Tramp 12 davlat fuqarolarini AQSHga kirishini taqiqladi. Ular qaysi davlatlar?

10:25 05 Iyun 2025 Dunyo
236 0

Foto: Reuters

AQSH prezidenti Donald Tramp 12 davlat fuqarolarini AQSHga kirishini toʻliq va yana yetti davlat, jumladan Turkmaniston fuqarolarini qisman taqiqladi.

Respublikachi bunday taqiqni oʻzining birinchi prezidentlik muddati davrida ham kiritgan edi, ammo hozir roʻyxatga KXDR va Suriya kiritilmagan.

Oq uy saytida chop etilgan press-relizga koʻra, Afgʻoniston, Myanma, Chad, Kongo Respublikasi, Ekvatorial Gvineya, Eritreya, Gaiti, Eron, Liviya, Somali, Sudan va Yaman fuqarolariga toʻliq taqiq qoʻyilgan. Taʼkidlanishicha, ushbu mamlakatlarning Amerika Qoʻshma Shtatlarida qonuniy doimiy rezidentlari va amaldagi vizalar egalari uchun istisnolar mavjud. Davlatlar roʻyxati AQSH Davlat departamenti tomonidan yanvar oyidan beri oʻtkazilgan tahlil asosida tuzilgan.

Burundi, Kuba, Laos, Serra-Leone, Togo, Turkmaniston va Venesuela fuqarolariga qisman taqiq joriy etildi. Ularga tashrif va talaba vizalari berilmaydi. Biroq, ishlash yoki amerikalik qarindoshlar bilan uchrashish uchun vizalar oʻz kuchida qoladi.

Donald Trampning soʻzlariga koʻra, Kolorado shtatining Boulder shahrida yahudiy faollariga qarshi uyushtirilgan antisemit hujum ushbu chora-tadbirlarga sabab boʻlgan.

Oʻshanda xotini va bolalari bilan AQSHda noqonuniy yashab kelgan 45 yoshli Misr fuqarosi “Falastinga ozodlik!” deb hayqirgancha olomon orasiga molotov kokteyli uloqtirgan edi. “Associated Press” xabariga koʻra, ushbu hujum oqibatida 15 kishi tan jarohati olgan.

“Biz XXI asrda butun dunyo boʻylab xavfli joylardan kelgan, muddati oʻtgan vizasi boʻlgan xorijliklar tomonidan sodir etilgan terrorchilik xurujlarini koʻrdik va koʻrishda davom etmoqdamiz”, — deydi AQSH prezidenti. Uning qoʻshimcha qilishicha, mamlakatda bunday odamlar millionlab bor.

Tramp teraktlar haqida gapirar ekan, “Yevropada sodir boʻlgan voqealar AQSHda boʻlishiga” yoʻl qoʻymasligini aytdi. Shu oʻrinda u taqiqlangan davlatlar roʻyxatiga yangi davlatlar qoʻshilishi mumkin, deya tahdid ham qildi.

Donald Tramp oʻzining birinchi prezidentlik muddati davomida Kuba, Chad, Eron, Liviya, Shimoliy Koreya, Somali, Sudan, Suriya, Venesuela va Yaman fuqarolariga ham xuddi shunday taqiq qoʻygan edi. Bu chora Jo Bayden tomonidan bekor qilingandi. Bu safar Shimoliy Koreya va Suriya toʻliq yoki qisman taqiqga kiritilmagan.

Trampning soʻzlariga koʻra, bu chora uning birinchi muddatida “juda muvaffaqiyatli” boʻlgan va AQSHda teraktlarning oldini olgan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер