Germaniya Oʻzbekistonning asosiy va vaqt sinovidan oʻtgan, ishonchli hamkorlaridan biri

16:36 01 May 2023 Siyosat
1036 0

Joriy yilning 28-aprel kuni Toshkentda “Oʻzbekiston — Germaniya: hamkorlikning yangi ufqlari” mavzusidagi konferensiya oʻtkazildi.

Ushbu anjuman Prezident Shavkat Mirziyoyevning Germaniya Federativ Respublikasiga boʻlajak rasmiy tashrifi oldidan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti (SMTI), Markaziy Osiyo xalqaro instituti va Germaniyaning Markaziy Osiyodagi jamgʻarmasi hamkorligida gibrid formatda tashkil etildi. Unda siyosiy-shakllantiruvchi doiralar, parlament aʼzolari, diplomatik korpus, biznes hamjamiyatlari, ikki mamlakat vazirliklari va idoralari vakillaridan iborat obroʻli mutaxassislar guruhi ishtirok etdi. Konferensiyada, shuningdek, Konstitutsiyaviy referendumga kuzatuvchi sifatida taklif etilgan Yevropa, Yaqin Sharq, Osiyo, Amerikaning yetakchi tahliliy markazlari ekspertlari ham qatashdi.

Anjumanda Oʻzbekiston — Germaniya hamkorligining siyosiy-diplomatik, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalarda erishilgan natijalar hamda ikki tomonlama munosabatlarning keyingi istiqbollari yuzasidan fikr almashildi.

Oʻzbekiston — Germaniya munosabatlari soʻnggi yillarda oʻzaro ishonch va amaliy yoʻnalishga ega boʻldi. Xalqaro aloqalar 2017-yildan buyon amalga oshirilayotgan siyosiy islohotlar, mamlakatimiz olib borayotgan ochiq va ishonchli tashqi siyosati tufayli barqaror rivojlanish surʼatini olib, bugungi kunda izchillik kasb etgan. Bunda oliy va yuqori darajadagi siyosiy muloqotning jadallashgani muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Xususan, 2019-yilning yanvar oyida Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Germaniyada rasmiy tashrif bilan boʻldi. Mazkur tashrif yakunlari boʻyicha iqtisodiyot, savdo, moliya, taʼlim, fan va innovatsiyalar sohalarida 80 dan ortiq bitimdan iborat hujjatlar toʻplami imzolandi.

Oʻsha yilning may oyida Germaniya Prezidenti Frank-Valter Shtaynmayer Oʻzbekistonga tashrif buyurdi. Oliy darajadagi konstruktiv siyosiy muloqot 2020-2021-yillardagi pandemiya sharoitida ham davom etdi. Oʻzbekiston Prezident va Germaniya Prezidenti hamda Kansleri bilan 4-marta telefon suhbati boʻlib oʻtdi. Mamlakatlarimiz yetakchilar bitta onlayn sammitda ishtirok etishdi.

Bu jarayonda parlamentlararo aloqalar ham faol rivojlanmoqda. Mamlakatlar parlament delegatsiyalarining 10 dan ziyod oʻzaro tashrifi uyushtirildi. Muntazam ravishda vazirliklararo siyosiy maslahatlashuvlar oʻtkazilmoqda.

Germaniya Oʻzbekiston mustaqilligini birinchilardan boʻlib tan olgan davlat sifatida bizni demokratik huquqiy davlat, ijtimoiy yoʻnaltirilgan bozor iqtisodiyoti asoslarini rivojlantirishda har tomonlama qoʻllab-quvvatlayapti. Mamlakatimiz bilan oʻzaro manfaatli hamkorlikka nisbatan qiziqish Germaniyaning yurtimizdagi Konrad Adenauer, Fridrix Ebert, Xans Zaydel nomidagi ijtimoiy-siyosiy jamgʻarmalari hamda Xalqaro huquqiy hamkorlik fondi, shuningdek, Gyote nomidagi institut, Germaniya universitetlari assotsiatsiyasi, Germaniya akademik xizmati, Xorijdagi maktablar boshqarmasi nemis tili boʻyicha koordinatori byurosi singari taʼlim tuzilmalarining keng vakilligida namoyon boʻlgan. Mazkur tuzilmalar oʻzaro manfaatli barcha sohalarda muloqot va hamkorlikni izchil rivojlantirish uchun mustahkam platforma yaratgan.

Bundan tashqari, 2017-yildan boshlab Oʻzbekiston — Germaniya ishbilarmonlar kengashi faoliyati sezilarli darajada faollashdi. Kengash majlislari Frankfurt, Berlin, Myunxen va Gamburgda oʻtkazildi. Soʻnggi 5 yil ichidagi tashriflar doirasida respublikamiz delegatsiyasi Bavariya federal yeri rahbari M. Zeder, Germaniya mehnat va ijtimoiy masalalar vaziri X. Xayl, shuningdek Germaniya ishbilarmon doiralari vakillari bilan qator muzokaralar oʻtkazdi.

