Toshkentda diplomatik missiyalar oʻrtasida madaniy anʼanalar va milliy taomlar XIX xayriya festivali boʻlib oʻtdi

17:24 03 Iyun 2023 Jamiyat
524 0

Poytaxtimizdagi Mirzo Ulugʻbek nomidagi markaziy istirohat bogʻida Oʻzbekistonda akkreditatsiyadan oʻtgan diplomatik missiyalar oʻrtasida madaniy anʼanalar va milliy taomlar XIX xayriya festivali boʻlib oʻtdi.

Festivalda Ozarbayjon, Afgʻoniston, Misr, Belarus, Hindiston, Italiya, Indoneziya, Saudiya Arabistoni, Janubiy Koreya, Kuvayt, Qirgʻiziston, Qozogʻiston, Malayziya, BAA, Falastin, Rossiya, Ruminiya, Tojikiston, Turkiya, Oʻmon, Chexiya, Shveysariya va boshqa davlatlar oʻzlarining boy milliy koloritini namoyish etdi.

Tadbirning tantanali ochilish marosimida, Oʻzbekiston TIV huzuridagi Diplomatik korpusga xizmat koʻrsatish byurosi 2000-yildan buyon madaniy anʼanalar va milliy taomlar festivalini oʻtkazib kelayotgani, u mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan elchixonalar oshpaz xodimlarining muhim tadbirlaridan biriga aylangani taʼkidlandi.

Oʻzbekiston tashqi ishlar vazirining oʻrinbosari Gʻayrat Fozilov oʻz nutqida, anʼanaviy tarzda oʻtkazib kelinayotgan mazkur festival mamlakatimiz madaniy hayotini mazmunan toʻldirib, poytaxtimiz aholisi va mehmonlariga festivalda ishtirok etayotgan mamlakatlar madaniyati hamda turizmi bilan yaqindan tanishish imkonini berishini, shuningdek, madaniyat va sayyohlik sohalarining rivojlanishiga xizmat qilishini bildirdi.

Festivalda xorijiy davlatlarning keng turdagi milliy taomlari namoyishi bilan bir qatorda folklor-etnografik jamoalar oʻz sanʼatini namoyish etdi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?