Toshloqda mikro GESlar quriladi

13:51 23 Avgust 2024 Jamiyat
53 0

Botir MADIYOROV/“Xalq soʻzi”. Toshloq tumanida tadbirkorlikni zamonaviy mezonlar asosida rivojlantirish borasida keng koʻlamli chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqilgan boʻlib, kichik sanoat zonalari hamda har bir mahallada istiqbolli loyihalar amalga oshirilmoqda.

Ayni paytda tumanning “Qanjirgʻa”, “Mehnatobod” va “Besarang”mahalla fuqarolar yigʻinlari hududida turkiyalik sarmoyadorlar bilan hamkorlikda kichik quvvatli suv elektr stansiyalari (mikro GESlar) bunyod etilishi rejalashtirilmoqda.

Loyihaning umumiy qiymati 4 mln. dollar boʻlib, mikro GESlar ushbu mahallalardan oqib oʻtuvchi soylarda tashkil etilishi va shu orqali hudud aholisini elektr energiyasiga boʻlgan ehtiyojini toʻliq qoplash maqsad qilingan.

Kuni kecha Toshloq tumanidagi yangi loyihalar bilan tanishgan Fargʻona viloyati hokimi turkiyalik mutaxassis bilan suhbatlashib, bunday mikro GESlarni viloyatning boshqa hududlarida ham qurish uchun barcha tabiiy qulayliklar yetarli ekanini taʼkidladi. Shuningdek, muloqot davomida umumiy qiymati 4,8 mlrd. soʻm boʻlgan 1 MVtli quyosh fotoelektr stansiyasi barpo etish loyihasi taqdimoti ham oʻtkazildi.

— Yaqin istiqbolda har bir mahallani ishsizlikdan xoli hududga aylantirish koʻzda tutilgan, — deydi Toshloq tuman hokimi Abduqahhor Joʻraboyev. — Ezgu tashabbuslar ijobati yoʻlida tadbirkorlik tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash, qulay infratuzilma yaratish muhim ahamiyatga ega.

Tadbirkorlik subyektlari yilning toʻrt faslida ham uzluksiz ravishda muqobil energiya manbalari bilan taʼminlanishi mahsulot sifatini yaxshilash, tannarxini arzonlashtirishda imkon yaratadi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер