Toshkentda Xalqaro Yer kuni nishonlandi

17:25 19 Aprel 2024 Jamiyat
839 0

Foto: “Xalq soʻzi”

Poytaxtimizda Xalqaro Yer kuniga bagʻishlangan «Yerlar degradatsiyasiga qarshi kurashishning intensiv va innovatsion yechimlari» mavzusida xalqaro konferensiya boʻlib oʻtdi.

Tadbir Birlashgan Millatlar Tashkilotining Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi tashkiloti (FAO) tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi va «Oʻzdaverloyiha» davlat ilmiy loyihalash instituti hamkorligida tashkil etildi.

Xalqaro Yer kuni BMT Bosh Assambleyasining 63-sessiyasida tasdiqlangan va har yili 22-aprel kuni dunyoning 50 dan ortiq mamlakatlarida nishonlanadi. Ushbu tadbir hozirgi va kelajak avlodlarning iqtisodiy, ijtimoiy va ekologik ehtiyojlari oʻrtasidagi muvozanatga erishish uchun atrof-muhitni muhofaza qilish hamda tabiat bilan uygʻunlik muhimligini taʼkidlaydi.

Soʻnggi yillarda Oʻzbekistonda iqlim oʻzgarishi sababli yanada kuchayib borayotgan yer degradatsiyasiga qarshi kurashishga katta eʼtibor qaratilmoqda. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yilda «Yer degradatsiyasiga qarshi samarali kurash tizimini yaratish chora-tadbirlari toʻgʻrisida» gi qarori qabul qilingan boʻlib, mazkur hujjatda yer degradatsiyasiga qarshi kurashish va uning salbiy oqibatlarini yumshatish, hududlarda choʻllanish va qurgʻoqchilikning oldini olish, bioxilma-xillikni saqlash, innovatsiyalardan keng foydalangan holda barqaror rivojlanishiga erishish boʻyicha bir qator muhim vazifalar belgilab berildi.

FAO Oʻzbekistonda ham ushbu yoʻnalishda qator loyihalarni amalga oshirmoqda. Global ekologik jamgʻarma (GEF) tomonidan moliyalashtirilayotgan «Oʻzbekistonda oziq-ovqat tizimlarining yerdan foydalanish va qayta tiklashga taʼsirini baholash dasturi» («FOLUR») va «Oʻzbekistonning qurgʻoqchilikka uchragan ekotizimlarida yaylovlar va oʻrmonlarni barqaror boshqarish» loyihalari shular jumlasidandir.

«FOLUR loyihasi Oʻzbekistonning 2020-2030-yillarga moʻljallangan qishloq xoʻjaligini rivojlantirish strategiyasiga mos boʻlib, unda asosiy eʼtibor agro-oziq-ovqat tarmogʻini modernizatsiya qilish, yer degradatsiyasini kamaytirish va atrof-muhitni muhofaza qilish, hamda qishloq hududlarini rivojlantirish dasturlarini amalga oshirishga qaratilgan. Loyiha, shuningdek, oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlashga, shu bilan birga, aholining xavfsiz ovqatlanish tizimini takomillashtirishga yoʻnaltirilgan», — deydi loyiha koordinatori Aziz Nurbekov.

Xalqaro yer kuni munosabati bilan «FOLUR» loyihasi doirasida FAO va Qurgʻoqchil mintaqalarda qishloq xoʻjaligi ilmiy-tadqiqotlari xalqaro markazi (ICARDA) oʻrtasida bugʻdoy yetishtirishda yer degradatsiyasining neytral muvozanati va iqlim uchun xavfsiz agrotexnik tadbirlarni ishlab chiqish va amalga oshirish boʻyicha kelishuv imzolandi.

Konferensiya doirasida, shuningdek, FAO/GEFning Oʻzbekistonda yer degradatsiyasining neytral muvozanatiga erishishga qaratilgan «Oʻzbekistonning qurgʻoqchilikka uchragan ekotizimlarida oʻrmonlar va yaylovlarni barqaror boshqarish» loyihasining texnik ishchi guruhining yigʻilishi ham boʻlib oʻtdi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?