— Mazkur konferensiya Oʻzbekiston Prezidentining Germaniyaga rasmiy tashrifi arafasida oʻtayotgani katta ahamiyatga ega. Shu oʻrinda qayd etish kerak, Germaniya, shubhasiz, Oʻzbekistonning asosiy va vaqt sinovidan oʻtgan, ishonchli hamkorlaridan biri, — deydi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti direktori Eldor Aripov. — Oʻzbekiston mustaqilligini birinchilardan boʻlib tan olgan Germaniya barqaror rivojlanish va suverenitetni mustahkamlashda bizga samarali yordam koʻrsatayotganini juda qadrlaymiz. Soʻnggi yillarda mamlakatlarimiz oʻrtasidagi hamkorlik yanada izchil tus oldi. Bugungi kunda Germaniya Oʻzbekistonning eng yirik beshta savdo va investitsiya hamkorlari qatoriga kiradi. Oʻtgan oʻttiz yil ichida birinchi marta Oʻzbekiston va Germaniya oʻrtasidagi tovar ayirboshlash hajmi bir milliard dollardan oshdi. Oʻzbekistonda nemis biznesining mavjudligi oʻsib boryapti. Shunga mos ravishda oʻzlashtirilgan nemis investitsiyalari hajmi 700 milliondan 1.5 milliard dollargacha, yaʼni ikki baravar koʻpaydi. Germaniya Oʻzbekiston iqtisodiyotini modernizatsiya qilish uchun zarur boʻlgan zamonaviy mashina va uskunalarning eng yirik yetkazib beruvchisi hisoblanadi. Investitsiyalar, avvalo, xom ashyoni qazib olish va qayta ishlash, qurilish materiallari yetkazib berish, ishlab chiqarish, farmatsevtika, meva- sabzavot, kon-ruda, kimyo sanoati, energetika kabi iqtisodiyotimizning asosiy tarmoqlariga yoʻnaltirilgan.

— Soʻnggi yillarda Oʻzbekiston yangi davrga qadam qoʻymoqda. Jamiyatning barcha jabhalarida oʻzgarishlar roʻy bermoqda, bu oʻzgarishlar va yangi tendensiyalarning butun bir kaleydoskopidir, — deydi Germaniya Federativ Respublikasining Oʻzbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Tilo Klinner. — Oʻzbekiston va Germaniya oʻrtasidagi munosabatlarning iqtisodiy, madaniy-gumanitar yoʻnalishlarda rivojlanib bormoqda. Bu jarayonda savdo aylanmasi 107 foizga oshib, investitsiyalar hajmi 1 milliard yevrodan koʻpaygan. Eʼtiborlisi, ikki tomonlama hamkorlik faqat iqtisodiyot bilan cheklanib qolmagani, fan va madaniyat sohalari ham jadal rivojlanmoqda. Oʻzbekistonlik talabalar va maktab oʻquvchilarining nemis tilini oʻrganishga boʻlgan qiziqishi katta. Shuning uchun Germaniya bu boradgi aloqalarni ham jadalashtirishga eʼtibor qaratadi. Bu jarayonja nemis tilini oʻrganuvchilar sonini koʻpaytirish maqsadida buni yangi bosqichga koʻtarishga harakat qilyapmiz.

Taʼkidlash joizki, Germaniya islohotlarimiz izchil rivojlanishi darajasini va taraqqiyotimiz istiqbolini eʼtirof etib, Oʻzbekistonga moliyaviy-texnik yordam koʻlamini kengaytirmoqda. Hamkorlikning madaniy-gumanitar yoʻnalishi ham ijobiy manzara kasb etgan. Soʻnggi yillarda Oʻzbekistonda nemis madaniyati va tilini oʻrganishga qiziqish ortdi. 2016-yil maktablarimizda 236 ming oʻquvchi nemis tilini oʻrgangan boʻlsa, bugungi kunda bunday oʻquvchilar soni 500 mingga yaqinlashgan. Oʻzbek yoshlari nemis tilini oʻrganadigan umumiy va oʻrta maxsus taʼlim muassasalari soni 950 tadan 1 300 ga yetdi. Germaniyaning turli oliy oʻquv yurtlari va ilmiy markazlarida 700 dan ziyod oʻzbek talabasi, aspirant va doktoranti tahsil olmoqda.

— Iqtisodiyotni liberallashtirish siyosati orqali mamlakatimizdagi ishbilarmonlik muhitini yaxshilash germaniyalik investorlarni jalb qilmoqda, — deydi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti direktorining birinchi oʻrinbosari Akromjon Neʼmatov. — Bugungi kunda Oʻzbekistonda 31 ta Germaniya kompaniyasi vakolatxonasi roʻyxatdan oʻtgan. Ushbu davlat kapitali ishtirokidagi korxonalar soni 219 taga yetdi, oʻnlab qoʻshma loyihalar amalga oshirilmoqda. 2016-yildan boshlab “Siemens”, “BASF”, “Thyssen Group”, “Roland Berger”, “Adidas Group”, “Papenburg”, “Falk Porsche” kabi yirik kompaniyalar Oʻzbekiston bozoriga kirib keldi.

Mamlakatlarimiz oʻrtasida energetika sohasida ham aloqalar izchillik kasb etgan. Germaniyaning nufuzli “Siemens Energy”, “Viessman” kompaniyalari hamkorligida elektrostansiya qurish, mutaxassis tayyorlash, muqobil energetikani tatbiq etish, Fargʻona va Surxondaryo viloyatlarida suv taʼminoti, transport infratuzilmasi, qishloq xoʻjaligi va chorvachilikni rivojlantirishga yoʻnaltirilgan qator loyihalar rejalashtirilgan.

Oʻzbekistonning nemis bozorini kashf etish faollashmoqda. 2022-yil Oʻzbekiston tovarlari eksporti ilk bor rekord natijani qayd etidi — 88,9 million dollar. Eksport qilinayotgan asosiy tovarlar tarkibini meva-sabzavot, tayyor toʻqimachilik va sanoat mahsulotlari, turli xizmatlar tashkil qildi.

Toshkentning konstruktiv mintaqaviy siyosati tufayli Germaniya va Markaziy Osiyo mamlakatlari ishtirokida hamkorlikning yangi ufqlari belgilab olingan. Mintaqaning barcha davlatlari oʻrtasidagi ochiqlikni, muloqotni qoʻllab-quvvatlash respublikamizning asosiy tamoyilidir. Oʻzbekiston va Germaniya global va mintaqaviy yoʻnalishda, xususan, terrorizm va ekstremizmga qarshi kurash, narkotik savdosi, iqlim oʻzgarishi, mintaqaviy xavfsizlik masalalarida umumiy yoki oʻxshash yondashuvga amal qilmoqda. Berlin Oʻzbekistonning mintaqadagi yaxshi qoʻshnichilik siyosatini toʻliq qoʻllab-quvvatlaydi. Bu Yevropa Ittifoqining 2019-yilda Markaziy Osiyo uchun yangilangan strategiyasi va yangi “Global Gateway” strategiyasida aks etgan. Ushbu hujjatlar koʻp qirrali munosabatimizni mustahkamlash, Markaziy Osiyo davlatlarining infratuzilmaviy rivojlanishi, shuningdek, xalqaro ishlab chiqarish-logistika zanjiri va transport yoʻlaklariga integratsiyalashuvni kuchaytirishda muhim ahamiyat kasb etdi.

Markaziy Osiyo barqaror rivojlanish uchun oʻzaro bogʻliq maydonga aylanib, yirik bozor sifatida Germaniyaning hududga qiziqishini oshirmoqda. Oʻz navbatida, integratsiya jarayonini yanada mustahkamlash uchun mintaqa mamlakatlari Yevropa Ittifoqi, birinchi navbatda Germaniya bilan hamkorlikni rivojlantirishdan manfaatdor. Bu Markaziy Osiyoning resurs-xom ashyo, ishlab chiqarish, transport-logistika va intellektual salohiyatini toʻliq roʻyobga chiqarish, global qoʻshilgan qiymat zanjiriga integratsiya, nafaqat mintaqada, balki tashqarida ham barqaror rivojlanish, xavfsizlik va barqarorlikni taʼminlashning muhim omili sifatidagi mintaqaviy subyektivligini mustahkamlash imkonini beradi.

Oʻzbekistonning Afgʻonistonni mintaqaviy iqtisodiy jarayonga jalb etish borasidagi saʼy-harakati alohida eʼtiborga loyiq. Bu mintaqalar aro aloqani rivojlantirmoqda. Umuman, Oʻzbekiston rahbarining Germaniyaga tashrifi arafasida bunday muhim konferensiya oʻtkazilishi kun tartibidagi koʻplab dolzarb masalalarni muhokama qilish imkonini berdi. Anjumanda ishlab chiqilgan taklif, tavsiyalar mamlakatlarimiz oʻrtasidagi yangi ikki tomonlama kelishuvlarga asos boʻlishi shubhasiz.

Fazliddin ABILOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?