Turizm salohiyati qanday yuksaladi?
Foto: Sevara ALIJONOVA
Navoiy viloyati boʻylab sayohatimiz davom etadi. Bu galgi manzil — XII asrga tegishli Shayx Xoʻja Xisrav maqbarasi.
Karmana tumanida joylashgan bu maskanni topib olishga biroz qiynaldik. Bir yarim kilometr avval yoʻl yuziga qoʻyilgan xabardor etuvchi belgidan boʻlak hech nima yoʻq. Axiyri, «Google xarita» bizga yordam berdi. Bahaybat supermarketning orqasida koʻrimsizgina, qimtinib turgan qadamjoga keluvchilar soni koʻp emasligi aniq.
Ammo moʻjazgina dargohdan fayz, halovat, sakinat yogʻilib, beixtiyor gʻala-gʻovur dunyodan bir muddat butkul uzilgandek ruhingiz orom topadi. Shinam.
Shayx Xoʻja Xisrav kim? Bu ulugʻ zot samarqandlik boʻlib, XIV asrda Karmanada yashab oʻtgan. Mavlono Orif Deggaroniy, Xoʻja Bahouddin Naqshband bilan zamondosh va hamnafas boʻlgan shayxlardan biridir. Xoʻja Xisravning hayoti, faoliyati va karomatgoʻyligi haqida Abul Musin Muhammad Boqir Ibn Muhammad Alining “Bahouddin Balogardon” kitobida ayrim tarixiy maʼlumot va rivoyatlar keltirilgan.
U taniqli olim, naqshbandiya tariqatining targʻibotchilaridan biri sifatida xurofotga qarshi kurashgan. Karmanada yashash uchun kelgan shayx Xoʻja Xisrav umrining oxirigacha naqshbandiya taʼlimotining davomchisi sifatida mahalliy aholining hurmatiga sazovor boʻlgan va ular oxir-oqibat u zotning xotirasini abadiylashtirganlar.
XX asr – shoʻro tuzumi davrida maqbara vayron qilingan, masjid buzilgan, qabr toshidan boʻlak hech vaqo qolmagan. Sagʻanani ziyorat etish ham taqiqlangan, ustiga ikki qavatli uylar qurib yuborilgan. Maʼrifatparvarlarimiz vafotidan keyin ham qancha koʻrgiliklarni “boshidan kechirgana”.
Bugun sayyohlarga barcha qulayliklarni yaratish, hatto ularning oʻz koʻzlagan manzilini oson topib olishi uchun imkoniyatlarni kengaytirish hududning turizm salohiyatini yuksaltirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
2018-yili “Xoʻja Xisrav” va “Mirsaid Bahrom” meʼmoriy obidalarini qayta taʼmirlashga 3 milliard soʻm ajratilgan va bugungi koʻrinishga keltirilgan.
Yoʻl boʻyiga kichik panno ham qoʻyilmagan ekan oʻshanda. Hali ham kech emas.
Sevara ALIJONOVA.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- G20 sammitining Janubiy Afrikada oʻtkazilishi sharmandali holat – Tramp
- Oʻzbekiston U-17 terma jamoasi Jahon chempionatidagi ikkinchi oʻyinida magʻlub boʻldi
- Oʻzbekiston milliy terma jamoasining xalqaro musobaqa uchun qaydnomasi eʼlon qilindi
- Komiljonov Muxammadsolih Sobirjon oʻgʻlining “Salomatlik landshaftlarini tashkil etish tamoyillarini ishlab chiqish” mavzusidagi (arxitektura fanlari boʻyicha) falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasining himoyasi eʼloni
- Ukrainada jurnalistlarni olib ketayotgan avtomobil dronlar hujumiga uchradi
- Rossiya yangi urushga tayyorgarlik koʻrmoqda — Germaniya mudofaa vaziri
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring