.

Fransiya prezidenti Emmanuel Makron ham Rossiyaning ushbu harakatlariga izoh berib, “Fransiya Ukrainani anneksiya qilishga qaratilgan Rossiyaning harakatlarini keskin qoralaydi”, dedi.

Buyuk Britaniya bosh vaziri Liz Trass Putin xalqaro huquq meʼyorlarini buzganini aytdi.

«Biz hech qachon Donesk, Lugansk, Xerson va Zaporijye viloyatlarini Ukraina hududidan boshqa narsa deb tan olmaymiz», deb ogohlantirdi u.

BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish Rossiyaning rejasini mintaqadagi tinchlik istiqbollarini xatarga qoʻyuvchi xavfli eskalatsiya deb atadi.

«Rossiya BMT Xavfsizlik kengashining beshta doimiy aʼzolaridan biri sifatida BMT nizomi bajarilishi uchun javobgar. Ukrainaning Donesk, Lugansk, Xerson va Zaporijye viloyatlarini qoʻshib olish toʻgʻrisidagi har qanday qaror yuridik kuchga ega emas va muhokama qilinmaydi», - dedi u.

Ushbu vaziyat yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi ham axborot berdi
«Soʻnggi vaqtlarda fuqarolardan Ukraina atrofidagi vaziyat boʻyicha ayrim masalalarga oydinlik kiritish maqsadida murojaatlar koʻpayganligi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi quyidagilarni maʼlum qiladi.

Oʻzbekiston Respublikasi oʻzining tashqi siyosatini amalga oshirishda milliy manfaatlarga, asosiy tamoyillar sanaluvchi, jumladan, ochiqlik, teng huquqlilik, suverenitet, hududiy yaxlitlikni hurmat qilish, boshqa davlatlarning ichki ishlariga aralashmaslik kabi ustuvorliklarga doimo sodiqdir.

Oʻzbekiston mavjud vaziyatni xalqaro huquq normalaridan kelib chiqib siyosiy-diplomatik yoʻl bilan hal etish uchun shartlarni imkon qadar tezroq ishlab chiqish tarafdoridir», deyiladi Oʻzbekiston TIV axborotida.
Fazliddin ABILOV tayyorladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер