Toshkentda mehnat migratsiyasi boʻyicha birinchi xalqaro forum boʻlib oʻtdi
2022-yilning 22-23-noyabr kunlari Toshkent shahridagi “International Hotel Tashkent” mehmonxonasida mehnat migratsiyasi boʻyicha birinchi xalqaro forum boʻlib oʻtdi.
Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi, 20 ga yaqin xalqaro tashkilotlar, 100 ga yaqin xorijiy salohiyati ish beruvchilar, xalqaro ekspertlar va OAV vakillari ishtirok etgan mazkur tadbirda Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining imkoniyatlari va oʻzbekistonlik mehnat migrantlarining huquq va manfaatlarini himoya qilish masalalari yuzasidan olib borilayotgan ishlar haqida axborot berildi. Joriy va kelajakdagi bozor talablariga asoslangan migratsiya siyosati, oʻzbekistonlik mehnat migrantlarining malakasini oshirish tizimi hamda tashkiliy mehnat migratsiyasini tartibga solishga moʻljallangan boshqaruv tizimi hamda turli mamlakatlarning salohiyatli ish beruvchilarini hamkorlikka jalb etish masalalari muhokama qilindi.
Forumda maʼlumot berildiki, soʻngi uch yil davomida migratsiya geografiyasini kengaytirish orqali xorijda ishlash istagida boʻlgan yurtdoshlarimizni dunyoning rivojlangan davlatlariga ishga jalb qilish salmogʻi kengaydi. Ushbu yoʻnalishda xorijning vakolatli davlat tashkilotlari va salohiyatli ish beruvchilari bilan doimiy muzokaralar olib borish natijasida bugungi kunda 30 dan ortiq davlatlarning 480 ga yaqin tashkiloti bilan hamkorlik kelishuvlari imzolanib, Oʻzbekiston fuqarolari tashkillashtirilgan tartibda xorijga ishga joʻnatilmoqda.
Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi 15 dan ortiq Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari, Prezident va Vazirlar Mahkamasi qaror va farmoyishlari hamda boshqa hujjatlar asosida ish olib boradi. Masalan, “Xavfsiz, tartibli va qonuniy mehnat migratsiyasi tizimini joriy qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Prezident qarori bu borada muhim ahamiyatga ega.
Xususan, 2021-2022-yillar davomida xavfsiz, tartibli va qonuniy mehnat migratsiyasi tizimi joriy qilingani natijasida, vaqtincha mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun xorijga chiqib ketayotgan fuqarolarni respublika boʻylab 17 ta “Ishga marhamat” monomarkazi hamda 150 dan ortiq kasb-hunarga oʻqitish markazida 30 ga yaqin kasbga va 10 ga yaqin chet tiliga oʻqitish orqali nazariy va amaliy tajriba olishi, fuqarolarni tashkiliy va qonuniy xorijga yuborish, Xorijda mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan fuqarolarni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi bilan hamkorlikda mehnat migrantlarini huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish borasida amaliy natijalarga erishildi. Xorijdan qaytib kelgan mehnat migrantlariga imkoniyatlar yaratish, yaʼni ularning reintegratsiyasi yuzasidan esa Savdo-sanoat palatasi bilan hamkorlikda “Tadbirkor mehnat migranti” loyihasi ishlab chiqilgan, shu qatorda, mehnat migrantlarining oilalariga moddiy yordam koʻrsatish va ularni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha ham amaliy ishlar olib borilmoqda. Bu maqsadda, hozirda vatandoshlarimizga xizmat qiluvchi “Labour Migration” dasturiy majmuasi, “Call-markazi”, Agentlikning hududiy filiallari va Rossiya Federatsiyasi, Janubiy Koreya, Qozogʻiston va Turkiya davlatlarida vakolatxonalari tomonidan axborot va maslahat xizmatlari koʻrsatiladi.
Shuningdek, xalqaro forum doirasida xorijiy ish beruvchilar oʻrtasidagi tashkil etilgan “Eng yaxshi xorijiy ish beruvchi” tanlovi gʻoliblari taqdirlandi.
Maʼlumot uchun: “Eng yaxshi ish beruvchi” nominatsiyasi boʻyicha Turkiyaning “Renaissance Heavy Industries”, Angliyaning “Pro-Force Ltd”, Rossiyaning “Povoljskoye stroitelnoye predpriyatiye” tashkilotlari, “Chet tili va kasbiy taʼlim dasturlarini joriy etuvchi eng yaxshi hamkor” nominatsiyasi boʻyicha Shveysariyaning “Globogate Cocept AG” tashkiloti, “Oʻzbekiston fuqarolari uchun ijtimoiy imtiyozlar taqdim etuvchi eng yaxshi hamkor” nominatsiyasi boʻyicha Germaniyaning “ConsultingUz”, Rossiyaning “KAMAZ” va “Velesstroy” tashkilotlari, “Tashkillashtirilgan, xavfsiz va qonuniy migratsiya tizimini joriy etgan eng yaxshi hamkor” nominatsiyasi boʻyicha Janubiy Koreyaning “Human Resources Development Service” tashkiloti gʻolib deb topilib, taqdirlandi.
Tadbirda ishtirokchilar oʻrtasidagi doʻstlik aloqalarni qoʻllab-quvvatlash va rivojlantirish maqsadida G2B, B2B uchrashuvlar, fuqarolarni kasb-hunar va xorijiy tillarga oʻqitishda olib borilayotgan amaliy ishlar bilan tanishtirish maqsadida Toshkent shahridagi “Ishga marhamat” monomarkaziga ekskursiya tashkil etildi.
Forum doirasida xorijda ishlash istagida boʻlgan Oʻzbekiston fuqarolarini chet davlatlarga ishga jalb qilish boʻyicha 6 ta davlatning 20 ga yaqin ish beruvchi hamda rekruting agentliklari va Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi oʻrtasida kelishuvlar imzolandi.
Maʼlumot uchun: Germaniyaning “Context GmbH” tashkiloti bilan tibbiyot, mehmonxona biznesi, non va goʻsht mahsulotlarini tayyorlash sohasiga, “Allround Persolleasing GmbH Co.KG” tashkiloti bilan logistika sohasiga, Polshaning “PLKP Polska Grupa Górnicza S.A” tashkiloti bilan qurilish sohasiga, “Gremi Personal Gdansk. Recruit Company” tashkiloti bilan ishlab chiqarish va xizmat koʻrsatish sohalariga, Chexiyaning “Staffeo” tashkiloti bilan qurilish sohasiga, Kanadaning “Work Global Canada Inc.” tashkiloti bilan qurilish va mehmonxona biznesi sohasiga, BAAning “VHOTEC International Academy LLC FZ” tashkiloti bilan mehmonxona biznesi sohasiga, Rossiyaning “Tatneft“, “Ozon Komyuniti”, “Eko-Cervis”, “Nijniy Novgorod”, “SK-Provil”, “UFA EkspoLes”, “AgroStandart”, “PEK”, ”Teplichnыy Kombinat Nijegorodskiy“, ”RSK“, ”Avangard“, ”RegionStroy“, ”Stroyindustriya" tashkilotlari bilan qurilish, ishlab chiqarish va xizmat koʻrsatishning turli sohalariga fuqarolarni ijga jalb qilish boʻyicha kelishuvlar imzolandi.
Shuningdek, forum doirasida Angliya, Bolgariya, Germaniya va Rossiya ish beruvchilari tomonidan xorijda ishlash istagida boʻlgan fuqarolar oʻrtasida tanlovlar ham tashkil etildi.
Taʼkidlash joizki, mazkur forum nafaqat Oʻzbekistondagi mehnat migratsiyasi sohasidagi yutuqlar toʻgʻrisida, balki ushbu yoʻnalishni rivojlantirishda koʻrilayotgan chora-tadbirlar, shuningdek, chet ellik mutaxassislar tomonidan olib borilayotgan tajribalar boʻyicha fikr almashish yuzasidan axborot va muhokama platformasi boʻlib xizmat qiladi.
Shu bilan birga, xorijiy ish beruvchi va rekruting agentliklari bilan erishilgan kelishuvlar kelgusida xorijda ishlash istagidagi yurtdoshlarimizni dunyoning rivojlangan davlatlariga manzilli ishlarga jalb qilish hajmini oshirish imkonini beradi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Sobiq bosh vazir uzoq muddatga qamaldi
- Tinchlik sulhi shartlari bajarilmoqda: Gʻazo 3 nafar, Isroil 90 nafar mahbusni vataniga qaytardi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirishga oid muhim qarorni imzoladi
- Turkiyada qalbaki alkogoldan yana 3 nafar oʻzbekistonlik hayotdan koʻz yumdi
- Oʻzbekistonda 2025-yil 1-apreldan elektr energiyasi va gaz narxlari oshiriladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring