Travmatologiya va ortopediya markazida qanday noyob jarrohlik amaliyotlari yoʻlga qoʻyilgan?
Bugungi kunda Respublika ixtisoslashtirilgan travmatologiya va ortopediya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida bemorlarni davolashning koʻplab innovatsion usullari joriy qilinmoqda. Xususan, bu yerda qoʻllanilayotgan kam invaziv amaliyotlar natijasida uzoq yillardan buyon ogʻir darddan aziyat chekkan koʻplab yurtdoshlarimiz qisqa vaqt ichida shifo topib, oilasi bagʻriga qaytyapti.
Muassasada yiliga 3000 ga yaqin endoprotezlash va 3500 dan ziyod artroskopik operatsiyalar oʻtkazilmoqda.
Markazda yangi davolash usullarini yoʻlga qoʻyish doirasida tirsak boʻgʻimi jarohatlarini endoprotez yoki plastinalar yordamida emas, balki Ilizarov usuli bilan tiklash yoʻlga qoʻyildi.
Bu yerda yurtimizda ilk bor 1 yoshu 4 oylik bolaning ortiqcha yarim tana umurtqasini olib tashlash jarrohlik amaliyoti oʻtkazildi. 2 nafar bemorda birinchi marta oshiq suyagining avaskulyar nekrozida mozaik xondroplastika, bir nafar fuqaroda chanoq-son boʻgʻimi endoprotezlari nostabilligida hamda suyak defektida allosuyak yordamida nuqsonlarni toʻldirish va endoprotezlash operatsiyalari bajarildi.
Shuningdek, suyak sinishlarini davolashda bloklovchi osteosintez deb ataluvchi zamonaviy operatsiya usulidan foydalana boshlandi.
Ixtisoslashtirilgan travmatologiya va ortopediya xizmatini aholiga yaqinlashtirish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar natijasida hozirda murakkab amaliyotlar tumanlar darajasigacha tushirilmoqda.
Masalan, Andijon viloyatida ilk bor son suyagi boshchasining aseptik nekrozida tunnelizatsiya va PRP-terapiya yuqori texnologik jarrohlik amaliyoti bajarildi. Fargʻona viloyatining Oʻzbekiston tumanida 3, Qoʻqon shahrida 8, Navoiy viloyatining Qiziltepa tumanida 2, Buxoro viloyatining Kogon va Buxoro tumanlarida 4 nafar bemorda esa chanoq-son boʻgʻimini endoprotezlash muolajasi yoʻlga qoʻyildi.
Shifo maskanida oʻzlashtirilgan yana bir zamonaviy muolaja turi — bu tugʻma maymoqlikni Ponseti usuli bilan davolashdir. Ushbu muolaja, avvalo, u kaminvazivligi bilan ajralib turadi. Bunda bemor qisqa vaqtda va asoratsiz tuzaladi.
Aholiga tibbiy xizmat koʻrsatish koʻlamini kengaytirish maqsadida markazda bir qancha yangi boʻlimlar ham ochildi. Xususan, Oʻzbekiston tibbiyotida noyob yoʻnalish boʻlgan qoʻl va oyoq panjasi xirurgiyasi boʻlimi, ikkinchi artroskopiya boʻlimi, alohida reabilitatsiya boʻlimi shular jumlasidandir.
Taʼkidlash joizki, shu yil oxiriga qadar mazkur markazda kompyuter navigatsiyasi yordamida yirik boʻgʻimlarni endoprotezlash va robotlashtirilgan jarrohlik texnikasini joriy etish ham rejalashtirilgan.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Sobiq bosh vazir uzoq muddatga qamaldi
- Tinchlik sulhi shartlari bajarilmoqda: Gʻazo 3 nafar, Isroil 90 nafar mahbusni vataniga qaytardi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirishga oid muhim qarorni imzoladi
- Turkiyada qalbaki alkogoldan yana 3 nafar oʻzbekistonlik hayotdan koʻz yumdi
- Oʻzbekistonda 2025-yil 1-apreldan elektr energiyasi va gaz narxlari oshiriladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring