Uchquduqlik konchilar ekskavatorlar transportirovkasining samarador moslamasini yaratishdi
Foto: Халқ сўзи
“Navoiy kon-metallurgiya kombinati” AJda mavjud ishlab chiqarish quvvatlaridan samarali foydalangan holda butlovchi buyumlar, ehtiyot qismlari va materiallarni ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish hamda oʻzlashtirish orqali import hajmini qisqartirish boʻyicha izchil ishlar olib borilmoqda. Bunda asosiy eʼtibor ishlab chiqarish jarayonlariga berilgan ratsionalizatorlik takliflari hamda innovatsion izlanishlarga qaratilib, korxona tizimidagi birgina Shimoliy kon boshqarmasi tomonidan oʻtgan yili 31 ta loyiha sinovdan muvaffaqiyatli oʻtkazildi.
Boshqarma muhandis-texnologlari va mexaniklari tomonidan ishlab chiqarishga ruxsat etilgan gidravlik ekskavatorlarni koʻchirish moslamasi Oʻzbekiston konchiligi tarixida birinchi marta qoʻllanildi.
— Maʼlumki, konchilikda asosan zanjir (gusenitsa) tayanchli ekskavatorlar ishlatiladi, — deydi Shimoliy kon boshqarmasi bosh muhandisi oʻrinbosari Nuriddin Kamolov. — Sababi, bir hovuchda 12 – 20 tonnaga qadar rudani uzib oladigan bu qudratli texnikalar mustahkam tayanchga ega boʻlmogʻi kerak. Biroq bu texnikalarni bir karyerdan ikkinchisiga koʻchirish, (misol uchun «Koʻkpatas» koni karyerlari oʻrtasidagi masofa oʻrtacha 3,5 – 4 kilometrni tashkil etadi) juda koʻp vaqt va xarajatni talab qiladi. Qolaversa, zanjir orqali harakatlanish bu ekskavatorlar ekspluatatsiya muddatiga ham oʻz taʼsirini koʻrsatmay qolmaydi. Shu jihatdan ushbu moslama bir qator samaralarni taqdim etadi.
«Koʻkpatas» koni boʻyicha “Sharqiy” ochiq usulda qazib olish koni gidravlik ekskavatorlarida koʻchirish moslamasining qoʻllanilishi beradigan iqtisodiy samara, dastlabki hisob-kitoblarga koʻra, yiliga 5 milliard soʻmga yaqin boʻlishi kutilmoqda. Ushbu qurilmaning mamlakatimiz konchiligi va kelajakda boshqa tarmoqlarda ham qoʻllanishini inobatga olsak, mazkur raqam bir necha baravarga ortishini anglash qiyin emas.
Temur ESHBOYEV, “Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Sobiq bosh vazir uzoq muddatga qamaldi
- Tinchlik sulhi shartlari bajarilmoqda: Gʻazo 3 nafar, Isroil 90 nafar mahbusni vataniga qaytardi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirishga oid muhim qarorni imzoladi
- Turkiyada qalbaki alkogoldan yana 3 nafar oʻzbekistonlik hayotdan koʻz yumdi
- Oʻzbekistonda 2025-yil 1-apreldan elektr energiyasi va gaz narxlari oshiriladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring