Kuchli aksirish yurakni toʻxtatib qoʻyishi yoki koʻzlarni kosasidan chiqarib yuborishi mumkinmi?
Illyustrativ foto
Aksa urish inson tanasidagi eng kuchli ixtiyorsiz harakatlardan biri hisoblanadi. Qadimda u turlicha talqin qilingan: ayrim manbalarda yaxshilik alomati sifatida koʻrilgan boʻlsa, boshqalarida xastalik belgisi deb baholangan. Bugungi ilm-fan esa aksirishni, avvalo, organizmni himoya qilish mexanizmi sifatida izohlaydi.
Manchester universiteti immunologi Shina Kruikshankning taʼkidlashicha, aksirish — bu organizmni bezovta qilayotgan omildan xalos boʻlishga qaratilgan jismoniy reaksiya. Burun ichidagi mayda tukchalar — siliyalar tashqi zarrachalarni ushlab qoladi va asab tizimiga signal yuboradi. Natijada organizm “begona” moddani chiqarib yuborish uchun aksirish refleksini ishga tushiradi.
Bunday taʼsirga allergenlar, shamollash yoki gripp viruslari, chang, qalampir kabi qoʻzgʻatuvchilar sabab boʻlishi mumkin. Shuningdek, yuz sohasidagi sezgi va harakat funksiyalari uchun masʼul uchlamchi asab (trigeminal nerv) sovuq havo yoki hatto qosh yulish paytida ham aksirishni qoʻzgʻatishi mumkin. Ayrim odamlarda esa yorqin nur taʼsirida aksirish kuzatiladi. 1980-yillarda tadqiqotchilar bu holatni hazilomuz tarzda “Achoo sindromi” deb atagan. U irsiy va tugʻma xususiyatga ega.
Aksirish juda kuchli jarayon boʻlsa-da, u haqidagi ayrim keng tarqalgan tasavvurlar notoʻgʻri. Soʻnggi tadqiqotlarga koʻra, aksirish paytida hosil boʻladigan havo oqimi 1 metrdan kam masofagacha yetadi va tezligi taxminan soatiga 10 milni tashkil qiladi. Bu koʻpchilik oʻylaganidek soatiga 100 mil emas. Shuningdek, aksirish yurakni “toʻxtatib qoʻymaydi” yoki koʻzlarni chiqarib yubormaydi — bu afsonalar ilmiy asosga ega emas.
Mutaxassislar ifloslangan hududlarda aksirish va allergik alomatlar uzoqroq va ogʻirroq kechishini qayd etmoqda. Iflos havo burun va oʻpka shilliq qavatlariga zarar yetkazib, zararli omillarning organizmga kirishini osonlashtiradi. Ayrim tadqiqotlar esa havo ifloslanishi immun tizimini “qayta dasturlab”, oddiy omillarga nisbatan ham nooʻrin reaksiya uygʻotishi mumkinligini koʻrsatmoqda.
Aksirish orqali yuqishi mumkin boʻlgan kasalliklar qatoriga shamollash, gripp, COVID-19, sil, shuningdek qizamiq, qizilcha, suvchechak, respirator-sinsitial virus, bezgaksimon isitma va adenovirus infeksiyalari kiradi. Agar inson kasal boʻlsa, aksirishni salfetka bilan toʻsish yoki bilak bilan ogʻizni yopish tavsiya etiladi. Zarurat tugʻilganda FFP2 niqob taqish ham samarali chora hisoblanadi.
Mutaxassislarning taʼkidlashicha, aksirish koʻp hollarda xavotirli belgi emas. U iflos havo, allergiya yoki oddiy bezovtalik natijasi boʻlishi mumkin. Agar boshqa jiddiy alomatlar kuzatilmasa, aksirishning oʻzi katta xavf tugʻdirmaydi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- 1-mart — Zulfiya tavallud topgan kun. “Bugun tunda kelarmish bahor”
- Nodirbek Abdusattorov Pragadagi shaxmat festivalida chempionlikni qoʻlga kiritdi
- Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi Prix Versailles talqiniga koʻra 2026-yilning dunyodagi eng goʻzal muzeylari roʻyxatiga kiritildi
- Endilikda yoʻlovchi bojxona deklaratsiyasini mobil ilova orqali elektron shaklda topshirish mumkin
- Matchanov Umirzak Seitjanovichning iqtisodiyot fanlari boʻyicha falsafa doktori (PhD) dissertatsiya himoyasi eʼloni
- Eronning hujum salohiyati 50 foizga qisqardi – AQSH senatori
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring