“Real Madrid” kuchliroqmi yoki “Barselona”?
“El-Klassiko” oldidan jamoalarning imkoniyatlariga nazar
Ertaga, 26-oktyabr kuni Ispaniya La Ligasi 10-turining markaziy toʻqnashuvi — dunyo futbolidagi eng shiddatli derbi — “El-Klassiko” boʻlib oʻtadi. “Real Madrid” oʻz maydonida azaliy raqibi “Barselona”ni qabul qiladi. Ushbu bahs oldidan jamoalarning holati, formadagi holati va ehtimoliy imkoniyatlarini tahlil qilamiz.
“El-Klassiko” tarixi
“Real Madrid” va “Barselona” bugungi kundagacha barcha musobaqa va oʻrtoqlik uchrashuvlarini qoʻshib hisoblaganda jami 297-marta maydonga tushgan. Shuning 190 tasi La Liga, 38 tasi Ispaniya Kubogi, 18 tasi Ispaniya Superkubogi, 8 tasi Chempionlar ligasi, qolgan 43 tasi esa ikkinchi darajali musobaqalar va oʻrtoqlik uchrashuvlariga toʻgʻri keladi.
Tarixiy hisobda “Barselona” ustunlik qilib kelmoqda — 126 ta gʻalaba bilan (42%), “Real Madrid” esa 109-marta (37%) zafar quchgan. 62 ta bahs durang bilan yakunlangan.
Gollar nisbati ham kataloniyaliklar foydasiga: “Barselona” raqib darvozasini 524-marta ishgʻol etgan, madridliklar esa 484 bor gol urgan.
Eng yirik gʻalabalarga nazar tashlasak, 1943-yil 13-iyun kuni “Real Madrid” Ispaniya Kubogi doirasida “Barselona”ni 11:1 hisobida magʻlub etgan. Katalonlar esa 1913-yil 1-noyabrdagi oʻrtoqlik uchrashuvida raqibini 7:0 hisobida taslim etgan.
1916-yildagi 6:6 hisobli bahs esa “El-Klassiko” tarixida eng koʻp gol kiritilgan oʻyinlardan biri boʻlib qolgan.
Soʻnggi oʻyinlar natijasi
Oxirgi 10 ta “El-Klassiko”da “Barselona” ustun kelgan — 6 gʻalaba, “Real”da esa 4 gʻalaba bor. Shu bilan birga, kataloniyaliklar soʻnggi 5 uchrashuvda raqibni qator magʻlubiyatga uchratgan va har safar kamida 3 tadan gol urgan.
2025-yil 11-mayda boʻlib oʻtgan oxirgi bahsda “Barselona” 4:3 hisobida zafar qozongan. Gollar mualliflari: Rafinya (2 ta), Lamin Yamal, Erik Garsiya (“Barselona”), Kilian Mbappe (3 ta, “Real Madrid”).
Joriy mavsumdagi natijalar
“Real Madrid”
La Ligada peshqadam. “Osasuna”, “Ovyedo”, “Malyorka”, “Sosiyedad”, “Espanyol”, “Levante”, “Vilyarreal” va “Xetafe” ustidan gʻalaba qozondi. Faqat “Atletiko Madrid”ga yutqazgan.
Chempionlar ligasida “Marsel”, “Qayrat” va “Yuventus”ni magʻlub etdi va ayni vaqtda guruhda 5-oʻrinda.
“Barselona”
La Ligada “Malyorka”, “Levante”, “Valensiya”, “Sosiyedad”, “Xetafe”, “Ovyedo” va “Jirona” ustidan gʻalaba qozongan. “Rayo Valekano” bilan durang, “Sevilya”ga magʻlubiyat.
Chempionlar ligasida PSJga yutqazgan boʻlsa-da, keyingi oʻyinlarda “Nyukasl” va “Olimpiakos”ni magʻlub etgan.
Jamoalar statistikasi (2025-yil mavsumi)
| Koʻrsatkich | Real Madrid | Barselona |
|---|---|---|
| Urilgan gollar | 28 | 33 |
| Oʻtkazilgan gollar | 10 | 14 |
| Toʻp nazorati | 64% | 71% |
| Uzatmalar aniqligi | 90% | 90% |
| Kurashlarda yutqizmaslik | 57% | 55% |
| Oʻrtacha zarbalar soni | 7 | 9 |
“Barselona”ning kuchli va zaif jihatlari
Kuchli tomonlar:
- Hujum chizigʻining yuqori samaradorligi — La Ligada eng koʻp gol urgan jamoa.
- Toʻp nazoratida ustunlik (70% atrofida) va yuqori aniqlikda uzatmalar (90%) — bu raqibni bosim ostida ushlab turish imkonini beradi.
- Anʼanaviy pas-oʻyin uslubi bilan birga tezkor vertikal hujumlarni yoʻlga qoʻygan, bu ularni moslashuvchan qiladi.
Kamchiliklar:
- Asosiy tarkibda jarohatlar koʻp — Xuan Garsiya, Rafinya, Olmo, Levandovski va Gavi oʻyinni oʻtkazib yuborishi mumkin.
- Standart holatlarda samarasizlik.
- Ofsayd tuzogʻi taktikasi soʻnggi bahslarda ish bermayapti.
“Real Madrid”ning kuchli va zaif jihatlari
Kuchli tomonlar:
- Yangi futbolchilar jamoaga tez moslashib ketdi.
- Xabi Alonso boshchiligida hujumlar kreativ va xilma-xil.
- Yetakchilar — Mbappe va Vinisius — aʼlo sport formasida. Mbappe ketma-ket 9 oʻyinning 8 tasida gol urgan.
Kamchiliklar:
- Himoyada tezkor hujumlarga qarshi zaiflik.
- Imkoniyatlar yaratiladi, ammo yakunlovchi zarbalarda aniqlik baʼzan past.
- Jamoada jarohatlar — Trent, Mendi, Mastantuono, Ryudiger oʻyinni oʻtkazib yuborishi mumkin.
“El-Klassiko” oldidan imkoniyatlar deyarli teng. Har ikki jamoa ham jarohatlar tufayli toʻliq tarkibda emas. Bu bahsda ehtimol himoyaviy va ehtiyotkor oʻyin ustuvor boʻladi. Ammo futbol muxlislari baribir gollarga boy, dramatik toʻqnashuvni kutmoqda.
Haqiqatni esa 26-oktyabr soat 20:15 da “Santyago Bernabeu”da boshlanadigan oʻyin koʻrsatadi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- 21-oktyabr – Oʻzbek tili bayrami kuni
- Oʻz xalqini Siz kabi chin dildan sevadigan davlat rahbarini uchratmadim – “ACWA Power” kompaniyasi boshqaruvi raisi Muhammad Abunayyan
- Imtiyozli shartlarda pensiyaga chiqish huquqini beruvchi roʻyxatni tuzish tartibi belgilandi
- Oʻzbekiston tasviriy sanʼat galereyasida Samarqand maktabining yangi nafasi
- Ish bilan bogʻliq baxtsiz hodisalar va kasbga oid kasalliklar haqidagi maʼlumotlarning yaxlit tizimi yoʻqligi koʻrsatib oʻtildi
- Lamin Yamal “Barselona”ni tark etishi mumkin
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring