“Uch qahramon” bozoridagi yongʻin oqibatida qancha zarar koʻrilgani ochiqlandi

18:21 14 Avgust 2025 Jamiyat
226 0

Videodan kadr

Bugun, 14-avgust kuni Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev Toshkent tumanidagi “Uch qahramon” bozoriga borib, u yerda tadbirkorlik qilayotgan fuqarolar bilan uchrashdi.

Yigʻilishda joriy yilning 11-avgust kuni bozor hududida sodir boʻlgan yirik yongʻin oqibatlari va hodisaning sodir boʻlish omillari muhokama markazida boʻldi. Qayd etilishicha, masʼul shaxslar tomonidan yongʻin xavfsizligi qoidalari buzilishi oqibatida majmua hududida alanga yuzaga kelgan. Olov taxminan 8 ming metr kvadrat maydon — bozorning 40 foizini qamrab olgan.

Oqibatda savdo doʻkonlari ichidagi barcha mol-mulklar yonib ketgan. Dastlabki maʼlumotnomaga koʻra, jamiyat va fuqarolarga jami 74 mlrd soʻm miqdorda moddiy zarar yetkazilgan.

Holat yuzasidan Toshkent tumani IIB huzuridagi Tergov boʻlimi tomonidan Jinoyat kodeksining 259-moddasi, 2-qismi “b” bandi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, Toshkent viloyati IIBB huzuridagi Tergov boshqarmasi tomonidan ish yurituvga olingan.

Yigʻilishda maʼlum qilinishicha, yongʻin bozorga kirishda oʻng tomonda joylashgan birinchi va ikkinchi doʻkonlar orasidan oʻtgan elektr simlarida yuzaga kelgan avariya (ortiqcha yuklanish, yuqori oʻtish qarshiligi) sababli kelib chiqqan deb taxmin qilindi. Yongʻin oqibatida A blokdagi 78 ta tadbirkor (106 ta doʻkon), S blokdagi 11 ta tadbirkor (19 ta doʻkon) va Ye blokdagi 48 ta tadbirkor (56 ta doʻkon), jami 137 ta tadbirkor (181 ta tadbirkor doʻkoni va 76 ta boʻsh doʻkon) yongʻindan zarar koʻrgan.

“Ertadan boshlab bozorning yongʻin sodir boʻlmagan qismidagi boʻsh doʻkonlarga yongʻin tufayli zarar koʻrgan tadbirkorlar koʻchib oʻtishni boshlaydi. Mazkur bozor 17-avgustdan faoliyat koʻrsatishni boshlaydi. Men bozor faoliyati tiklangan kuni yana kelaman va har bir tadbirkor bilan yana muloqot oʻtkazaman. Bozor hududidagi tadbirkorlar orasidan vakillar tanlanadi va ular ishtirokida doʻkonlar uchun joylar adolatli taqsimlash nazorat qilinadi”, dedi viloyat hokimi Zoyir Mirzayev.

Taʼkidlanishicha, 12−13-avgust kunlari yongʻin oqibatida jabrlangan 165 ta tadbirkorlik subyektlarini qoʻllab-quvvatlash va faoliyatini davom ettirishlari uchun bozor hududida 63 ta boʻsh turgan doʻkonlar, 125 ta tadbirkorlik subyektlariga 2 oy muddatga ijara toʻlovisiz ajratib berilgan va joylashtirilgan.

Shuningdek, yigʻilishda tadbirkorlarga bozorning kelgusi faoliyati xususida Toshkent metropoliteni qaror qabul qilishi tushuntirilgan. Bildirilishicha, 2026-yil 1-martdan boshlab bu yerda metropoliten uchun zarur infrastruktura obyekti qurilishi boshlanadi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?