“Uchinchi front”ni yoʻqqa chiqargan oʻzbek razvedkachisi

00:50 10 Iyun 2024 Jamiyat
697 0

Aksariyat yurtdoshlarimiz natsistlar Afgʻoniston orqali Markaziy Osiyoda “Uchinchi front”ni ochish uchun jiddiy harakat olib borganligini yaxshi bilmaydi. Kamiga, ana shu “Uchinchi front”ni yoʻqqa chiqargan oʻzbek razvedkachisi Bahrom Ibrohimovning tarixiy xizmatlari ham nimagadir koʻp hollarda soyada qolib ketavergan…

Bir necha tilni, shu jumladan, nemischani mukammal darajada bilgan Bahrom Ibrohimov avval Eron, undan Afgʻonistonga oʻtish haqida koʻrsatma oladi. “Mahmud Oyqorli”ga nomi bilan faoliyat olib borgan Bahrom Ibrohimov Qobuldagi Germaniyaning harbiy razvedka va aksilrazvedkasi rezidenti boʻlgan Rasmusning eʼtiboriga tushadi.

Markaz topshirigʻi bilan razvedkachimizga muhojirlar tashkilotiga kirib borib, ular ichida tegishli ishlar olib borish, ularning Oʻrta Osiyo respublikalariga oid dushman rejalarini aniqlash yuklatiladi. Maxsus tayyorgarlikdan oʻtgan 24 yoshli Bahrom Ibrohimov Eronga yuboriladi. Bu paytda u Oʻzbekistonda jurnalist, shoir va yozuvchi sifatida tanilib ulgurgan edi. Chet elda u sovet hukumatining taʼqibidan qochgan “Mahmud Oyqorli” va “Yazuchi” nomlari ostida ish olib boradi.

Toʻlqin Hayitning “Oʻzbek razvedkachisi fashistlarning qanday katta rejasini yoʻqqa chiqargan edi?” maqolasidan.

Tez orada unga Abverning manfaati yoʻlida sobiq ittifoqning Oʻrta Osiyolik muhojirlari orasida maxsus faoliyat olib borish topshiriladi.

U Afgʻonistondagi nemis maxsus xizmati vakillari bilan birga aksilsovet kayfiyatidagi shaxslarni aniqlab, ular yordamida “yaqin orada nemislar Kavkazni oladi, undan keyin esa Oʻzbekiston va Tojikistonga hamla qiladi”, degan maʼnodagi ovozalarni tarqatishi kerak edi.

Qolaversa, uning zimmasiga Turkiston harbiy okrugidagi qoʻshinlar toʻgʻrisida maʼlumot toʻplash ham yuklanadi.

Bizning sharqiy chegaralarda “poʻlat qoʻl” ishlayapti. Toki u bor ekan, omad bizdan yuz oʻgirmaydi!

Rixard Zorge, mashhur sovet razvedkachisi.

Fashistlar topshiriqlarini razvedkachimiz qanchalik bajargan yoki yoʻq, bunisi ahamiyatsiz. Muhimi, u ona Vatan zimmasiga yuklagan xavfli, ayni chogʻda oʻta masʼuliyatli vazifani muvaffaqiyatli darajada ado etadi.

Uning tarixiy xizmatini birgina voqea misolida ham koʻrsa boʻladi. Natsistlar rejasiga koʻra, 12 minglik yaxshi qurollangan muhojir qoʻshini Amudaryodan ot va meshqopda kechib oʻtib, Chorjoʻydagi koʻprikni egallashi, hozirgi Turkmanboshi va Toshkent trassasini buzib, frontga joʻnatish uchun tayyorlangan yonilgʻi omborxonalarini portlatishi kerak edi. Ayni chogʻda bizning hududda qoʻzgʻolon tayyorlash ham moʻljallangan. “Uchinchi front” operatsiyasini Germaniyaning Afgʻonistondagi rezidenti Karl Rasmusning oʻzi shaxsan boshqargan.

Razvedkachimizning oʻta ishonchli boʻlgan bu xabari 1942-yil 8-iyulda oʻsha paytdagi SSSR NKVD Davlat xavfsizligi Bosh boshqarmasi rahbari nomiga kelib tushadi. Shundan soʻng tegishli choralar koʻriladi hamda oʻta jiddiy, hatto, halokatli boʻlishi mumkin boʻlgan xavfning oldi olinadi. Bordiyu fashistlar hududlarimizga kirib kelganda nima boʻlardi? Tish-tirnogʻigacha qurollangan dushmanga qarshi tura oladigan kuchning oʻzi yoʻq edi bu yerda. Chunki, hamma kuchlar Gʻarbiy frontda edi…

Shu tariqa fashistlarning Markaziy Osiyo, jumladan, Oʻzbekistonda “Uchinchi front” ochish rejasi yoʻqqa chiqarildi. Agar taʼbir joiz boʻlsa, Bahrom Ibrohimovning jonbozligi bilan Afgʻonistonda faoliyat olib borayotgan Germaniya razvedkasidan ustidan gʻalaba qozonildi. Natijada nemis rezidenti, shturmbannfyurer Karl Rasmus oʻz joniga qasd qilgan.

Oʻzbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmatining sobiq raisi, general-leytenant Gʻulom Aliyevning “Razvedkachilarimiz jasorati” maqolasidan.

Sovet davrida ushbu oʻzbek oʻgʻlonining xizmatlari koʻrib koʻrmaslikka olindi yoki kamsitib koʻrsatildi. Yaʼni boshqa oʻzbek qahramonlari kabi Bahrom Ibrohimovga ham oʻgay koʻz bilan qaraldi. Buni 1960-yil boshida boʻlib oʻtgan bir voqea yaqqol tasdiqlaydi.

Oʻsha paytdagi respublikamiz rahbari Sharof Rashidov Bahrom Ibrohimov Sovet Ittifoqi Qahramoni unvoniga loyiqligi haqidagi hujjatga imzo chekadi, ammo markaz unga jangovar “Qizil Bayroq” ordenini berish bilan aldab qoʻya qolgan. Agar uning oʻrnida oʻzlariga tegishli odami boʻlganida bormi, ikki martalab Sovet Ittifoqi Qahramoni unvonini bergan boʻlishardi. Bu aniq!

Yana bir masala: nimagadir Bahrom Ibrohimovga kelganda “norasmiy razvedkachi” iborasi ishlatiladi. U razvedkachilikka qabul qilingani bois maxsus topshiriq bilan avvaliga Eronga va undan Afgʻonistonga joʻnatilganadi-ku, axir. Nazarimizda, buyam oʻzbek oʻgʻlonini oʻzlaridan uzoqlashtirishdan boshqa narsa emas…

borayotgan Germaniya razvedkasidan ustidan gʻalaba qozonildi. Natijada nemis rezidenti, shturmbannfyurer Karl Rasmus oʻz joniga qasd qilgan.

Respublika janubiy chegaralari fashistlar Germaniyasi razvedkasi rezidenturasida muvaffaqiyatli faoliyat koʻrsatgan Mahmudbek Oyqorli, yaʼni Bahrom Ibrohimovning alohida xizmatlari evaziga tinch edi. Xuddi shu odam gitlerchilarning Oʻzbekiston janubida yangi front ochish boʻyicha moʻljallagan ishlarini rejali ravishda barbod qilib turdi.

Oʻzbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmatining sobiq raisi, general-leytenant Gʻulom Aliyevning “Razvedkachilarimiz jasorati” maqolasidan.

Tarixning achchiq haqiqati barchamizga saboq boʻlmogʻi darkor!

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?