Xalqaro kongress yakunlandi

16:55 26 Avgust 2024 Jamiyat
225 0

Foto: Akmal Muhammadov / “Xalq so‘zi”

Xabaringiz bor, joriy yilning 23-26 avgust kunlari mamlakatimizda “Buyuk ajdodlar merosi — uchinchi Renessans asosi” mavzusida VIII xalqaro kongress o‘tkazildi. Ushbu nufuzli anjuman O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, O‘zbekiston madaniy merosini o‘rganish, saqlash va ommalashtirish bo‘yicha Butunjahon jamiyati (WOSCU) tomonidan bir qator tashkilotlar bilan hamkorlikda tashkil etildi. Unda 35 davlatdan 300 ga yaqin olimlar, ekspertlar, tadqiqotchilar qatnashdi.

Kongress ochilish marosimida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning anjuman qatnashchilariga yo‘llagan tabrigi o‘qib eshittirildi.

Xalqaro kongress davomida  7 ta shoʻba yig‘ishi, 1 ta forum, 4 ta plenar majlis, 13 ta ilmiy panel yig‘ilishi, 4 ta eksklyuziv ko‘rgazma tashkil etildi, 300  dan ortiq ilmiy ma’ruzalar tinglandi. 

Ma’lumki, Islom sivilizatsiyasi markazi va WOSCU homiyligida amalga oshirilayotgan loyihalar muhim madaniy, ilmiy va texnologik tashabbuslarni o‘z ichiga oladi. Shu ma’noda VIII kongress tadqiqotlar va yangiliklar muhokama qilingan platformaga aylandi, desak, mubolag‘a bo‘lmaydi. Xususan,  «114 qur’on», «O‘zbekiston qur’onlari», «O‘zbekistonning nodir qo‘lyozma durdonalari»  kabi loyihalar taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Bundan tashqari, “O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida” an’anaviy (71-80-jildlar) turkumining 10 ta yangi jildi taqdimoti ham ishtirokchilarda katta qiziqish uyg‘otdi.

“Buyuk ajdodlar merosi — uchinchi Renessans asosi” mavzusidagi VIII xalqaro kongress yakunida O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining yangilangan konsepsiyasi, keyingi yillarga mo‘ljallangan “Yo‘l xaritasi” qabul qilindi.  Chet ellik bir guruh olimlar WOSCUning “Oltin kitob” xalqaro mukofoti bilan taqdirlandi. 

Dunyoning 300 ga yaqin olimlari an’anaviy tarzda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga murojaatnoma yo‘llashdi. Ushbu murojaatnomada  davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev boshchiligida joriy etilayotgan ko‘p qirrali islohotlar, jumladan, mamlakatning ochiqligi va xalqaro munosabatlarni rivojlantirish, fuqarolik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash tufayli O‘zbekiston madaniy merosini qayta tiklash va ommalashtirish bo‘yicha keng ko‘lamli loyihalarni amalga oshirish imkoni yaratilayotgani qayd etildi.

 “Buyuk ajdodlar merosi — uchinchi Renessans asosi” mavzusidagi VIII xalqaro kongressning Samarqand Deklaratsiyasi qabul qilindi. Unda kongress ishtirokchilari Yangi O‘zbekiston beqiyos merosga, yuksak ilmiy salohiyatga ega davlat sifatida xalqaro maydonda o‘z mavqeini ishonch bilan mustahkamlayotganini e’tirof etdi.

Abdulaziz YO‘LDOSHYeV

(«Xalq so‘zi»)

Foto: Akmal Muhammadov / “Xalq so‘zi”

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер